Bugungi kun o‘quvchilarining ma’naviyati, ma’rifatini yuksaltirishda eng zamonaviy usullardan foydalanish talabi pedagog kadrlarni soxaga oid yangiliklarni
doimiy o‘rganishga, izlanishga undamoqda. O‘quvchilarni tegishli mavzularni o‘zlashtirishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirib borishda Sharq va G‘arb
pedagogikasining o‘ziga xos jihatlarini o‘rganish, yoshlarga beriladigan nazariy bilimlarni amalda qo‘llash kompetensiyalarini shakllantirishga erishish dolzarb
vazifalardan biridir. Bu va bu yo‘nalishdagi boshqa muhim vazifalarning me’yoriy-
xuquqiy xujjatlarda aks ettirilishi va bu yo‘nalishdagi qonunlar va normativ xujjatlarning takomillashuvi muhim ahamiyatga egadir.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda jamiyat hayotining ma’naviy-ma’rifiy asoslarini mustahkamlash, milliy istiqlol g‘oyasining asosiy tushuncha va tamoyillarini hayotga joriy etish, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun daxldorlik va mas’uliyat hissini oshirish, yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishga yo‘naltirilgan targ‘ibot tizimi shakllandi. Bu jarayonda muayyan me’yoriy xujjatlar shakllanib, takomillashib borayotganligini qayd etish lozim.
Bugungi kunda dunyoda globallashuv jarayonlari kuchayib, tinchlik va
barqarorlikka qarshi yangi tahdid va xatarlar tobora ko‘payib bormoqda. Bunday murakkab va tahlikali vaziyat sohada amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy baholab, uning faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Xususan, oila, mahalla va ta’lim muassasalarida yoshlar tarbiyasi, chekka hududlar va mahallalarda uyushmagan yoshlar bilan maqsadli g‘oyaviy-tarbiyaviy ishlarning yuzaki tarzda olib borilayotgani, jinoyatchilik, diniy aqidaparastlik, ekstremizm va terroristik harakatlarga adashib qo‘shilib qolish, milliy qadriyatlarga
e’tiborsizlik, erta turmush qurish, oilaviy ajralishlar kabi salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlarining aksariyat hollarda kutilgan natijani bermayotgani bu masalalarga jiddiy e’tiborni talab etmoqda.
Ana shu maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda, tarbiya soxasidagi ishlarining mazmun-mundarijasini tubdan yaxshilash, ularning ko‘lami va miqyosini kengaytirish, tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan soha xodimlarining bilim va malakasini izchil oshirib borish, sohada faoliyat olib borayotgan muassasa va tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish va ularning samarasini oshirish, bu boradagi me’yoriy xujjjatlarni takomillashtirib borish, tarbiya fani o‘qituvchilarini ushbu xujjatlar mazmuni bilan tanishtirish va ularni bu boradagi takliflarini o‘rganish muhim vazifalardan xisoblanadi.
O‘zbekiston maktablarida o‘quvchilarning milliy tuyg‘ulariga bevosita bog‘liq bo‘lgan milliy g‘ururni, millatlararo muloqot madaniyatini, O‘zbekiston vatanparvarligini, vijdoniylikni, milliy odobni va milliy mafkuraviy onglilikni shakllantirish yetakchi vazifalar sifatida belgilandi. Prezidentimizning yuqoridagi fazilatlarning hozirgi avlodlarda yetarli darajada shakllanmaganligi islohot sifati va sur’atiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligi haqidagi qator fikrlari va ta’lim-tarbiyani tubdan isloh qilish, kadrlar tayyorlashning Milliy dasturi haqidagi Farmon va qarorlari buni tasdiqlaydi. Vaziyat milliy mustaqillikning pedagogik kafolatini ta’minlash uchun milliy, ilmiy pedagogikaning barcha yutuqlarini yosh avlodlarda istiqloliy fazilatlarni shakllantirishga safarbar qilishni taqozo qildi. Yuqoridagi fazilatlarni tarbiyalash, ularga muxolif bo‘lgan millatchilik, mafkurasizlik, beg‘ururlik, Vatan muammolariga e’tiborsizlik, odobsizlik, vijdonsizlik va h.k.) kabi milliy xavfsizligimizga tahdid soluvchi ichki tahdidlarning oldini olish barcha O‘zbekiston maktablarida maxsus, ilmiy asoslangan, maqsadga yo‘naltirilgan, maktab va oila, mahalla, maktabdan tashqari muassasalarning uzviy hamkorligiga asoslanuvchi jarayonga aylantirilmog‘i kerak.
Mustaqil O‘zbekiston – milliy Davlat sifatida o‘z yo‘liga, mafkurasiga, ma’naviyat sohasida ustivor siyosatiga ega. U milliy tarixiy turmush tarzimiz, xalq urf-odatlari, an’analar, kishilarning fikrlash tarzini, Islom ahloqiy qadriyatlarning,
psixologiyaning milliyligini, ko‘pmillatlilik kabi ijtimoiy xususiyatlarini o‘zida mujassam qildi. Ya’ni, jahon taraqqiyoti tizimida O‘zbekistonning nafaqat bozor iqtisodiyotiga o‘tishda, balki uning tarbiyaviy siyosatida betakror va boy an’analarga to‘la o‘z yo‘li borligini va uni ishga tushirish zaruratini belgiladi.
Har bir xalqqa, demak o‘zbek xalqiga ham xos bo‘lgan milliy tarbiya insonparvarona maqsad va mohiyatga ega. Hech bir xalq millatchi emas. Millatchilik yoki manqurtlik o‘z va o‘zga xalqlarning milliy ma’naviy qadriyatlaridan begona, milliy tuyg‘ulari stixiyali shakllangan – milliy tarbiyalanmagan kishilardagina namoyon bo‘ladi.
Milliy tarbiya jarayoni har bir ota-onaning, mahallaning, mustaqil O‘zbekiston va uning hukumatining har bir o‘zbekistonlik maktab o‘quvchisidan kutayotgan ijobiy fazilatlar majmuasini shakllantiradi. Milliy g‘urur, O‘zbekiston vatanparvarligi, milliy odob, millatlararo muloqot madaniyati, vijdoniylik, milliy mafkuraviy onglilik fazilatlari mustaqillikni mustahkamlashning doimiy zarurati sifatida belgilandi.
Milliy tarbiyaning samaradorligi bo‘lajak o‘qituvchilar va o‘qituvchilarning mazkur faoliyatiga rahbarlikka maxsus yo‘naltirilganligiga bog‘liqdir.
Maktab, oila, mahalla, turar joylar, maktabdan tashqari muassasalarning milliy tarbiyaviy hamkorligi, milliy tarbiya samaradorligi shartlaridan biridir.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining milliy tarbiyaviy muvaffaqiyatlari bu
maktablardagi tobora milliylashayotgan ta’lim mazmunidan milliy tarbiyaviy maqsadlarda foydalanishni takomillashtirishga bog‘liq.
Har qanday tarbiyaviy yo‘nalish kabi milliy tarbiyaning muvaffaqiyati bu jarayonning ilmiy asosida tashkil qilinishiga – maqsad, vazifa, uslub, vosita, natajaga sistemali yondashuv, ularni o‘rganish, qayd qila borish talablari asosida boyita borilishiga bog‘liq.
O‘quvchilarning yosh, milliy, mahalliy, ruhiy, jinsiy, shaxsiy xususiyatlarini
hisobga olish va tarbiyalanganlik mezonlari, darajalarining amaliyotga joriy qilinishi milliy tarbiya samaradorligini belgilaydi.
Yuqorida qayd etilgan masalalarni bugungi kundagi me’yoriy-xuquqiy xujjatlarimizda aks etishi va tarbiya fani o‘qituvchilarining bu normativ xujjatlar mazmuni bilan tanishib borishlari asnosida o‘z faoliyatlarini shular asosida tashkil etishlari muhim ahamiyatga egadir.