Kuprit –Cu2O. Mineral nomi yunoncha «kuprum» – mis so`zidan kelib chiqqan. Tarkibida mis miqdori – 88,8% ni tashkil etadi. Kubik singoniyali. Odatda donador ba`zan xolsimon xillarda uchraydi. Rangi qizil, metall kabi yaltiraydi. Kupritning qattiqligi 3,5-4, solishtirma og`irligi 5,8-6,2. Ulanish tekisligi kub bo`yicha mukammal. Kupritga xos xususiyatlarga olmosdek yaltirashi, qizil rangi. U misning gipergen zonalarida keng tarqalgan bo`lib, bornit, xalkozin, kovellin, aynama ma`dan (bleklaya ruda) lar bilan birga uchraydi.
Korund – Al2O3 . Tarkibida Al – 52,91% va O – 47,09%, aralashma sifatida birozgina xrom bo`lsa rangi qizil tusli, Fe+3 – jigar rang, Mn – pushti, Ti – aralashsa ko`k va Fe+ qora ranglarda bo`ladi. Korund trigonal singoniyali bo`lib, odatda kristallari to`g`ri tuzilgan ustunsimon, bochkasimon, piramidal ko`rinishlarda uchraydi. Uning rangi ko`kish, sarg`ish-kulrang, ba`zan shaffof bo`ladi. Korundning turli rangli - qimmatbaho xillari ham uchraydi. Ko`k sapfir va qizil rubin. U shisha kabi yaltiraydi. Qattiqligi – 9, solishtirma og`irligi – 3,95-4,0, ulanish tekisligi yo`q. Korund odatda glinozemga boy, kremnezemi kam intruziv jinslarda sienit, anortozitlarda uchraydi, hamda kontakt metasomatik jarayonlarda ham yuzaga keladi, kengroq miqdorda regional-metamorfizm natijasida yuzaga kelgan jinslarda hosil bo`ladi.
Gematit – Fe2O3. Nomi – «gematikos»: rangi qonga o`xshash. Tarkibida Fe – 70%, O – 30%, kam miqdorda Ti bilan Mg ishtirok etadi. U trigonal singoniyali bo`lib, plastinkasimon, romboedrik, ba`zan kichik taxtachasimon kristallar holida uchraydi. Bulardan tashqari zich yaxlit massalar holida, varaq-varaq agregatlarga o`xshash ko`rinishlarda bo`ladi. Gematit rangi – kulrang, qora. Uning chizig`i olchadek qizil, shaffof, ba`zan yarim metall kabi yaltiraydi. Gematitning qattiqligi – 5,5-6,0, solishtirma og`irligi – 5,2, ancha mo`rt bo`ladi. U HCl da sekin eriydi.
Gematit asos, o`rta va nordon intruziv jinslarda paydo bo`ladi, ba`zan gidrotermal jarayonlarda yuzaga keladi. Regional metamorfizm hosilasi kristallik slaneslarda va kontaktli metamorfik jinslarda ko`p uchraydi.
Gematit temir olishda asosiy sanoatbop xom-ashyo hisoblanadi.