Volframatlar va molibdatlar Bu guruhga 15 dan ortiq minerallar kiradi. Ularning aksariyati volfram va molibden kislotalarining tuzlari. Minerallarning asosiy qismini Ca, Fe, kamroq Pb, Mn+2, Cu+2, kationlar tashkil qilib, ba`zan o`zaro izomorf qatorlarini hosil qiladi.
Volframat guruhiga gubnerit – MnWO – ferberit – FeWO4 izomorf aralashma qatori minerallari kiradi. Bularning ko`p xususiyatlari bir-biriga juda yaqin va tabiatda ular keng tarqalgan.
Volframit (Mn,Fe)WO4. Yunoncha «bo`ri ko`pigi» ma`nosini anglatali. Bu mineral bilan aralashgan qalayi ma`danlarini eritganda, qalayi ustida ko`pik paydo bo`ladi. Shuning uchun mineralning nomi shu xususiyati asosida yuzaga kelgan. Ferberit – FeWO4, volframit – (Mn,Fe)WO4, gubnerit – MnWO4 lar izomorf qatorining tarkibi o`zgaruvchan, ularning chegaralari quyidagicha: ferberit – 100-80%, volframit – 80-20% va gubneit – 20,0% ni tashkil etadi. Ular tarkibida ba`zan (Nb,Ta)2O6 – 2,5%, CuO – 1,3% miqdorda aniqlangan.
Volframit monoklin singoniyali, tabiatda qalin tabletkasimon yoki prizmatik qiyofalarda va ba`zan yaxlit yirik donador agregatlar bo`lib uchraydi. Uning rangi - qora, gubnerit qizg`ishroq yoki binafsha rang, ferbergit esa qora bo`ladi. Yaltirashi oynadek, olmosdek, ba`zan yog`langandek tuyuladi. Mineralning qattiqligi – 5,5, solishtirma og`irligi – 7,5 gacha.
Volframit –gipogen mineral kontakt-metasomatik (skarn), greyzenlarda va yuqori haroratli gidrotermal jarayonlarda yuzaga keladi. U ancha barqaror mineral va kon atrofida sochilmalar hosil qiladi. Volframit aksariyat holda kassiterit, vismutli sulfidlar, vismutin, topaz, berill, molibdenit, magnetit, arsenopirit, pirit, jilbertitlar bilan birga assosiatsiyalarda uchraydi (Zabaykalye, Rossiya, Qozog`iston, Ta-yu, Kit-an, Xitoy, Vyetnam, Birma va AQSHning janubiy shtatlari). Volframit WO3 qazib olishda asosiy manbalardan biri.