Kaliy-natriyli dala shpatlari Kaliy-natriy dala shpatlari nordon, o`rta va ishqorli magmatik jinslar uchun mansub minerallar hisoblanadi. Ximiyaviy tarkibiga binoan kaliyli, dala shpatlari (ortoklaz, mikroklin) K[AlSi3O8] va natriyli alьbit Na[AlSi3O8]larning bir-birlari bilan turli munosabatdagi qattiq izomorf aralashmalarini hosil qiladi. Kaliyli dala shpatlari ichki tuzilishiga ko`ra monoklin-sanidin, ortoklaz va triklin-mikroklin va anortoklaz qatorlarini hosil qiladi.
Ortoklaz – tarkibida K2O- 16,9%, Al2O3 – 18,4%, SiO2- 64,7% hamda biroz Na2O, BaO uchraydi. Monoklin singoniyali, ko`rinishi monoklin-prizmatik, kristallar qiyofasi prizmatik hollarda mavjud. Tabiatda shishadek yaltiroq, shaffof, ba`zan och pushti. Qo`ng`ir-sariq ranglarda topiladi. Uning qattiqligi 6-6,5, ulanish tekisligi (001) va (010) bo`yicha mukammal.
Mikroklin kimyoviy tarkibi ortoklazga o`xshash. Triklin singoniyali, simmetriya ko`rinishi pinakoidal. Mayda, o`rta va yirik donador kristallari nordon intruziv jinslarda va ularning pegmatitlarida yirik agregatlar holida topiladi. Odatda rangsiz, shaffof, ammo, yashil turi amazonit deyiladi. Uning qattiqligi 6-6,5, solishtirma og`irligi 6-6,5. Ortoklazga o`xshash nordon va ishqorli intruziv jinslar va pegmatitlar uchun mansub mineral hisoblanadi.
Felshpatitlar Bu guruhga kiradigan minerallar kremniy oksidiga to`yinmagan, kaliy va natriyga boy bo`lgan magmalardan yuzaga keladi. Bu guruhga nefelin, leysit, analsim, nozein, gayuin va sodalitlar kiradi (26-jadval).
Nefelin – Na,K[AlSi3O8]. Nomi yunoncha «nefeli» bulut so`zidan kelib chiqqan. U HCl da osonlik bilan parchalanib, bulutsimon kremniy oksidi hosil qiladi. Nefelin geksagonal singoniyali, simmetriya ko`rinishi geksagonal-piramidal, ishqorli magmatik jinslarda xol-xol bo`lib yuzaga keladi. U rangsiz, odatda kul rang, sarg`ish, yashilroq tuslarda topiladi, shaffof, shishadek, yaltiraydi, singan joylari yog`langandek ko`rinadi. Solishtirma og`irligi 2,6 qattiqligi 5-6 ancha mo`rt. Nefelin deyarli kremnezyomga kambag`al jinslarda-nefelinli – sienitlarda va ularning pegmatitlarida keng tarqalgan. Intruziv jinslarda ishqorli piroksenlar va amfibollar bilan bir paragenetik assotsiatsiyalarda uchraydi.
Leytsit K[AlSi2O6] – yunoncha «leykos» och rangli degan ma`noni anglatadi. Tarkibida K2O 21,5%, Al2O3 23,5%, SiO2 – 55%, biroz Na2O, Ca, H2O ishtirok etadi. Uning singan joylari shishadek, yog`langandek yaltiraydi. Qattiqligi 5-6, mo`rt. Solishtirma og`irligi 2,5 gacha. Leycit vulqon jinslar uchun mansub mineral. U ishqorli piroksenlar egirin, egirin-avgitlar bilan birga uchraydi.