Gapni shakllantirishda ohangning roli. Nutqiy gapning muhim belgilaridan biri uning tugallangan ohangga ega bo’lishidir.
Gapning fikriy va sintaktik tugalligi ohang jihatidan ham tugallik va yaxlitlikni taqozo qiladi: tugallangan ohang fikrning va sintaktik qurilishning tugalligini bildirib turadi. Zero, gap va gap bo’lmagan nutqiy hodisa (so’z, SB) larning muhim farqlaridan biri ham tugal bo’lmagan ohangga ega bo’lishidir. Masalan: 1.Kelgan o’quvchi. 2.Kelgan-o’quvchi. Bu nutqiy hodisalarning birinchisida ohang ko’tariluvchi, ikkinchisida esa tushuvchidir. Ko’rinadiki, birinchi hosila aniqlovchi-aniqlanmish tipidagi birikma bo’lib, u fikr anglatmaydi va bu uning tugal bo’lmagan ohang bilan aytilishini talab qiladi. Ikkinchi hosila (kelgan bola) ham tarkibi jihatdan oldingi hosilaga o’xshaydi, lekin tarkibida kesimlik shakli va ma‘nosi borligi uchun tugal ohang bilan aytiladi. Shu boisdan birinchi qurilma ochiq, yakunlanmagan, ikkinchisi yopiq va tugallangandir. Bir so’zning o’zi ham goh tugal, goh tugallanmagan ohang bilan aytilishi mumkin. Qiyoslang:1.Qish. 2.Qish ...
Demak, so’z yoki birikma fikriy, sintaktik va ohang jihatidan tugallikka ega bo’lib, gap tusiga kiradi.
Ohang nafaqat gapning tugallanganligini, balki gapning turli tiplarini belgilashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Misol sifatida bir so’zni olaylik. Qiyoslang:
A‘lochi.../ A‘lochi./ A‘lochi!/ A‘lochi?/ A‘lochi. !?
Ma‘lum bo’ladiki, bu so’zning atov birligimi yoki gap, gap bo’lsa, qanday tabiatga ega ekanligini nutqda faqat ohang ko’rsatmoqda. So’z yoki SB atov birligi sifatida nutqda gapdan ohang bilan ham farqlanganligi kabi, gapning tiplarini farqlashda ham boshqa omillar bilan birgalikda ohangga tayaniladi. Masalan, Jonim! gapida uning his-hayajon gap ekanligini faqat ohang ko’rsatmoqda. Voy, jonim! gapida esa leksik (voy) va fonetik (ohang) omil hamkorlik qilmoqda. Gapning ifoda maqsadiga ko’ra tiplari (darak, so’roq, buyruq), his-hayajon ifodalanishiga ko’ra turlarini belgilashda, leksik, morfologik omillar ishtirok etishi ham, ishtirok etmasligi ham mumkin, lekin fonetik omilning bo’lishi shart.
Gaplar mundarijasi, shakli va vazifasi jihatidan farqlanadi: Men shaharga boraman. Men shaharga boramanmi? Men shaharga boray. Bu gaplarda so’zlovchining maqsadi turlicha bo’lganligi bois, ular turlicha shakllangan va gapning darak, so’roq va buyruq-istak turlari vujudga kelgan. Bu esa gapning turlicha ohanggiga ega bo’lishini taqozo etadi. Gaplarning grammatik shakllari bir xil bo’lganda ham ularni ohang farqlab turadi. Demak, gapning grammatik shakli turlicha bo’lsa-da, so’zlovchining maqsadi va ohanggi har doim muvofiq bo’ladi.
Yuqoridagi misolda aytilganidek, bir gapda turli xil maqsad ifodalangan bo’lishi mumkin. Masalan, Shaharga boraman! Gapida darak bilan so’zlovchining shodlanishi ham ifodalangan va ular ohang orqali «tasdiqlangan». Ohang qo’shma gap tarkibiy qismlarini bog’lashda ham namoyon bo’ladi. Ko’pincha u grammatik vositalar o’rnini bosish darajasiga ko’tariladi: Biz ishonamiz - ko’nglimiz to’q. Bunda ohang (pauza) ergashtiruvchi bog’lovchi vazifasida qo’llangan.
Gap bo’laklari orasidagi munosabatni ko’rsatishda ham ohang muhim rol oynaydi. Men - men, Sen - sen gaplarida gap bo’lak (ega-kesim) larini farqlashda va ular orasidagi munasabatni ko’rsatishda ham ohang hal qiluvchi rol oynaydi. Yoki: Salim, ukam o’qishga kirdi va Salim ukam o’qishga kirdi gaplarida Salim so’zining (1-gapda) undalma yoki (2-gapda) aniqlovchi ekanligi og’zaki nutqda ohang orqali bilinib turadi.
Gapning sintagmalarga bo’linishi va aktual bo’linish hodisalarda ham ohangning roli katta.
Ohangning sintaksisdagi ahamiyatini bundan-da kengroq bayon qilish mumkin. Tilshunoslikdagi bu muammo bilan nutqiy sintaksisning bir yo’nalishi bo’lgan sintaktik fonetika shug’ullanadi.
Aytilganlar asosida nutqiy gapning asosiy belgilari sifatida quyidagilarni ko’rsatish mumkin:
Gap nisbiy tugal fikr anglatadi.
Gap grammatik shakllangan bo’ladi.
Tugal fikr va sintaktik shaklga muvofiq tugallangan ohangga ega bo’ladi.