O'zbek xalqining milliy ozodlik kurashi 30-yillarning o'rtalariga kelib sovetlar saltanati kuchlari tomonidan shafqatsizlarcha bostirilgan bo'lsada, xalqimizning qalbida, uning ongi shuurida istiqlol uchun, mustaqillik uchun mustamlakachi. kelgindi zolimlarga qarshi kurash g'oyasi zarracha bo'lsada so'ngan emas. Bu kurash dahshatli jahon urushi yillari (1939-1945)da ham, urushdan keyingi davrda ham turli ko'rinish, shakl va usullarda, goh ochiqchasiga, goh yashirincha olib borildi. Ayniqsa bu kurash 80-yillarda o'zining yangi bosqichiga kirdi.
1989-yildan e'tiboran Islom Karimov hokimiyat tepasiga kelgach, uning siyosiy jasorati va kuchli vatanparvarlik, millatparvarlik his-tuyg'ulari tufayli bir qator ijobiy o'zgarishlar ro'yobga chiqarildi va bu mamlakatda vujudga kelgan ijtimoiy-siyosiy tanglikni ma'lum darajada bo'lsada yumshatdi. Islom Karimovning quyidagi so'zlari bu borada e'tiborlidir: «Umuman, men birinchi kotib etib saylanganimda, O'zbekiston xalqi ruhiy shikasta holatida edi. Dcmak, ishni ruhiyatni tuzatishdan boshlash kerak.
Xalq - bu til, demak, qancha yillar mobaynida o'zbek tili o'z yerida ikkinchi toifadagi, iste'molchi uchun majburiy hisoblanmagan til bo'lib keldi, necha yillar davomida o'zbek rusning yonida o'zining tengsizligini, «katta og'a»ga qaramligini his etib keldi. Nima uchun bunga chidash kerak? Biz davlat tili to'g'risidagi qonunni qabul qildik, bu esa ko'z o'ngimizda o'zbeklarning milliy o'zini o'zi anglashini yaxshiladi».