Lug’aviy valentlik. Lug’aviy valentlik biriktiruvchi leksemaning ma‘noviy jihatdan o’ziga mos birikuvchilarni tanlashidir. Masalan, [hangra] leksemasi [qush] leksemasini o’ziga torta olmaydi, [qush] leksemasi [hangra] leksemasidagi birorta ham bo’sh o’ringa tusha olmaydi. Chunki ularda ma‘noviy muvofiqlik mavjud emas. Leksemalar bir-biriga ma‘noviy mos bo’lishi uchun ularning ma‘no strukturalarida o’xshash ma‘no bo’lakchalari - semalari bo’lmog’i lozim. [qush] leksemasi ma‘no tarkibidagi «sayray oladigan» ma‘no bo’lakchasi «sayramoq» leksemasida va «sayramoq» leksemasidagi «qushlarga xos» ma‘no bo’lakchaga qush leksemasida mavjud. Bu ularning birikma hosil qilishga asos bo’la oladi.
Leksemalarning valentliklari tor yoki keng bo’lishi mumkin. Masalan: [hangramoq] leksemasining nima? so’rog’iga javob bo’ladigan valentligi to’ldiruvchisi - [eshak] [xo’tik], [hangi] leksemadaridir. [kishnamoq] leksemasining bunday valentligini to’ldiruvchi unsurlar - [ot], [toy], [bedov], [saman] leksemalaridir. Ba‘zan birikuvchi yoki biriktiruvchi leksemalar ma‘nolari muvofiq bo’lmagani holda ular nutqda birikuvlar hosil qilishi mumkin. Masalan, artist hangradi kabi. Bunda endi me‘yoriy valentlik buzilgan holda namoyon bo’lib, ko’chma, obrazli ma‘no yuzaga chiqadi. Lekin bu sof nutqiy hodisa bo’lib, [hangra] va [artist] leksemalarining lisoniy mohiyatidan joy olmagan. Chunki [artist] leksemasining ma‘no tarkibi «san‘atkor», «qo’shiqchilik-teatrga» semalari bo’lib, unda «hangra» semasi yo’q, [hangramoq] leksemasi «eshakka xos», «ovoz chiqarish» ma‘no tarkibiga ega bo’lib, unda «san‘atkor», «qo’shiqchilikka xos» ma‘no bo’lakchalari mavjud emas.
Biz lug’aviy valentlikni ot va fe‘l turkumlaridan olingan namunalar asosida dalillashga harakat qildik. Lekin lisoniy-lug’aviy valentlik nafaqat ot yoki fe‘lga, balki boshqa so’z turkumlariga ham xosdir.
Sintaktik valentlik. Sintaktik valentlik leksema valentligining ikkinchi tomoni bo’lib, u hokim mavqedagi leksemaning tobe leksemalarni o’ziga tortish uchun ularning ma‘lum bir sintaktik shaklda - kelishik, ko’makchi, ravishdosh, sifatdosh qo’shimchalarini olgan holda bo’lishini talab qilishidir. Bu hokim leksemaning sintaktik mavqei, grammatik shakli tomonidan belgilanadi. Masalan, Xatni yozdi, Xat yozildi sintaktik qurilmalaridagi xatni va xat so’zlarining grammatik shakli bosh so’zning grammatik shakli bilan belgilangan.
Sintaktik valentlik lug’aviy valentlik bilan zich bog’langan bo’lib, ikkinchisi ham o’zgaradi, biri yo’qolsa, ikkinchisi ham bo’lmaydi. Masalan, [etakla] leksemasi jo’nalish kelishigidagi otni o’ziga tortmaydi (Salimga yetakla tarzida). Lekin [etakla] leksemasi orttirma nisbat shakli -t bilan shakllansa, (Salimga) so’z shakli unga tortila oladi. Bunda, [etakla] leksemasining sintaktik valentligi o’zgardi.
Lug’aviy va sintaktik valentliklar o’zaro bog’liq bo’lsa-da, ular tez-tez o’zgarishga uchrab turadi. Masalan, (ashulachi hangradi) birikuvida sintaktik valentlik o’zgarmasdan voqelangan, ammo lug’aviy valentlik yangilangan holda yuzaga chiqqan. Bunday hol ko’chma ma‘no yuzaga chiqqanidan dalolat beradi. (xat yozildi), (xatni yozdi) birikuvlarida ma‘noviy valentlik joyida, biroq sintaktik valentlik o’zgargan. Bu turlicha sintaktik shakllar voqelanganligini ko’rsatadi. Biroq aytilgan har ikkala o’zgarish ham bir yoqlama - yo ma‘noviy, yo sintaktik tabiatga egadir. Agar o’zgarish birdaniga ikki tomonlama - ham lug’aviy, ham sintaktik bo’lsa-chi? Bunda so’z yasalishi sodir bo’ladi. Dalil sifatida [ochmoq] fe‘lining lug’aviy va sintaktik valentliklarini aniqlash orqali bunga amin bo’lish mumkin:
Tegrovchi jinoyatni ochdi.
Jinoyatchi tergovchi tomonidan ochildi.
Amerikani Vespuchchi ochdi.
Gul ochildi.
1- va 2- misollarda [ochmoq] fe‘li valentliklarini to’ldiruvchi so’z (tergovchi)ning ma‘nosi o’zgarmagan, lekin sintaktik shakli (tergovchi - bosh kelishikda, tergovchi tomonidan - ko’makchili) o’zgargan. Demak, [ochmoq] leksemasining ma‘noviy valentligi o’zgarishsiz saqlangan, sintaktik valentligi o’zgargan. Bu o’zgarish [ochmoq] fe‘liga -il majhul nisbat qo’shimchasi tomonidan kiritilgan. 3- misolda esa fe‘lning sintaktik valentligi o’zgarishsiz qolgani holda ma‘noviy valentlik o’zgarishga uchragan. Chunki [Amerika] so’zining ma‘nosi [ochmoq] fe‘li ma‘nosiga muvofiq kelmaydi. Ammo sintaktik shakli mos. 4-misolda esa ham ma‘noviy, ham sintaktik valentliklar butkul o’zgargan. Chunki [gul] so’zi [ochmoq] fe‘liga ma‘noviy jihatdan mos emas. Bundan tashqari, birikuvchi so’zning sintaktik shakli ([gul] - bosh kelishik) [ochmoq] fe‘lga -il qo’shimchasi qo’shilishi natijasida o’zgarishga uchragan.
Demak, ma‘lum bo’ladiki, leksemaning lisoniy valentligi ikki yoqlama bo’lib, uning ma‘noviy tomoni leksemalarga qanday leksemalar birika olishi me‘yori, chegarasini ko’rsatsa, sintaktik tomoni birikuvchi so’zning qanday grammatik qo’shimchalarni olishini belgilaydi.