Mustaqil va nomustaqil kesimlik shakllari. O’zbek tilida kesimlik qo’shimchalari o’z voqelanishlari uchun boshqa bir gapni talab qilishi ham, talab qilmasligi ham mumkin. Quyidagi gaplarning kesimlariga diqqat qiling:
Men kecha maktabga bordim.
O’qituvchi kelsa, dars boshlanadi.
Yomg’ir yog’masa edi, ekin-tekin ishlarini saranjomlab olgan bo’lur edik.
Birinchi gapning kesimi (bordim) o’z ma‘nosini boshqa gaplarga ehtiyoj sezmasdan voqelantirmoqda. Ikkinchi gapdagi kelsa, uchinchi gapdagi yog’masa edi, saranjomlab olgan bo’lur edik kesimlarining ushbu gaplarda voqelangan ma‘nolari uchun boshqa gaplar talab qilinadi. Boshqacha aytganda, kelsa va yog’masa edi kesimlaridan anglashilgan shart ma‘nosi boshlanadi, saranjomlab olgan bo’lur edik kesimlari yordamida, saronjomlab olgan edik kesimning ma‘nosi esa undan oldindagi yog’masa edi kesimi yordamida yuzaga chiqadi. Agar ikkinchi va uchinchi gaplarning ikkinchi qismi olib tashlansa, oldingi gaplardagi kesimdan shart emas, balki istak ma‘nosi yuzaga chiqadi: O’qituvchi kelsa. Yomg’ir yog’masa edi. Saranjomlab olgan bo’lur edik kesimi esa oldingi gapsiz hech qachon, boshqacha bo’lsa ham, ma‘nosini voqelantira olmaydi. Ma‘nosini yordamchisiz voqelantiradigan kesimlik shakli mustaqil kesimlik shakli (MKSH) deyiladi.
Boshqa gaplarsiz, ya‘ni qurshovsiz o’z ma‘nosini voqelantira olmaydigan, voqelantirgan taqdirda esa butunlay boshqa ma‘no kelib chiqadigan kesimlik shakli nomustaqil kesimlik shakli (NKSH) deyiladi.
Kesimning W ga ko’ra turlari. Kesimlikdagi atov birligi vazifasida barcha mustaqil so’z turkumlari kela oladi. Shunga ko’ra, kesimlarni umumlashtirib, ism (ot, sifat, son, ravish, taqlid olmosh)li va fe‘l (fe‘l, olmosh)li kesimlarga ajratish mumkin.
Ism bilan ifodalangan kesimlar.
Ot: Qarg’a nima deyotganini bilmaymiz, chunki u qarg’a, biz –odam. («Husniobod».)
Sifat: E taqsir, qissamiz uzun. (O.)
Son: Ikki karra ikki - to’rt.
Ravish: O’zlashtirishing - yodaki.
Taqlid: Hamma tomon g’uvur- g’uvur, tinchlik yo’q.
Olmosh: Sen - mensanu, men - senman, qissamni bayon etsam.
Fe‘l bilan ifodalangan kesimlar:
1.Maqsadim - o’qimoq. 2. Qarasam, qaramaysan. 3. Ishning boshi boshlanguncha. 4.Yashnaganim - yashnagan. 5. Yigit kishining uyalgani - o’lgani. 6.Ko’rdi-yu, kapalagi uchib ketdi.