Ministry of higher and secondary education


Gapning uyushiq bo’laklari



Yüklə 1,51 Mb.
səhifə44/73
tarix20.11.2023
ölçüsü1,51 Mb.
#165215
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   73
HOZIRGI O’ZBEK ADABIY TILI (SINTAKSIS)

Gapning uyushiq bo’laklari. Gap o’zaro teng bog’lanishga ega so’zlar bilan ham kengayishi mumkin: Bodomlar, shaftolilar va o’riklar gulladi. Bu gapdagi bodomlar, o’riklar, shaftolilar so’z shakllari sintaktik mazmun jihatdan biri ikkinchisiga tobe bo’lmasdan, teng aloqaga kirishgan va bu aloqa teng bog’lovchilar yoki ohang vositasida amalga oshirilgan. Bunday tenglanish qatorini hosil qilgan so’z shakllar bir kengayuvchi so’zshaklga tobelanib, sintaktik jihatdan bir xil mavqega ega bo’ladi. Bunday so’zshakllar uyushiq so’zshakllar deyiladi. Tenglanish qatori gapda har qanday sintaktik mavqeni egallashi mumkin.
Kesim: Siz aqlli va tadbirkorsiz.
Ega: Goyo Navoiy va Boyqaro qarshimda edi.
Hol: Suv oynoqlab, ko’piklanib oqardi.
To’ldiruvchi: U qalam, daftar, ruchka oldi.
Aniqlovchi: Nasibaning va Karimaning opalari keldi.
Undovlar: Aziz do’stlar, yurtdoshlar sizlarni sog’inib yashadim.
Ko’rinadiki, gapning konstruktiv bo’laklari ham, nokonstruktiv bo’laklari ham uyushishi mumkin.
Uyushiq so’zshakllar bir butun holda, yaxlit uzv sifatida gap struktur qolipiga bevosita (uyushiq kesim, ega, hol) yoki bilvosita (to’ldiruvchi, aniqlovchi va boshqa so’z kengaytiruvchilari) daxldor bo’ladi. Tenglanish qatoridagi so’zshakllar sintaktik jihatdan bir xil mavqega ega bo’lmasligi ham mumkin. Ya‘ni ular bir hokim uzvga tobelanishsa va o’zaro teng aloqaga kirishsa-da, sintaktik vazifa jihatdan farqlanadi. Masalan: Har joyda va har kimga sen haqingda gapirdim. Bundagi har joyda va har kimga so’z shakllari o’zaro teng aloqaga kirishgan, lekin biri gap kengaytiruvchisi (har joyda), ikkinchisi esa so’z kengaytiruvchisi (har kimga) dir. Bunday tenglanish qatori uyushmagan tenglanish qatori deyiladi. Uyushmagan tenglanish qatori a‘zolarining har biri har xil lisoniy-sintaktik o’rinlarning to’ldiruvchilaridir. Xususan, mazkur gapdagi xar joyda so’z shakli gap lisoniy strukturasidagi hol o’rnini to’ldirsa, har kimga so’zshakli gap markazidagi atov birligi (W) ning kengaytiruvchisi, gap lisoniy strukturasiga bevosita daxldor bo’lmagan uzvdir.
Tenglangan so’z shakllarining har biri kengaygan bo’lishi ham mumkin: 1.U dengiz qiyofasini kasb etgan keng paxtazorga va undagi marra uchun kuyib-pishayotgan terimchilarga uzoq tikildi. 2.Sho’x yigitlar, erka qizlar quvnashar.
Uyushgan so’zshakllar. Uyushgan so’zshakllar har doim sintaktik mavqe va morfologik shakllanish jihatidan bir xil bo’ladi. Ular boshqa so’z bilan bog’lanishda tenglik saqlaydi. Ammo ularning qanday so’z bilan ifodalanishi - so’z turkumlari jihatdan bir xil bo’lishi va, demak, bir xil so’roqqa javob bo’lishi shart emas: Seni (olmosh) va Salomatning ukasini (ot) taqdirlashadi.
Uyushgan so’zshakllarining oxirgisi tegishli grammatik shaklni olib, oldingilari olmagan bo’lishi ham mumkin: Maydonni begona o’t, tosh va har xil chiqindilardan tozaladik. Bunda uyushgan so’zshakllarining oxirgisi (chiqindilardan) chiqish kelishigi bilan shakllangan. Bu uyushgan so’z shakllarning grammatik shakllanishi har xil bo’lishi ham mumkin degani emas. Chunki oxirgi so’zshakldagi chiqish kelishigi uyushgan so’zlarning boshqalariga ham tegishli. Faqat nutqiy tejam grammatik ko’rsatkichning barcha so’zshakllarda takrorlanishiga monelik qiladi.
Uyushiq so’zshakllarining muhim nutqiy belgilaridan biri sanash ohangi bilan aytilishidir. Sanash ohangi bo’lmasa, sintaktik mavqe, grammatik shakl va ifodalanish jihatlari bir xilligiga qaramasdan so’zshakllar uyushiq sanalmaydi. Masalan, Mening diqqatimni dumaloq oppoq toshlar tortdi gapidagi dumaloq va oppoq so’zshakllari toshlar so’zshakllariga tobelanib, ifodalanish va grammatik shakl jihatdan bir xildir. Biroq uyushtiruvchi (sanash) ohangisiz ular uyushmagan kengaytiruvchilardir.
Demak, sintaktik mavqe, grammatik shakl bir xilligi va uyushtiruvchi ohanga egalik uyushgan tenglanish qatorining zaruriy belgisidir.
Uyushiq kesimlarning o’ziga xos xususiyatlari. Uyushgan ega, hol, to’ldiruvchi va aniqlovchilarda tegishli grammatik shakl har bir so’z shaklda alohida-alohida mavjud bo’lishi ham, faqat oxirgisida bo’lib, oldingilarida bo’lmasligi ham mumkin. Biroq uyushgan kesimlarda kesimlik shakllari bilan faqat o x i r g i k ye s i m shakllangan, boshqalari esa bu qo’shimchalarni olmagan bo’ladi.
1.Bizning yoshlar dono va zukkodirlar.
2.Do’kondorlar molini maqtab va xaridorlarni chorlab turardilar.
3.Voqea sodir bo’lgan joyga zudlik bilan borishimiz va masalaga oydinlik kiritishimiz lozim.
So’z kesimlik ko’rsatkichlari bilan shakllangan va kesimlik sintaktik pozitsiyasini egallagan bo’lsa, u alohida hukm va tugal ma‘no ifodalaydi va gap hosil qiladi. Yuqorida keltirilgan gapda ham uyushgan kesimlarning barchasi Pm ko’rsatkichlari bilan shakllantirilganda, ularning har biri alohida-alohida gapni hosil qiladi va natijada qo’shma gap vujudga keladi. Qiyoslang: 1.Siz a‘lochi va jamoatchi odamsiz (uyushiq kesimli gap) - Siz a‘lochi va jamoatchisiz (qo’shma gap). 2. U vaqtlarda otam kosib, onam suvoqchi edi (uyushiq kesimli sodda gap) - U vaqtlarda otasi kosib edi va onasi suvoqchi edi (qo’shma gap).
Ikkinchi gapning har bir kesimini Pm bilan to’la shakllantirib, qo’shma gap tarzida qo’llash uslubiy g’alizlikni keltirib chiqaradi. Shu bois ushbu o’rinda qo’shma gap emas, balki uyushiq kesimli sodda gapni ishlatish o’ng’aydir.
Uyushiq kesimlarning har xil turkumdan ifodalanishi ham uchraydigan hodisa. Bu ot va olmoshlarda mavjud: Taniganim bilganim sen va Salimdir. Biroq fe‘l va boshqa turkum so’zlari uyushiq kesim hosil qila olmaydi. Chunki ot va fe‘l boshqacha va qolgan turkumlar boshqacha tuslanishga ega bo’ladi: Itingdurman va bo’zlagaydirman. Bu gapda kesimlik ko’rsatkichlarini ikkala so’zshakl uchun bitta qilib bo’lmaydi: Itingdur va bo’zlagaydirman kabi.
Uyushiq kesimlarning oldin turganlari -i(b) shaklli ravishdosh bilan ifodalanganda hol bilan monand bo’lib qoladi: 1.U ko’rqib baqirib yubordi. 2.U shoshib, bilib, sayray boshladi. Har ikkala qo’llanishda ham fe‘l so’zshakllar bir-biriga o’xshaydi. Biroq gaplardan birinchisida fe‘llar hol (ko’rib) va kesim (baqirib yubordi) vazifalarida. Keyingi gapda esa uyushiq kesimlar mavjud. Biroq birinchi gapda uyushiqlikning zaruriy belgisi - uyushtiruvchi ohang mavjud emas.
Tenglanish qatorida bog’lovchilar. Tenglanish qatori bog’lovchili yoki bog’lovchisiz bo’lishi mumkin. Bog’lovchisiz qator faqat ohang yordamida hosil qilinadi: 1.Karima, Salima, Halima boqqa jo’nadilar. 2. U tanib, bilib, so’ray boshladi.
Bog’lovchili qator bog’lovchi vositalar yordamida hosil qilinadi: 1.Eshikdan yosh yigit va chol kirib keldi. 2. Farzandlarimiz dono va baxtiyordirlar.
Tenglanish qatori nisbatan cheklanmagan miqdordagi a‘zolardan yoki cheklangan a‘zodan tashkil topishi mumkin. Bu a‘zolararo munosabatlarning turi bilan bog’liq. Shunday tenglanish qatori mavjudki, bunda bemalol qatorni to’ldirish, yangi a‘zolar bilan davom ettirish mumkin bo’ladi: U ko’k, qora, qizil qalamlar oldi. Bunday tenglanish qatori ochiq qator deyiladi. Ochiq qator shunday a‘zolardan tuziladiki, bunda bir a‘zo boshqalariga qanday munosabatda bo’lsa, boshqa a‘zolar ham unga shunday munosabatda bo’ladi. Yopiq qator esa shunday a‘zolardan tashkil topadiki, ularda qatordagi a‘zolarining roli taqsimlangan bo’ladi: bir a‘zo ikkinchisiga boshqacha, ikkinchisi birinchisiga boshqacha munosabatda bo’ladi. Bog’da nafaqat olma, balki nok ham o’sadi. Ochiq tenglanish qatorida tartib asosan, erkin: Bog’da o’rik, olma, shaftoli o’sadi gapini bog’da o’rik, olma, shaftoli, balki nok ham o’sadi tarzida berilsa ham, mazmunga putur yetmaydi. Yopiq tenglanish qatorida tartib ko’pincha qat‘iy bo’ladi. Bog’da shaftoli, olma, balki nok ham o’sadi gapi Bog’da nafaqat nok, balki olma ham o’sadi ko’rinishini olsa, avvalgi mazmunni bermaydi. (Qiyoslang: pishirib yedi- yeb pishirdi, toy va tamosha, tamosha va toy).
Ba‘zi bog’lovchilar faqat ochiq qatorni, ba‘zilari esa faqat yopiq qatorni tashkil etadi.
Ayiruv bog’lovchilar ochiq qatorni tashkil qiladi: 1.Biz uchun parvoz yo hayot, yo mamot, yo najot, halokat ishi bo’lmog’i lozim. 2.Bunda bor na ofat, na g’urbat, na g’am.
Biriktiruv va zidlov bog’lovchilari yo yopiq qatorni tashkil etadti, yoki qatorni yopadi.
Yopiq qatorni tashkil etish: Gullar va maysalar ajib bir guzallik baxsh etardi.
Qatorni yopish: Gullar, rayhonlar va maysalar ajib bir go’zallik baxsh etardi.
Tenglanish qatorining har ikkala turi - ochiq qator ham, yopiq qator ham bog’lovchisiz ham bo’lishi mumkin.
Bog’lovchili ochiq qator. Ayrim bog’lovchilar tenglik munosabatiga kirishayotgan har bir so’zshakl uchun qo’llanilib, qatorni bemalol davom ettirish mumkin: Salim ham o’qiydi, ham ishlaydi, ham davolanadi gapida ochiq qatorni tashkil etuvchi bog’lovchilar, aytilganidek, asosan, ayiruv bog’lovchilar va ham yuklamasidir.
Bog’lovchisiz ochiq qator. Bog’lovchisiz ochiq qatorni tashkil etuvchi a‘zolar o’zaro uyushtiruvchi ohang yordamida bog’lanadi:
Muhayyo, Surayyo, Ra‘no, Muqaddas,
Ko’zimni yashnatib kiyibsiz atlas.
Bog’lovchisiz ochiq qatorning ikki turi bor:
a)har xil predmet, belgi va shu kabilar sanaladi: Nonsiz, tuzsiz, suvsiz uch kun qiynaldi.
b)darajalanuvchi, ko’payuvchi, to’ldiruvchi a‘zolar sanaladi: Tutab, burqsib, yonib, kuydi bechora.
Yopiq bog’lovchili qator a‘zolari orasida:
a) uyg’unlik: Hakim qattiqqul va jiddiy edi;
b) zidlik: Sekin, ammo chiroyli yozadi.
ma‘nolari mavjud.
Bog’lovchisiz yopiq qatorda tenglanuvchi a‘zolar juftlashadi:1.Erta-indin kelarman (erta yoki indin kelarman). Ba‘zan ayrim vositalar ham bog’lovchisiz qatorni tashkil qilishda qo’llaniladi: Senga emas, qizimga aytaman.

Yüklə 1,51 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   73




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin