BETOBLIGIMDA
Majnuntol tagiga o'tqazing meni,
Qovrilmay g'ashlik alangasida,
Majnuntol tagiga o'tqazing meni,
Nafasimni rostlay ko'lankasida.
Majnuntol tagiga o'tqazing meni,
Qushlar ovoziga quloq solayin.
Majnuntol tagiga o'tqazing meni,
Xayol og'ushida orom olayin.
Majnuntol tagiga o'tqazing meni,
Shu kungacha o'zni men cheklab bo'ldim.
Majnuntol tagiga o'tqazing meni,
Men uchun yig'lasin men yig'lab bo'ldim.
BU - MEN TUG'ILGAN TUPROQ
Bu - men tug'ilgan tuproq. Ha, men tug'ilgan tuproq,
Tog'lar, ko'm-ko'k adirlar, daryolar, cheksiz qumloq.
Bo'ronlar qamchilashar, yomg'irlar tomchilashar,
Qishda qalin qordan oq, kuzda-chi, paxtadan oq.
Taqvodorday cho'k tushib, peshonamni qo'yaman,
Onam kabi o'paman, qalb mehriga to'yaman.
Kayxusrav qilichidan kesikbosh bobom xoki,
Kim noxos oyoq qo'ysa, haqoratga yo'yaman.
Bu - men tug'ilgan tuproq. Bu - men yo'g'rilgan tuproq,
Ko'klam gohi serjala, yoz qurumsoq va qurg'oq.
Terak bo'yi jarlardan suv tortar bobo dehqon,
Bug'doy ham, juvari ham bo'liq, ko'm-ko'k, serboshoq.
Taqvodorday cho'k tushib peshonamni qo'yaman.
Suygulimday quchaman, jamoliga to'yaman.
Chingiz o'qiga uchmish olis bobom xoki bu,
Kim ko'zga ilmay boqsa, kamchilikka yo'yaman.
Bu - men tug'ilgan tuproq, bu - men ulg'aygan tuproq,
Daralari jannatiy, tog' sirtlari ko'k yayloq.
Qumloqlarida hatto suruv-suruv qo'y-qo'zi,
Guldor, naqshin qorako'l yetti ranglik, yarqiroq.
Bir farzandday cho'k tushib, peshonamni qo'yaman,
Kun o'tmay sog'inaman, o'pib-o'pib to'yaman.
Oq poshshoning to'pidan abjaq bobom xoki bu,
Oq poshshoni eslatsang, yovuzlikka yo'yaman.
Bu -- men umr ko'rgan tuproq, men bobo bo'lgan tuproq
Suv bo'ylari tutzorlar cho'zilmish yiroq-yiroq.
Ipak ham, bol ham bunda, marmar ham, oltin ham mo'l,
Ko'mir ham, sharob ham bor, gurunch -- sadaf misol oq.
Bir askarday cho'k tushib, peshonamni qo'yaman.
Fidoyiman, shaydoman, o'pib-o'pib to'yaman.
Erk deya shahid ketgan o'g'lonlarning xoki bu,
Kim noxos o'qraysa ham ko'zlarini o'yaman.
Dostları ilə paylaş: |