Yo’naluvchanligi. Molekulaning muayyan shakl va tuzilishga ega bo’lishi undagi atomlarning qat’iy bir tartibda joylashishini ko’rsatadi.
Molekulalardagi valentliklar barcha tomonga bir xil yo’nalgan emas, balki muayyan yo’nalishlarda „ mahkamlangan ”. Kovalent bog’ shu jihatdan ion bog’lanishdan farq qiladi.
Ion bog’lanish yo’nalishga ega emas. Ko’p elektronli molekulalarda elektron zaryadi bir tekis va sferik simmetrik taqsimlanmagan. Bu molekulalardagi kimyoviy bog’larni hosil qiladigan kuchlar ion bog’lardagi kabi hamma tomonga bir xilda yo’nalmaganligini ko’rsatadi.
Kovalent bog’ning bu xususiyati shu bog’ni yuzaga keltiradigan elektron bulutlarning fazoda yo’nalishga ega bo’lishidan kelib chiqadi.
Qutblanuvchanligi. Kovalent bog’ uchun qutblanuvchanlik xususiyati xos. Biror qutbli molekula elektr maydoniga kiritilganda molekuladagi musbat zaryadlar elektr maydonining manfiy, manfiy zaryadlar esa elektr maydonining musbat qutbi tomon tartibli joylashadi. Natijada molekulaning dipol momenti ortadi. Chunki doimiy dipol uzunligi ortib, molekula bir oz cho’ziladi.
Molekula qutbliligining bunday o’zgarishi oriyentatsion qutblanish deyiladi.
Oriyentatsion qutblanish temperatura ortishi bilan kamayadi. Chunki harorat oshirilganda molekulaning harakatlanishi kuchayadi va ularning elektr maydonida joylashishi buziladi.
Qutbsiz kovalent bog’lanishli molekula elektr maydoniga kiritilganda ham molekula qutblanishi mumkin.
Bunday qutblanish induksion qutblanish deyiladi. Induksion qutblanish molekuladagi doimiy dipoldan farq qilib, tashqi elektr maydoni olinganda yo’qoladi.
Induksion qutblanish molekuladagi atomlarning o’lchami hamda elektronlar soni ortishi bilan kuchayadi.
6.8. Kovalent bog’larning turlari
Elektron bulutlarning qoplanish usuliga ko’ra 3 xil kovalent bog’ bo’ladi:
σ - bog’, π-bog’ va δ-bog’.
Yadrolarni birlashtiruvchi to’g’ri chiziq bo’yicha qoplanish σ-bog’ deyiladi.
Yadrolarni birlashtiruvchi to’g’ri chiziqqa nisbatan perpendikulyar (ya’ni yadrolarni birlashtiruvchi to’g’ri chiziqning ikki tomonida) holatda qoplanish π-bog’ deyiladi.
Kovalent bog’lar oddiy va karrali (qo’shbog’, uchbog’) bo’lishi mumkin. Agar ikkita atom bitta elektron juft hisobiga bog’langan bo’lsa, bu bog’ oddiy bog’ deyiladi . Oddiy bog’ σ-bog’ hisoblanadi.
Ikki atom o’zaro ikkita elektron juft vositasida bog’langan bo’lsa, qo’sh bog’ deyiladi. Qo’sh bog’larning bittasi σ, ikkinchisi π-bog’dir.
Agar ikkala atom uchta elektron juft hisobiga birikkan bo’lsa, ular orasidagi bog’ uch bog’ deyiladi. Uch bog’dan bittasi σ va ikkitasi π-bog’dir:
Masalan; azot molekulasida bitta σ-bog’ va 2 ta π-bog’ mavjud: