2-§. Iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha minimal talablar 40. Kredit tashkiloti:
ushbu Nizomning 15-bandida nazarda tutilgan xizmat ko‘rsatish joylarida oshkor etiladigan axborotdan barcha iste’molchilar butun ish vaqti davomida foydalana olishlariga imkon yaratib berishi;
axborot iste’molchilar uchun qulay va moneliksiz tanishish imkonini beradigan tarzda joylashtirilishini ta’minlashi;
iste’molchilar bilan bevosita ishlovchi kredit tashkiloti xodimlarini (bundan buyon matnda administratorlar deb yuritiladi) iste’molchilar ko‘ra oladigan, xodimning familiyasi, ismi va lavozimi qayd etilgan vizual identifikatsiya vositalariga ega bo‘lishlarini ta’minlashi;
kredit tashkiloti xizmatlarini ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan joyida iste’molchilar va nogironligi bo‘lgan hamda imkoniyati cheklangan iste’molchilar bilan shartnomalarni tuzish imkoniyatini ta’minlashi kerak.
41. Administratorlar mazkur Nizomda nazarda tutilgan, iste’molchiga beriladigan axborotning minimal hajmi sodda shaklda taqdim eta olishi, shuningdek iste’molchining bunday axborot qayd etilgan kredit tashkiloti hujjatlari bilan tanishishi uchun imkon yaratishi shart.
Kredit tashkiloti administratorlarga mazkur Nizomning 15-bandida ko‘rsatilgan axborotni olish, o‘rganish va yangilash imkoniyatini ta’minlashi shart.
4-bob. Qarzdorlik yuzaga kelganda kredit tashkilotlarining iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirish 42. Kredit shartnomasi bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorlik yuzaga kelganda, kredit tashkiloti iste’molchi zimmasidagi qarz yuki yanada oshib ketishining oldini olish maqsadida muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorlik yuzaga kelgan sanadan boshlab yetti kun davomida iste’molchi bilan kredit shartnomasida kelishilgan har qanday aloqa bog‘lash usullaridan, shu jumladan, elektron aloqa vositalaridan yoki qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa usullardan foydalanib, iste’molchiga muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorlik yuzaga kelganligi haqida so‘ndirish jadvalini ilova qilgan holda xabar berishi shart.
43. Kredit tashkiloti qonunchilik hujjatlari talablarini hisobga olgan holda iste’mol krediti shartnomasi bo‘yicha iste’molchini muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorlikni qaytarish majburiyatlari bajarilmaganligi holati, muddati, summalari, tarkibi va oqibatlari haqida xabardor qilishi, iste’molchidan muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorlik yuzaga kelishi sabablari haqida so‘rashi shart.
(42 va 43-bandlar O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son) 44. Iste’molchi kredit shartnomasi bo‘yicha qarzning asosiy summasini qaytarish va (yoki) foizlarni to‘lash muddatlarini buzganda, kredit tashkiloti tegishli kredit shartnomasida nazarda tutilgan usulda nizoni sudgacha hal qilish yuzasidan o‘z talabnomasini iste’molchiga yetkazadi.
45. Kredit tashkiloti yo‘llaydigan talabnomada quyidagi axborot ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
kredit tashkiloti nomi va uni identifikatsiyalash uchun yetarli ma’lumotlar;
talabnoma rasmiylashtirilgan sanadagi iste’molchining kredit qarzi miqdori va tarkibi;
qarzni to‘lash usuli (usullari);
iste’molchi o‘z majburiyatlarini bajarishi lozim bo‘lgan muddat (o‘n kundan kam bo‘lmasligi lozim);
talabnomada ko‘rsatilgan muddatgacha iste’molchi o‘z majburiyatlarini bajarmasligi oqibatlari;
nizoni sudgacha hal qilish usullari.
46. Kredit tashkiloti va iste’molchi taraflarning o‘zaro roziligiga ko‘ra, qonunchilik hujjatlarida belgilangan nizoni sudgacha hal qilish usullarini, shu jumladan, muzokaralar o‘tkazish orqali, qo‘llashga haqli.
(46-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son) 47. Iste’molchi nizoni sudgacha hal qilish yuzasidan talabnomada belgilangan muddatda ko‘rsatilgan talablarni lozim darajada bajarmaganda, kredit tashkiloti sudga da’vo bilan murojaat etishga haqli.