Davlat byudjetining daromadlari tarkibi Byudjet daromadlari – davlatning markazlashgan moliyaviy resurslarining bir qismi bo’lib, uning faoliyati va funksiyalarini to‘laqonli amalga oshirishi uchun zarurdir. Unitar davlatlarda byudjet daromadlari markazlashgan va mahalliy daromadlarga (O’zbekiston Respublikasi), federal davlatlarda esa federal va mahalliy daromadlarga bo’linadi (RF).Davlat byudjetining asosiy manbai soliq daromadlari (SD), agarda uning tanqisligi kuzatilsa milliy boylik (MB) hisoblanadi. Davlat byudjetining daromadlari mamlakat yalpi ichki (milliy) mahsulotini taqsimlash va qayta taqsimlash umumiy jarayonining elementlaridan biri bo’lib, ular oraliq (tranzit) xarakterga ega. Ular yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo’lgan daromadlar va jamg’armalarning bir qismini byudjetga o’tkazilishi natijasida vujudga keladi. Byudjet daromadlarining moddiy-buyumlashgan mazmunini davlatning ixtiyoriga borib tushgan pul mablag’lari tashkil etadi. Bu moliyaviy (byudjet) kategoriyaning namoyon bo‘lish shakli byudjetga borib tushuvchi turli soliqlar, to’lovlar, yig’imlar, bojlar va ajratmalardan iborat.4 Miqdoriy jihatdan Davlat byudjetining daromadlari yaratilgan yalpi ichki mahsulot(YaIM)da davlatning ulushini ko’rsatadi. Ularning absolyut hajmi va salmog’i mamlakatning yalpi ichki (milliy) mahsuloti (milliy daromadi)ning umumiy hajmi, u yoki bu davrda davlatning oldida turgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, mudofaa va boshqa vazifalar bilan belgilanadi. Ana shularga muvofiq ravishda Davlat byudjetida mablag’larni konsentratsiya qilish (to’plash, yig’ish) miqdori va ularni undirishning shakl va metodlari aniqlanadi. Byudjetning daromadlar qismini to’ldirishning manbalaridan biri byudjet tizimida boshqa darajada turgan byudjetdan dotatsiyalar, subvensiyalar va subsidiyalar yoki mablag’larni qaytarilmaslik va tiklamaslikning boshqa shakllarida olinadigan moliyaviy yordamdir. Bunday moliyaviy yordamlar mablag’larni oluvchi byudjetning daromadlarida o’z ifodasini topishi kerak. Jismoniy va yuridik shaxslardan, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar hukumatlaridan qaytarilmaydigan yoki tiklanmaydigan shaklda o’tkazilayotgan mablag’lar ham byudjetning shunday daromadlari tarkibiga kiradi.O’zbekiston Respublikasi davlat byudjetining daromadlari quyidagi manbalar hisobiga shakllanadi:5 1. To’g’ri (bevosita) soliqlar. Ularning tarkibiga yuridik shaxslarning foydasidan olinadigan soliq, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari uchun yagona soliq to’lovidan Davlat byudjetiga ajratmalar, yagona soliq to’lovidan (mikrofirmalar va kichik korxonalar bilan birgalikda) Davlat byudjetiga ajratmalar, jismoniy shaxslarning daromadidan olinadigan soliq va tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanayotgan yuridik va jismoniy shaxslarning daromadidan olinadigan qat’iy soliq kiradi.
2. Egri (bilvosita) soliqlar. Bu soliqlarning tarkibi qo’shilgan qiymat solig’i, aksizlar, bojxona bojlari, jismoniy shaxslardan olinadigan yagona boj to’lovi, transport vositalari uchun benzin, dizel yoqilg’isi va gaz iste’moliga jismoniy shaxslardan olinadigan soliqdan iborat.
3. Resurs to’lovlari va mol-mulk solig’i. Bu guruhga kiruvchi soliqlar va to’lovlar mol-mulk solig’I, yer solig’i, yer osti boyliklaridan foydalanganlik va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni o’z ichiga oladi.
4. Ustama foydadan olinadigan soliq.
5.Boshqa daromadlar.
O’zining ijtimoiy-iqtisodiy belgisiga ko’ra, davlat byudjetining
daromadlari ikki guruhga bo’linishi mumkin:
– xo’jalik yurituvchi subyektlardan olinadigan daromadlar;
– aholidan tushumlar.
Mulkchilik shakliga ko’ra, Davlat byudjetining daromadlari quyidagi ko’rinishlarda bo’lishi mumkin:
– nodavlat sektordan olinadigan daromadlar;
– davlat xo’jaliklaridan olinadigan daromadlar;
– aholidan olinadigan mablag’lar.
Byudjet daromadlarining yuqorida sanab o’tilgan har bir guruhlari daromadlarning manbalari, to’lovlarning turlari va hokazolar bo’yicha kichik guruhlarga bo’linishi ham mumkin. Masalan, davlat xo’jaliklaridan olinadigan daromadlarga davlat korxona va tashkilotlarining to’lovlari, davlat mulkini sotishdan olinadigan daromadlar, davlat tashkilotlari tomonidan ko’rsatiladigan xizmatlardan olinadigan daromadlar kiradi. Aholidan byudjetga kelib tushadigan mablag’lar esa soliqlar va boshqa ixtiyoriy to’lovlardan iborat bo’lishi mumkin.