Moliya va soliqlar


Soliq monitoring va uni o’tkazish tartiblari



Yüklə 0,93 Mb.
səhifə148/214
tarix24.10.2022
ölçüsü0,93 Mb.
#66084
1   ...   144   145   146   147   148   149   150   151   ...   214
Moliya va soliqlar

Soliq monitoring va uni o’tkazish tartiblari.
Soliq monitoringining predmeti: soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etish, o‘ziga nisbatan soliq monitoringi o‘tkazilayotgan yuridik shaxs tomonidan soliqlar va yig‘imlarni hisoblashning to‘g‘riligi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘langanligi (SKning 169-moddasi).
Soliq monitoringi yuridik shaxs qaysi soliqlar va yig‘imlarga nisbatan soliq to‘lovchi yoki soliq agenti bo‘lsa, barcha shunday soliqlar va yig‘imlarni qamrab oladi. Soliq to‘lovchilar uchun soliq monitoringi ixtiyoriydir.
Soliq monitoringi soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror asosida soliq organi tomonidan amalga oshiriladi.
Yuridik shaxs, agar uning oldingi yil uchun daromadlari yillik moliyaviy hisobot ma’lumotlariga ko‘ra kamida o‘n milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza bilan soliq organiga murojaat qilishga haqli.
Yuridik shaxs soliq organiga soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risida ariza taqdim etgan yildan keyingi kalendar yil soliq monitoringi o‘tkaziladigan davrdir.
Soliq monitoringini o‘tkazish soliq monitoringi o‘tkaziladigan yilning 1-yanvaridan boshlanadi va soliq monitoringi o‘tkazilgan davrdan keyingi yilning 1-iyulida tugallanadi.
Soliq monitoringida ishtirok etuvchi yuridik shaxs va soliq organi o‘rtasidagi axborotga doir hamkorlik reglament asosida amalga oshiriladi.
Axborotga doir hamkorlik reglamentida soliqlar hamda yig‘imlarni hisoblab chiqarish va to‘lash (ushlab qolish va o‘tkazib berish) uchun asos bo‘lib xizmat qiluvchi hujjatlarni (axborotni) soliq organiga elektron shaklda taqdim etish tartibi va (yoki) ko‘rsatilgan hujjatlar (axborot) mavjud bo‘lgan yuridik shaxsning axborot tizimlariga kirish tartibi aks ettiriladi.
Yuridik shaxs axborotga doir hamkorlik tartibini mustaqil ravishda tanlashga haqli.
Soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza soliq monitoringi o‘tkaziladigan davrdan oldingi yilning 1-iyulidan kechiktirmay hisobga olish joyidagi soliq organiga yuridik shaxs tomonidan taqdim etiladi.
Soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi arizani va yuridik shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni (axborotni) ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) ariza berilgan yilning 1-noyabriga qadar quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
1) soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni;
2) soliq monitoringini o‘tkazishni rad etish haqidagi qarorni.
Soliq monitoringini o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi qaror asoslantirilgan bo‘lishi kerak.
Soliq monitoringi soliq organining vakolatli mansabdor shaxslari tomonidan o‘z xizmat majburiyatlariga muvofiq soliq organi joylashgan yer bo‘yicha o‘tkaziladi.
Agar soliq monitoringini o‘tkazish chog‘ida taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlar o‘rtasida ziddiyatlar yoki yuridik shaxs tomonidan taqdim etilgan hamda soliq organida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar o‘rtasida nomuvofiqliklar aniqlansa, soliq organi bu haqda zarur tushuntirishlar berish yoki tegishli tuzatishlar kiritish talabi bilan yuridik shaxsga xabar qiladi. Bunday tushuntirishlar yuridik shaxs tomonidan talabnoma olingan kundan e’tiboran besh kun ichida taqdim etiladi, tuzatishlar esa o‘n kun davomida kiritiladi.
Agar taqdim etilgan tushuntirishlar ko‘rib chiqilganidan keyin yoki ular mavjud bo‘lmagan taqdirda soliq organi soliqlar yoki yig‘imlar noto‘g‘ri hisoblab chiqarilganligi (ushlab qolinganligi), to‘liq yoki o‘z vaqtida to‘lanmaganligi (o‘tkazilmaganligi) to‘g‘risida dalolat beruvchi faktni aniqlasa, soliq organi ushbu asoslantirilgan fikrini tuzishi shart.
Soliq monitoringi o‘tkazilayotganda soliq organi soliqlar va yig‘imlar to‘g‘ri hisoblab chiqarilganligi (ushlab qolinganligi), to‘liq va o‘z vaqtida to‘langanligi (o‘tkazilganligi) bilan bog‘liq bo‘lgan zarur hujjatlarni (axborotni), tushuntirishlarni yuridik shaxsdan talab qilib olishga haqlidir.
Talab qilinadigan hujjatlar (axborot) va tushuntirishlar soliq organiga shaxsan yoki vakil orqali taqdim etilishi, pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilishi, telekommunikatsiya aloqa kanallari orqali, soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda topshirilishi yoki axborotga doir hamkorlik reglamentida nazarda tutilgan tartibda berilishi mumkin.
Hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etish yuridik shaxs tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalar shaklida amalga oshiriladi. Agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq organiga (mansabdor shaxsga) taqdim etiladigan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini notarial tarzda tasdiqlashni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Soliq monitoringini o‘tkazishda talab qilingan hujjatlar (axborot) va tushuntirishlar yuridik shaxs tomonidan tegishli talabnoma olingan kundan e’tiboran besh kun ichida taqdim etiladi.
Soliq organining asoslantirilgan fikri soliq organining soliqlar va yig‘imlar to‘g‘ri hisoblab chiqarilganligi (ushlab qolinganligi), to‘liq va o‘z vaqtida to‘langanligi (o‘tkazilganligi) masalalariga doir nuqtai nazarini ifodalaydi.
Soliq organi soliq monitoringini o‘tkazish chog‘ida o‘z tashabbusiga ko‘ra yoki yuridik shaxsning so‘roviga binoan asoslantirilgan fikr tuzadi. Asoslantirilgan fikr soliq organi rahbarining imzosi bilan yuridik shaxsga yuboriladi.
Agar soliq monitoringi o‘tkazilayotganda yuridik shaxs tomonidan soliqlar va yig‘imlar noto‘g‘ri hisoblab chiqarilganligi (ushlab qolinganligi), to‘liq yoki o‘z vaqtida to‘lanmaganligi (o‘tkazilmaganligi) to‘g‘risida dalolat beruvchi fakt aniqlangan bo‘lsa, soliq organining asoslantirilgan fikri tuziladi.
Soliq organining asoslantirilgan fikri tuzilgan kundan e’tiboran besh kun ichida yuridik shaxsga yuboriladi.
Soliq organining asoslantirilgan fikri soliq monitoringini o‘tkazish muddati tugaguniga qadar kamida uch oy oldin tuzilishi mumkin.
Asoslantirilgan fikr taqdim etish to‘g‘risidagi so‘rov yuridik shaxs tomonidan xo‘jalik faoliyatining sodir etilgan faktlari natijalariga ko‘ra soliq monitoringi o‘tkaziladigan davr uchun soliqlar va yig‘imlar to‘g‘ri hisoblab chiqarilganligiga (ushlab qolinganligiga), to‘liq va o‘z vaqtida to‘langanligiga (o‘tkazilganligiga) nisbatan shubhalar mavjud bo‘lganda yoki ushbu masalalar yuzasidan noaniqliklar bo‘lgan taqdirda soliq organiga yuboriladi.
Yuridik shaxsning so‘rovi bo‘yicha soliq organining asoslantirilgan fikri ushbu yuridik shaxsga mazkur so‘rov olingan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida yuborilishi kerak. Bu muddat soliq organi tomonidan ushbu yuridik shaxsdan yoki boshqa shaxslardan asoslantirilgan fikrni tayyorlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni (axborotni) talab qilib olish uchun bir oyga uzaytirilishi mumkin.
Soliq organi asoslantirilgan fikrni yuborish muddatini uzaytirish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida yuridik shaxsga yozma shaklda xabar qiladi.
Yuridik shaxs soliq organining asoslantirilgan fikriga roziligi to‘g‘risida shu asoslantirilgan fikrni tuzgan soliq organini mazkur asoslantirilgan fikr bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni (ular mavjud bo‘lgan taqdirda) ilova qilgan holda asoslantirilgan fikr olingan kundan e’tiboran bir oy ichida xabardor qiladi.
Yuridik shaxs asoslantirilgan fikrni soliq organining buxgalteriya (soliq) hisobidagi va soliq hisobotidagi asoslantirilgan fikrda bayon etilgan nuqtai nazarini e’tiborga olish orqali, aniqlashtirilgan soliq hisobotini berish orqali yoki boshqa usulda bajaradi.
Yuridik shaxs soliq organining asoslantirilgan fikriga rozi bo‘lmagan taqdirda, u olingan kundan e’tiboran bir oy ichida soliq organiga o‘z e’tirozlarini taqdim etadi. Mazkur e’tirozlarni olgan soliq organi ular olingan kundan e’tiboran uch kun ichida bu e’tirozlarni o‘zida mavjud bo‘lgan barcha materiallar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga o‘zaro kelishuv tartib-taomili tashabbusi bilan chiqish uchun yuborishi shart.
Soliq organi soliq monitoringi tugagan sanadan e’tiboran ikki oydan kechiktirmay yuridik shaxsni soliq monitoringini o‘tkazish jarayonida ushbu yuridik shaxsga yuborilgan, bajarilmagan asoslantirilgan fikrlar mavjudligi (mavjud emasligi) to‘g‘risida xabardor qiladi.



Yüklə 0,93 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   144   145   146   147   148   149   150   151   ...   214




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin