Import-eksport solig‘i – soliqqa tortishning ko‘rinishlaridan biri; tashqi savdoni davlat tomonidan tartibga solish vositasi (chorasi). Soliqqa tortish obyekti bo‘lib belgilangan kurs bo‘yicha milliy valyutada hisoblangan tovarlarning boj qiymati yoki og‘irlik va miqdor birliklarida ifodalangan tovarlarning soni hisoblanadi.
Iste’mol solig‘i– bir necha mamlakatlardagi soliqlar guruhi, daromad sarf qilinayotgan paytda olinadi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i va aktsizlar ana shunday soliq tarkibiga kiradi. Bojxona bojlarini ham iste’mol soliqlari qatoriga kiritish mumkin. Bu soliqlarning ayrimlari davlat foydasiga olinsa, boshqa birovlari mahalliy byudjetlarga borib tushadi.
Ijtimoiy soliqlar– ish haqi va ishchi kuchiga nisbatan qo‘llaniladigan soliqlar va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ijtimoiy ta’minotga badallaridan (ajratmalaridan) tarkib topadi.
Imtiyozli soliqqa tortish – jismoniy yoki yuridik shaxslarni soliqlardan to‘liq yoki qisman ozod etish.
Ijara haqi – ijara sharoitida (sharti bilan) taqdim etilgan mulk uchun to‘lovning turi. Asosiy fondlarning alohida obyektlari ijaraga olinganda ular ijara shartnomasining butun amal qilish davomida teng hissalarda (qismlarda) mahsulot tannarxiga kiritiladi.
Yig‘imlar –qonun aktlariga muvofiq belgilangan tartibda va shartlarda to‘lovchilar tomonidan tegishli darajadagi byudjetlarga yoki byudjetdan tashqari fondlarga o‘tkaziladigan majburiy badallar. Ularning tarkibiga savdo-sotiq qilish huquqi uchun yig‘im, shu jumladan, ayrim turdagi mahsulotlarni sotish huquqini beruvchi litsenziya yig‘imlari, yuridik shaxslarni, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarni ro‘yxatga olganlik uchun yig‘im, avtotransport to‘xtash joyidan foydalanganlik uchun yig‘im, obodonchilik ishlari uchun yig‘im va boshqalar kiradi.
Yo‘l fondini shakllantiruvchi soliqlar– yoqilg‘i-moylovchi materiallarni sotishdan olinadigan soliq, avtomobil yo‘laridan foydalanuvchilardan olinadigan soliq, transport vositalarining egalaridan olinadigan soliq va transport vositalarini sotib olganlik uchun to‘lanadigan soliqdan iborat.
Kafolat fondi– davlat qarzi bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishga hamda davlat tomonidan ichki va xorijdan mablag‘ jalb qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi majburiyatlaridan kelib chiquvchi to‘lovlarni amalga oshirish uchun mablag‘larni jamlashga shart-sharoit yaratish maqsadida respublika byudjeti tarkibida tuziladigan fond.