Soliq solishning oddiylik va xolislik tamoyili. Bu tamoyil soliq solish bazasini aniqlashda, soliqlarni hisoblab chiqishda oddiylik bo‘lishini, taqdim etiladigan hisobotlarning mazmunini soddalashtirishni, shuningdek soliqlarning eng muhim turlari bo‘yicha yagona stavkalar belgilashni, beriladigan imtiyozlarni iloji boricha kamaytirishni ko‘zda tutadi. Bu o‘rinda nazarda tutilayotgan narsa shuki, soliqlarning rag‘batlantirish funksiyasi doirasida beriladigan imtiyozlar yakka tartibdagi xususiyatga ega bo‘lmasligi, balki muayyan faoliyat turlarini rag‘batlantirishga, soliq to‘lovchilarning mulkchilik shakli va qaysi idoraga mansubligidan qat’i nazar, ma’lum turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni ko‘paytirishga qaratilmog‘i lozim. Soliq imtiyozlarining haddan tashqari ko‘pligi qonunlarni murakkablashtirib yuboradi, tushunishni qiyinlashtiradi hamda turlicha talqin qilinishiga olib keladi, bu hol pirovard natijada soliq to‘lovchilarning soliqlarga nisbatan munosabatlariga salbiy ta’sir qiladi. Shu bilan birga aniq qilib belgilangan imtiyozlar soliq yukini boshqa soliq to‘lovchilar zimmasiga o‘tkazib, ijtimoiy adolatsizlik ro‘y berishiga olib keladi.
Soliq solishning boshqarishga qulaylik tamoyili. Samarali soliq tizimiga qo‘yiladigan muhim talablardan biri boshqaruvga qulay bo‘lishidir. Soliqlarni undirib olishda samaradorlikka erishish ko‘p hollarda soliqlarning soliq to‘lovchilarga yaxshi tushunarli bo‘lishiga bog‘liq.
Ayrim mamlakatlarda soliq solishning nihoyatda murakkab tartibi amal qiladi, aytaylik, shkala va stavkalar turi, soliqlar tarkibi, ularni to‘lash qoidalari va tartiblari haddan tashqari ko‘p bo‘ladi. Buning ustiga ular soliq tushumlarining ko‘payishiga hech qanday yordam bermaydi hamda soliqlarning rag‘batlantiruvchi funksiyasi bajarilishida rol o‘ynamaydi.
Soliq solishning soliqlarni yig‘ish jarayonini imkon qadar arzonlashtirish tamoyili. Ushbu tamoyil davlat va soliq to‘lovchilar tomonidan soliqlarni yig‘ish uchun ketadigan xarajatlarni mumkin qadar kamaytirishni ko‘zda tutadi. Buning uchun respublikamizda soliq solish tartibini takomillashtirish bilan bir qatorda soliqlarni maqbullashtirish, kompyuter texnologiyalari, soliq axborotlarining to‘g‘riligini bevosita nazorat qilish usullarini qo‘llash orqali soliq to‘lovchilarning xarajatlarini kamaytirish maqsadida davlat hisobidan saqlanadigan servis-markazlar, soliq solish masalalari xususida soliq organlari tomonidan bepul maslahatxonalar tashkil etilgan.