Soliq solishning yetarlilik tamoyili. Soliq solishning yetarlilik tamoyiliga muvofiq soliq solish darajasi shunday bo‘lishi lozimki, u davlat intilayotgan xalq xo‘jaligi samaradorligiga erishishni kafolatlay olsin. Soliqqa tortish tizimi iqtisodiyot, ijtimoiy himoya, mudofaa qobiliyati va boshqa sohalardagi davlat siyosatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan moliya resurslari to‘planishini ta’minlashi lozim. Shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, soliq stavkalari soliq yuki ko‘rsatkichi hisoblanmaydi, chunki soliq to‘lovchi soliq to‘lar ekan, davlat tomonidan bepul xizmatlardan bahramand bo‘lgani holda ayni chog‘da o‘zining ba’zi xarajatlarini qisqartiradi. Umuman olganda, yetarlilik tamoyili soliq siyosatini belgilayotganda uni davlatning qabul qilingan ijtimoiy-iqtisodiy siyosati bilan qat’iy uyg‘unlashtirishni taqozo etadi.
Soliq solishning tadbirkorlik va investitsiyalarni rag‘batlantirish tamoyili. Soliq tizimi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning ishlab chiqarishini rivojlantirish, uskunalar va zamonaviy texnologiyalar sotib olish uchun mablag‘ yo‘naltirish, ya’ni kapital jamg‘arish va shu yo‘l bilan texnologiyalarni takomillashtirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishi lozim.
Soliq solishning iqtisodiy omillarga ta’siri ikki xil ko‘rinishda bo‘ladi, ya’ni qiyosiy oqibat va daromad oqibati shaklida ifodalanadi. Qiyosiy oqibat mehnat natijalari, jamg‘arish, investitsiyalash, yangi g‘oyalarni joriy etish va ishlab chiqarish faoliyatining boshqa xil ko‘rinishlari bilan shug‘ullanish uchun nisbatan kamroq darajada rag‘batlantirishda namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, progressiv (oshib boruvchi) soliq solishda bunday oqibatning rag‘batlantirishga zid ta’siri yaqqol ifodalanadi.
Soliqlarning ta’siri investitsiyalar tarkibida ham yaqqol seziladi. Turli ko‘rinishdagi aktivlar uchun joriy etilgan har xil soliq tartiblari investitsiya imkoniyatlari va sarmoyadorlarning portfeli tarkibida sezilib qoladi. Soliq tizimidagi kamchilik va nuqsonlar iqtisodiy o‘sish sur’atlarining pasayib ketishiga olib kelishi mumkin, bu hol pirovard natijada davlat budjeti daromadlarining o‘zgarishiga ham ta’sir etmay qolmaydi.