Soliq solinmaydigan yer uchastkalari jumlasiga quyidagi yerlar kiradi: madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish obyektlari egallagan yerlar;
sport va jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish majmualari, onalar va bolalarning dam olish hamda sog‘lomlashtirish joylari, dam olish uylari hamda o‘quv-mashq bazalari egallagan yerlar;
shahar elektr transporti yo‘llari va metropoliten liniyalari, shu jumladan jamoat transporti bekatlari va metropoliten stansiyalari hamda ularning inshootlari egallagan yerlar;
aholi punktlarining suv ta’minoti va kanalizatsiya inshootlari (magistral suv quvurlari, vodoprovod tarmoqlari, kanalizatsiya kollektorlari va ularning inshootlari, nasos stansiyalari, suv olish va tozalash inshootlari, vodoprovod va kanalizatsiya tarmoqlaridagi kuzatish quduqlari va dyukyerlari, suv bosimi hosil qiladigan minoralar hamda shunga o‘xshash inshootlar egallagan yerlar);
magistral issiqlik trassalari, shu jumladan nasos (ko‘paytiruvchi, kamaytiruvchi, aralashtiruvchi, drenaj) stansiyalari, issiq suv ta’minotining issiqlikni hisobga olish va nazorat qilish asboblari, isitkichlari, sirkulatsiya nasoslari hamda shunga o‘xshash inshootlar egallagan yerlar;
ihota o‘rmon daraxtzorlari egallagan yerlar. Ihota o‘rmon daraxtzorlari jumlasiga quyidagilar kiradi: o‘rmonlarning daryolar, ko‘llar, suv omborlari va boshqa suv obyektlari sohillari bo‘ylab o‘tgan taqiqlangan mintaqalari; o‘rmonlarning ovlanadigan qimmatli baliqlar uvildiriq sochadigan joylarni muhofaza qiluvchi taqiqlangan mintaqalari; eroziyadan saqlaydigan o‘rmonlar; o‘rmonlarning temir yo‘llar va avtomobil yo‘llari yoqalab o‘tgan ihota mintaqalari; cho‘l va chala cho‘l zonalaridagi o‘rmonlar; shahar o‘rmonlari va o‘rmon-bog‘lari; shaharlar, boshqa aholi punktlari va sanoat markazlarining ko‘kalamzorlashtirilgan zonalari atrofidagi o‘rmonlar; suv ta’minoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalaridagi o‘rmonlar; kurort tabiiy hududlarni sanitariya jihatidan muhofaza qilish tegrasidagi o‘rmonlar; alohida qimmatga ega bo‘lgan o‘rmonlar; ilmiy yoki tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan o‘rmonlar;
tomchilatib sug‘orish qo‘llaniladigan yerlar — tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan oyning boshidan e’tiboran besh yil muddatga;
qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yangi o‘zlashtirilayotgan yerlar — vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan loyihaga muvofiq, ularni o‘zlashtirish ishlari bajariladigan davrda va ular o‘zlashtirilgan vaqtdan e’tiboran besh yil mobaynida;
melioratsiya ishlari amalga oshirilayotgan mavjud sug‘oriladigan yerlar — vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan loyihaga muvofiq, ishlar boshlanganidan e’tiboran besh yil muddatga;
yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlar, daraxtlarning qator oralaridan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish uchun foydalanilishidan qat’i nazar, uch yil muddatga. Kuzda o‘tqazilgan yangi ko‘chatlar uchun beriladigan soliq imtiyozi muddatini hisoblab chiqarish keyingi yilning 1-yanvaridan e’tiboran boshlanadi, bahorda o‘tqazilgan ko‘chatlar uchun esa joriy soliq davrining 1-yanvaridan e’tiboran boshlanadi;
ilmiy tashkilotlarning, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari hamda o‘quv yurtlariga qarashli tajriba, eksperimental va o‘quv-tajriba xo‘jaliklarining bevosita ilmiy hamda o‘quv maqsadlari uchun foydalaniladigan qishloq xo‘jaligi ahamiyatiga molik bo‘lgan yerlar va o‘rmon fondining yerlari. Ushbu bandga muvofiq ilmiy tajribalar, eksperimental ishlar, yangi navlarning seleksiyasi o‘tkazilishi uchun hamda mavzulari tasdiqlangan boshqa ilmiy va o‘quv maqsadlari uchun foydalaniladigan ekinlar hamda daraxtzorlar egallagan yer uchastkalari soliq to‘lashdan ozod qilinadi.
Ushbu moddada belgilangan soliq imtiyozlari belgilangan maqsadda bevosita foydalanilmayotgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
[OKOZ: 1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.11.00.00 Mahalliy soliqlar va yig‘imlar / 07.11.02.00 Er solig‘i / 07.11.02.02 Er solig‘i stavkalari]