6.2. Asosiy vositalarni turkumlash va baholash Asosiy vositalarni guruhlarga ajratishda asosiy e’tibor ularning natural-moddiy tarkibiga qaratiladi. Mehnat vositalarining bu turi natural-moddiy tarkibi bo‘yicha quyidagi turkumlarga ajratiladi.42 Bino, inshootlar va uzatuvchi moslamalar
6.1-rasm. Asosiy vositalarning natural-moddiy tarkibiga ko‘ra turkumi Yerni obodonlashtirish - yerni obodonlashtirish uchun sarf sifatida erni yangidan o‘zlashtirish, uning unumdorligini oshirish, turli transport vositalariga o‘tish va to‘xtash joylarini barpo etish, to‘siqlar va obodonlashtirishning boshqa turlari qiymati bilan yer maydonini obodonlashtirishga taaluqli xarajatlar ham hisoblanadi.
Binolar - asosiy konstruktiv qismlari jihatidan devorlar va tomga ega bo‘lib, ishlab chiqarish binolari, tsexlar, ustaxonalar, boshqarma binosi, omborxonalar, turar-joy binolari va boshqa ishlab chiqarish, ma’muriy-xo‘jalik va ijtimoiy-maishiy maqsadlarda foydalaniladigan obyektlar hisoblanadi. Binolardan foydalanishda zarur bo‘ladigan ularning ichidagi kommunikatsiya vositalari (isitish, yoritish, shamollatish, suv-gaz ta’minoti tizimi, elektr quvvati uzatuvchi va yorituvchi elektr simlarining ichki tarmog‘i, ichki telefon va signalizatsiya vositalari, yukko‘targichlar va lift xo‘jaligi) ham binolar tarkibiga kiritiladi.
Inshootlar mehnat jarayoni va uning natijalarini o‘zgartirmagan holda ishlab chiqarish jarayonlarining texnikaviy yoki umumiy vazifalarini bajarishga sharoit yaratishda xizmat qiladigan yoki turli noishlab chiqarish vazifalarini o‘taydigan obyektlar hisoblanib, inshootlar sifatida neft va gaz quduqlari, shaxta yo‘llari, avtomobil yo‘llari, yo‘laklar, ko‘priklar, estakadalar, tunnellar, ko‘cha yoritish chiroqlari, plyajlar, to‘g‘onlar va boshqalar hisobga olinadi.
Uzatuvchi moslamalar sifatida mashina-dvigateldan ish mashinalariga elektr, issiqlik, mexanik energiyani uzatishga, shuningdek, suyuq va gazsimon moddalarni bir obyektdan boshqa obyektga yetkazib berishga xizmat qiladigan, energiya va axborotlarni etkazishda tugallangan funktsional qurilmalar (elektr uzatish yo‘llari, quvur yo‘llari, issiqlik va gaz tarmog‘i hamda boshqalar) tan olinadi.
Mashina va uskunalar o‘z navbatida, kuch mashina va uskunalari, ish mashina va uskunalari, o‘lchov va rostlash asboblari, kompyuterlar va hisoblash texnikalari hamda boshqa mashina va uskunalar guruhlaridan tarkib topadi.
Kuch mashina va uskunalari sifatida elektr va issiqlik quvvatlarini ishlab chiqaradigan yoki turli ko‘rinishdagi quvvat (energiya)ni mexanik harakat quvvatiga aylantirib beradigan generator-mashinalar, dvigatel mashinalar (qozonxonalar, bug‘ dvigatellari, turbinalar, kuch transformatorlari va boshqalar) hisobda aks ettiriladi.
Ish mashinalari va uskunalari ishlov beriladigan mehnat buyumlari va vositalariga mexanik, termik, kimyoviy yoki boshqa yo‘sinda texnologik ta’sir ko‘rsatishga, ularni ishlab chiqarish jarayonida qo‘zg‘atish, qazib olish, eritish, tayyorlashga xizmat qiladigan qurilmalar (dastgohlar, tsex uskunalari, kompressorlar, nasoslar, elektr va gaz payvandlagichlar, apparatlar, agregatlar)dir.
O‘lchov va rostlash asboblari foydalaniladigan texnik ishlardagi turli parametr (ko‘rsatkich)larni o‘lchash, ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarish, xom-ashyo, materiallar va tayyor mahsulotlar sifatini tekshirish, namlik darajasi, shovqin ta’siri va boshqalarni o‘lchashda ishlatiladi. Ularga manometrlar, tarozilar, mikroskoplar, dispetcherlik nazorati va boshqalar kiradi.
Mebel va ofis jixozlari - idora (ofis) ishlarini va xo‘jalikni yuritishda zarur bo‘lgan idoragi divan, kravat va boshqalardir.
Kompyuter uskunalari va hisoblash texnikasi ma’lumotlarni elektron hisoblash mashinalarida qayta ishlash, saqlash, uzatish, o‘zgartirishga mo‘ljallangan vositalar bo‘lib, ular kompyuterlar, printerlar, nusxa ko‘chirish vositalari, yozuv mashinalari va boshqa kompyuter vositalari hisoblanadi;
Transport vositalari - kishilarni hamda yuklarni va turli maqsadlardagi buyumlarni tashishga mo‘ljallangan harakat vositalari: temir yo‘l, suv, havo transporti harakati tarkibi, shahar transporti harakati tarkibi (metropoliten vagonlari, tramvay), avtomobil, kommunal transporti va muhim neft quvur yo‘llaridir.
Ishchi hayvonlarga har bir etilgan ot, ho‘kiz, tuya, bug‘ular, mahsuldor hayvonlarga esa sigir, buqa, qo‘y, qo‘chqor, echki, cho‘chqa kabilar kiritilib, har biri alohida inventar obyekti sifatida hisobda aks ettiriladi.
Ko‘p yillik daraxtlar alohida xiyobon, park, bog‘dagi miqdori va yoshidan qat’iy nazar ekilgan daraxtlar guruhi hisoblanib, ular ikkiga: mevali va manzarali daraxtlarga guruhlanadi .
Boshqa asosiy vositalarga kutubxona fondlari, musiqa asboblari, sport inventarlari va boshqalar kiradi.
Konservatsiyalangan asosiy vositalar - hukumat idoralarining qarorlari asosida zaxiraga o‘tkazilgan va konservatsiyalangan asosiy vositalar. Qurilishi tugallanmagan obyektlarni va asosiy fondlarni konservatsiyalash va konservatsiyalashdan chiqarish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 20 avgustdagi 397-son maxsus qarori bilan tasdiqlangan.