1. Davlat moliyaviy nazoratining mazmuni
O‘zbekiston Respublikasida davlat moliyaviy nazorati davlat mablag‘larini sarflash
bo‘yicha qonunchilik va me’yoriy-huquqiy hujjatlarga, me’yorlarga, stpndartlarga va
qoidalarga rioya etilishi ustidan nazorat bo‘yicha harakatlar va operatsiyalar
yig‘indisini bildiradi.
Davlat budjetini-shakllantirish va sarflanishidagi rezervlarni, moliyaviy va
moddiy resurslarni boshqarishning barcha darajalarida operatsiyalarning maqsadga
muvofiqligi va samaradorligini, qonuniylik tamoyillaridan chetga og‘ish va ularni
buzishlarni aniqlash nazorat tizimi vazifasiga kiradi. Nazoratning maqsadi -
tuzatish choralarini ko‘rish, aybdorlarni javobgarlikga tortish va buzilishlarning
oldini olishdan iborat.
Davlat nazorat organlarining vazifasi, eng avvalo, davlat qonunlari va
Prezident farmonlarining ijrosini; ajratilgan budjet mablag‘lari yo‘naltirilishining
qonuniyligi, to‘g‘riligi va maqsadga muvofiqligini; hukumat va uning organlari
faoliyatining samaradorligini, moliyaviy va moddiy resurslarni boshqarishning
barcha darajalarida davlat mablag‘lari samarali va tejab sarflanishini tekshirishga
yo‘naltirilishi kerak.
Davlat hokimiyati, birinchi navbatda, qonun chiqaruvchi organlar va ijroiya
hokimiyati organlari va nazorat qilish vakolatiga ega bo‘lgan boshqaruv organlari
budjet-moliya nazoratining subyektlari sifatida ishtirok etadilar. O‘zbekistonda bu
Oliy Majlis, Prezident devoni, Vazirlar Mahkamasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq
qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Markaziy bankdir.
Davlat moliyaviy resurslarini boshqarish – jamiyat oldidagi ulkan mas’uliyat, shu
sababli budjet–moliya nazorati boshqaruvning zaruriy elementi bo‘lishi shart.
Budjet-moliya nazorati – davlat nazoratining asosiy turidir.
Budjetning daromad va xarajat qismlarini tekshirish vazifasi faqat budjet-moliya
nazoratiga xos bo‘lib, u moliyaviy nazoratning mohiyatini g‘oyat yorqin aks
ettiradi. Hozirgi kunda davlat budjeti oldida turgan vazifalarni qay darajada amalga
oshirilishi, moliyaviy nazorat tizimining qay darajada shakllanganligi bilan
belgilanadi.
Shuningdek, davlat budjet mablag‘laridan foydalanishda huquqiy tartiblarga rioya
etilishini kuzatib borish, amalga oshirilayotgan moliyaviy harakatlarning iqtisodiy
asoslanganligi va samaradorligini bu harakatlarning davlat oldida turgan
vazifalarga muvofiq kelishini moliyaviy nazoratini olib borish iqtisodiy
sharoitlardan kelib chiqmoqda.
Davlat moliyaviy nazorati davlatning moliyaviy siyosatini amalga oshirilishiga, budjet
mablag‘laridan samarali foydalanish sharoitlarini yaratishga ko‘maklashadi. Birinchi
navbatda u barcha darajadagi budjetlarning va budjetdan tashqari fondlarning
tuzilishi, ko‘rib chiqilishi, tasdiqlanishi va ijrosi ustidan, korxonalar va tashkilotlar,
banklar va boshqa moliya muassasalarining moliyaviy faoliyati ustidan nazoratni
nazarda tutadi. Iqtisodiyotning nodavlat sektori ustidan davlat moliyaviy nazorati
faqatgina ularning davlat oldidagi moliyaviy majburiyatlarini bajarilishiga, shu
jumladan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lanishi, kreditlar va boshqa
mablag‘lardan foydalanishning qonuniyligi va maqsadliligiga rioya qilinishi, pulli
hisob-kitoblarni tashkil qilishda hukumat tomonidan o‘rnatilgan qoidalarning
bajarilishi, buxgalteriya hisobi va hisobotlarini yuritilishiga tegishlidir.
Dostları ilə paylaş: |