O‘zbekistonda moliyaviy siyosatning hozirgi kundagi asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
• davlat byudjetidagi defisitni yo‘l qo‘yilgan eng kam daraja doirasida (YaIMning 3-4%i atrofida) cheklashga yo‘naltirilgan qattiq moliyaviy siyosatni amalga oshirish;
• davlat xarajatlarining birinchi navbatda iqtisodiyotdagi zarur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, ishlab chiqarishning o‘sishini ko‘zlab yo‘naltirishni ta'minlash;
• ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish talablaridan kelib chiqqan holda, aholining ijtimoiy himoyasini ta'minlash, aholining konstitusiya bilan kafolatlangan huquqlarini himoya qilishni ta'minlovchi moliyaviy bazani yaratish, erkin mehnat va ishbilarmonlik asosida aholi turmush darajasini ko‘tarish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
• ijtimoiy himoyaning adresli bo‘lishiga, moliyaviy mablag‘larning ijtimoiy yordamga haqiqatda muhtoj aholi qatlamlariga yetib borishini ta'minlash;
• Davlat byudjeti va korxonalar moliyaviy ahvolining barqarorligini ta'minlash;
• byudjet intizomiga qat'iy rioya qilish;
Hozirgi sharoitda ishlab chiqilgan davlat moliya siyosati konsepsiyasining maqsadi iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, ijtimoiy ishlab chiqarish samaradorligini butun choralar bilan oshirish asosida jamiyat a'zolarining turmush farovonligi darajasini ta'minlashdan iborat.
Xo‘jalik yuritishning turli-tuman shakllaridan foydalanish jamoat talab-ehtiyojlarini yaxshiroq qondirish, resurslarni tejash, mahsulot assortimenti va texnika bazasini yangilash, mehnat jamoalarining ijtimoiy muammolarini hal etishi yo‘lida raqobatni rivojlantirish, tashabbuskorlik ko‘rsatish uchun shart-sharoitlarni yaratadi.