Taqlid va uning o'rganilish tarixi Taqlid soʻzlar - maʼno va shakliy xususiyatlariga koʻra, alohida guruhni tashkil qiluvchi, kishilar, hayvonlar va boshqa jonli, jonsiz narsalarning tovushini, harakat-holat obrazini taqlidan ifodalovchi soʻzlar. Taqlid soʻzlarning baʼzilari tovushga taqlidni bildiradi, baʼzilari esa harakat-holat va hodisa obraziga taqlidni koʻrsatadi. Shunga koʻra taqlid soʻzlarning 2 turi farqlanadi: tovushga taqlidni bildiradigan soʻzlar (shuningdek onomatopeya deb ham ataladi); obraz (tasvir)ga taqlidni bildiradigan soʻzlar. Tovushga taqlid soʻzlar eshitish bilan, obrazga taqlid soʻzlar koʻrish bilan aloqadordir, yaʼni tovushga taqlid soʻzlar ifodalagan tovushni faqat eshitish mumkin (qars-qurs, taq, duk-duk, gʻiyq, miyov kabi); obrazga taqlid soʻzlar ifodalagan holat, harakatni faqat koʻrish mumkin (jivir-jivir, lip-lip, yalt-yult, hang-mang kabi).
Turkologiyada taqlidiy12 so’zlarni o’rganishga bag’ishlangan maxsus ishlar o’tgan asrning yigirmanchi yillaridan keyin yuzaga kelgan va turkiy tillarning ko’pchiligida taqlidiy so’zlar kategoriyasi u yoki bu darajada ishlangan. O’zbek tilshunosligida esa bu masala 60-yillargacha alohida tadqiqot obyekti sifatida o’rganilgan emas. O’sha paytgacha o’zbek tili bo’yicha yozilgan grammatikalarda va qo’llanmalarda taqlidiy so’zlarga juda kam o’rin berilgan va ularning ko’pchiligida taqlidiy so’zlar undov so’zlarning ajralmas qismi sifatida ko’rsatilar edi.
O’tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab taqlidiy so’zlar masalasi olimlarimiz e’tiborini o’ziga tortdi. Ular mavzu ustida ma’lum darajada kuzatishlar olib borib, u yoki bu holatdagi o’z fikrlarini o’rtaga tashladilar. Jumladan, A.N.Kononov «O’zbek tili grammatikasi»13 asarida taqlidiy so’zlarni undovlarning bir ko’rinishi deb ko’rsatsa, 1956-yili nashr qilingan «Hozirgi turk adabiy tilining grammatikasi»14 asarida ularni alohida so’z turkumi qilib ajratadi. Demak, A.N.Kononov oldingi asarlarida tasviriy so’zlarni undovlarning bir turi sifatida ko’rsatsa ham, 1956-yili ularni mustaqil so’z turkumi qilib ajratish kerak, degan xulosaga keladi va «Hozirgi o’zbek adabiy tili grammatikasi» asarida bu xulosasini qat’iy bayon qiladi.
A.G’ulomov o’zining maktablar uchun tuzgan darsliklarida, «O’zbek tili morfologiyasiga kirish» asarida taqlidiy so’zlarni undovlarning bir turi sifatida ko’rsatsa-da, 1957-yil avgustida maktablarda o’zbek tilini o’qitishni yaxshilash masalalari bo’yicha o’tkazilgan respublika konferensiyasida qilgan ma’ruzasida taqlidiy so’zlarni ayrim tur qilib ajratish lozimligini alohida qayd qiladi16. U.Tursunov va J.Muxtorov17, S.Mutallibov18, S.Usmonovlar19 o’z asarlarida tasviriy so’zlarni undovlardan ajratib, alohida so’z turkumi sifatida qaraydilar. S.Mutallibov 1956-yili «O’qituvchilar gazetasi»da taqlid so’zlar to’g’risida maqola e’lon qildi. Bu maqolada tovushga taqlid so’zlar ham, obrazli so’zlar ham tovushga taqlid so’zlar termini bilan ataladi. Ishda ancha chalkash fikrlar ham aytilgan. Ammo S.Mutallibov keyinroq nashr qilgan ocherklarida20 bu masalaga aniqliklar kiritdi. Lekin har ikkala ishda ham tasviriy so’zlarga oid ayrim misollarni izohlashda ayrim chalkashliklarga yo’l qo’yilgan. Masalan, ko’proq tovushga taqlid so’zlarni harakat va holat tasvirini bildiruvchi so’zlar bilan aralashtirib yuborish hollari uchraydi. Uning maqolasida yaltiroq, yalt-yult, lim-lim, g’imir-g’imir so’zlarini, ocherklarida esa dikillamoq21 kabi so’zlarni tovushga taqlid deb atashi fikrimizning isbotidir. Keltirilgan so’zlarni tovushga taqlid so’z emas, holatga taqlid (obrazli) so’zlar deb hisoblash kerak.
S.Mutallibov tovushga va holatga taqlid so’zlarni birlashtirib, ularga quyidagicha ta’rif beradi: «Hayvonlar, jonivorlar, qush-qurtlar va odamlar, narsalar harakatidan paydo bo’lgan tovushlarga shartlicha taqlid qilib yasalgan so’zlar tovushga taqlidiy so’zlar deb ataladi»22.
Bu ta’rif taqlidiy so’zlarning barcha xususiyatlarini o’zida mujassamlashtira olmaydi. Bu ta’rifda holatga taqlid so’zlarga fikr bildirilmagan.