So’z boshi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillikka erishgandan buyon barcha sohada bo'lgani kabi fan sohasida, qolaversa, chet tillar bo'yicha ham talaygina yutuqlar qo'lga kiritildi. Respublikamizning oliy o'quv yurtlaridagi yetakchi professor o'qituvchilari tomonidan ko'plab yangi tipdagi, zamon talablariga javob beradigan darsliklar, qo'llanmalar yaratildi. Ushbu uslubiy qo`llanma ham yaratilgan yangi darsliklar va qo'llanmalarning davomi sanalib, u "Nemis amaliy grammatikasi" deb nomlandi. O`quv qo`llanma pedagogika institutlari va universitetlarining nemis tili fakultetlari talabalari uchun mo'ljallangan. Mazkur o`quv qo`llanma grammatikaning ”Morfologiya“ bo'limini o'z ichiga olib, u nemis tili grammatikasini o'qitish dasturi Davlat ta'lim standarti talablariga to'liq javob beradi. O`quv qo`llanmada berilgan grammatik mavzular ona tilida tushuntirilib, uning mazmunini mustahkamlovchi mashqlar bilan to'ldirilib berilgan. Mashqlar asosan nemis tili amaliy grammatikasini mukammal o'rganish uchun asos bo'la oladi. Bu mashqlar so'nggi uch yil ichida pedagogika institutlarining xorijiy tillar fakulteti talabalari (misolida) bilan sinov (aprobatsiya) dan o'tkazildi va ijobiy natijalar ko'rsatdi. Ushbu o`quv qo`llanma nemis tili grammatikasini o'rganishga amaliy jihatdan asqotadi. O`quv qo`llanma nafaqat nemis tili fakultetlari bakalavrlari uchun, balki nemis tilini o'rganuvchi magistrlar, aspirantlar va chet tili o'qituvchilar, oliy o'quv yurtiga kiruvchilar uchun ham mo'ljallangan. Mazkur o`quv qo`llanmaning maqsadi nemis tilini o'rganuvchi bakalavrlarga uning grammatikasi bilan yaqindan tanishtirish va amaliy nazariy bilimlarini uyg'unlashtirgan holda ularning bilimlarini oshirish, dunyoviy bilimlar bankiga ega bo'lish imkoniyatini yaratishdan iboratdir. Bundan tashqari darslikning o'zbek tili varianti lotin alifbosida yozilgani ham uning zamon talablari asosida tuzilganligidan dalolat beradi. Bu o`quv qo`llanmaning yaratilishida o'z maslahatlari bilan yaqindan yordam bergan professor-o'qituvchilarga va barcha o'rtoqlarga muallif samimiy minnatdorchiligini izhor etadi. O`quv qo`llanmani takomillashtirish maqsadida bildiriladigan qimmatli fikr va mulohazalarni mamnuniyat bilan qabul qilaman. Muallif