Birinchi toifa. Muammoli vaziyat ko‘pincha talaba yangi amaliy sharoitlarda oldin o‘zlashtirgan bilimdan foydalanish zaruriyati bilan duch kelganda hosil bo‘ladi. Bunda ta’lim oluvchilar amaliy topshiriqlarni echish uchun bilim, ko‘nikma va malakalarning yetarlicha emasligi dalili bilan tez-tez duch keladi. Bu dalilni anglash talabalarda ongli qiziqishni uyg‘otadi hamda yangi bilimlarni izlashga undaydi.
Ikkinchi toifa. Topshiriqni echishning nazariy mumkin bo‘lgan yo‘li va tanlangan usulning amaliy jihatdan amalga oshirilmasligi orasida qarama-qarshilik bo‘lgan holda muammoli vaziyat oson yuzaga keladi.
Uchinchi toifa. O‘quv topshirig‘ini bajarish natijalariga amaliy jihatdan erishish va talabalarda uni nazariy asoslash uchun bilimlarning yo‘qligi orasida qarama-qarshilik bo‘lganda muammoli vaziyat yuzaga keladi.
To‘rtinchi toifani eng ko‘p tarqalgan deb hisoblash mumkin. Agar talabalar qo‘yilgan masalaning echish usulini bilmasa, ya’ni talabalar tomonidan yangi dalilni tushuntirish uchun oldingi bilimlarining yetarli emasligi tan olingan holda muammoli vaziyat yuzaga keladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, muammoli vaziyat o‘quv-ishlab chiqarish jarayonida talabalarda kasbga bo‘lgan qiziqishlarni shakllantirish va rivojlantirishning eng muhim omili bo‘ladi.
O‘quv materialini muammoli bayon qilish uslubini qo‘llash, amaliy muammoli-qidiruv ishlarini bajarish, hatto tadqiqot ko‘rinishidagi amallarni olib borish to‘g‘risida so‘z yuritish mumkin.
O‘quv materialini muammoli uslub yordamida o‘tish muammoli tuzilgan ma’ruza uslubi orqali bilim bayoni davomida mulohaza yuritish, isbotlash, umumlashtirish, dalillarni tahlil qilish, talaba fikrini o‘z ortidan ergashtirish, uni faolroq bo‘lishiga undash kabi usullardan foydalanishni ko‘zda tutadi.
Muammoli bayon -ta’lim oluvchilarni muammoli o‘qitishga o‘ziga xos tayyorlashdan iboratdir. Bu shunday o‘qitishki, unda talabalar oldida bilim olish sohasiga doir vazifalar qo‘yiladi hamda ular bu vazifalarni hal etish yo‘llarini mustaqil ravishda yoki o‘qituvchi yordamida izlaydilar. O‘quv materialini muammoli bayon qilish shunday tuziladiki, bunda o‘qituvchining o‘zi muammo qo‘yadi, o‘zi uni hal etadi, talabalarga muammoni hal etish namunasini ko‘rsatadi. U talabalar tafakkurini turli usullar bilan faollashtiradi, talabalar ham muammoning qanday hal etilishini kuzatib boradilar. O‘qituvchi talabani muammoni hal etishning ishtirokchisiga aylantiradi. Bunda o‘qituvchi fikr yuritishni faollashtirishning tajribalar o‘tkazish, diafilmlar va kinofilmlar, virtual lavhalarni namoyish qilish, masalalar qo‘yish hamda ta’lim oluvchilarning tajriba boshlanishidan oldin turli taxminlarni aytishlari singari vositalardan foydalanadi. Shu tarzda talabalarning tajribaga jiddiy e’tiborini qaratishga, ularni fikr yuritish faoliyatiga, tajriba ma’lumotlarini umumlashtirishga, xulosalarni ta’riflashga jalb etishga erishiladi.
Ammo talabalar o‘qituvchi muammoni hal etish sari qanday yo‘l bilan borayotganligini faqat kuzatib tursalar, ilmiy fikr yuritish metodini egallay olmaydilar. Talabalarning o‘zlarini izlanish faoliyatiga asta-sekin jalb etish ana shu maqsadga xizmat qiladi.
Muammoli ta’limda qisman izlanma va evristik qidiruv metodlarini qo‘llash mumkin. Bunda o‘qituvchi ta’lim oluvchilar oldiga qator izchil va o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lgan savollar majmuini qo‘yadi. Talabalar ularga javob berganda qandaydir shakllarni aytadilar. Aytganlari to‘g‘riligini mustaqil isbotlashga harakat qiladilar. Shu bilan birga yangi bilimlarni o‘zlashtirishda mustaqil ravishda oldinga siljishni amalga oshiradilar. Agar evristik suhbatda bunday taxminlar yangi mavzuning faqatgina biror qismiga aloqador bo‘lsa, muammoli – qidiruv suhbatda talabalar muammoli vaziyatning butun bir tizimini echadilar.Ta’limning muammoli – qidiruv uslublarida ko‘rgazmali qo‘llanmalar esda saqlashni faollashtirish maqsadida emas, balki darsda muammoli vaziyatni yaratadigan eksperimental masalalarni qo‘yish uchun ishlatiladi. Bu usulda talabalarga mustaqil fikrlashining ustuvor sabablarini aniqlash oson ko‘chadi.