Radiouzatish qurilmalarining vazifasi Radiouzatish qurilmasi (RUQ) deb antennaga beriladigan va fazoda tarqaladigan yuqori chastotali (YuCh) va o‘ta yuqori chastotali (O‘YuCh) tebranishlarni generatsiyalash, quvvat bo‘yicha kuchaytirish va modulyatsiyalashga xizmat qiladigan radiotexnik apparatlarga aytiladi.
Uchta funksiyalar - generatsiyalash, kuchaytirish va modulyatsiyalash funksiyalari umumiy tushuncha – ma’lumotlarni tashiydigan tebranish tushuniladigan signalni shakllantirish bilan birlashtiriladi. Fazoga nurlantiriladigan bunday elektromagnit signal radiosignal deyiladi. Uchinchi funksiya – modulyatsiyalash dastlabki xabarni (masalan, nutq yoki televizion signalni) YuCh yoki O‘YuCh tebranishga yuklash jarayoni hisoblanadi.
Texnologik tomondan radiouzatish qurilmalari ma’lum elektr sxema bo‘yicha o‘zaro ulangan integral mikrosxemalar, tranzistorlar, diodlar, elektr vakuum asboblar, kondensatorlar, transformatorlar va ko‘plab boshqa elementlar to‘plamidan iborat. Eng takomillashgan konstruksiyalar to‘lig‘icha yarim o‘tkazgichli gibrid va integral mikrosxemalardan tashkil topadi. Radiouzatichlar ma’lum radioelektron tizim doirasida ma’lumotlarni uzatish uchun xizmat qiladi. Ularga quyidagi tizimlar kiradi:
ovoz va televizion radiouzatish tizimlari;
yer usti vositalari yordamida radioaloqa, xususan, sotali radioaloqa tizimlari;
global kosmik radioaloqa, televizion radiouzatish va radionavigatsiya tizimlari;
turli xil ob’ektlarni radioboshqarish va radiotelemetrik nazorat qilish tizimlari;
olis masofali, o‘rta va yaqin ishlash radiusili radiolokatsion tizimlar.
Radioelektron tizimning vazifasiga bog‘liq ravishda radiouzatkichlarning lampali yoki yarim o‘tkazgichli turlari, YuCh yoki O‘YuCh diapazon radiouzatkichlari, uncha katta bo‘lmagan yoki oshirilgan quvvatli radiouzatkichlar, uzluksiz yoki impulsli rejimda ishlaydigan radiouzatkichlar qo‘llanadi.
O‘ziga xos piramida ko‘rinishida berilishi mumkin bo‘lgan radioelektron tizim tarkibida radiouzatkichning o‘rnini aniqlaymiz (2.1- rasm). Piramidaning pastki darajasini tranzistorlar, diodlar, kondensatorlar, integral mikrosxemalar va boshqalarni o‘z ichiga oladigan elementlar asosi tashkil etadi. Ulardan bo‘g‘inlar tuziladi, bo‘g‘inlar funksional tugallangan zanjirlarga, ya’ni avtogenerator, chastota o‘zgartirgichi, modulyator, tebranishlar quvvati kuchaytirgichi, demodulyator, o‘ta yuqori chastotali, yuqori, oraliq va past chastota kuchaytirgichlari va boshqalar kabi kaskadlarga birlashtiriladi.
Navbatdagi daraja kam shovqinli O‘YuCh kuchaytirgich, signal modem-modulyator va demodulyatori, signalga ishlov berish bloki, YuCh yoki O‘YuCh tebranishlar quvvatini kuchaytirish bloki, radioqabul qilgichning chiziqli trakti, antenna-fider trakti va boshqalar kabi bloklar hisoblanadi. Piramidaning keyingi yuqori darajasi funksional tugallangan qurilmalar – turli radiotexnik tizimlar tarkibida mustaqil ishlaydigan radioqabul qilgichlar, radiostansiyalar, radiolokatorlar, televizorlar va boshqalarni o‘ ichiga oladi. Qaralayotgan piramidaning aynan bu darajadasida radiouzatish qurilmalari joylashgan.
Qurilmalarda faqat integral mikrosxemalar qo‘llanganda uchta quyi darajalar bittaga birlashtiriladi.
1- rasm. Radioelektron tizim tarkibida radiouzatkichning o‘rnini aniqlash