1.3. Kuchaytirgichlarning ish rejimlari O‘tish xarakteristikasida dastlabki ishchi nuqtani tanlashga bog‘liq ravishda ish rejimlar A, V, AV, S va D rejimlar bo‘lishi mumkin.
A rejim. Bunda signal bo‘lmaganida sxemaning holatini aniqlaydigan va Ik0 osoyishtalik toki deyiladigan IN dastlabki ishchi nuqta xarakteristika chiziqli qismining taxminan o‘rtasida joylashadi (1.12- rasm). Bu rejimda Usil siljitish kuchlanishi Ukirm kirish kuchlanishidan doimo katta, ya’ni Usil> Ukirm bo‘ladi, kollektor tokining o‘zgarmas tashkil etuvchisi esa o‘zgaruvchan tashkil etuvchidan katta bo‘ladi yoki taxminan unga teng, ya’ni Ik0 ≥ Ikm bo‘ladi. Sinusoidal kirish signaliga sinusoidal chiqish toki mos keladi, nochiziqli buzilishlar minimal, lekin kaskadning foydali ish koeffitsienti atigi 20-30% ni tashkil etadi.
1.12- rasm. A ish rejimi
V ish rejimi. Bu rejimda dastlabki ishchi nuqta koordinatalar boshi bilan mos tushadi, ya’ni osoyishtalik toki Ik0=0 bo‘ladi. Kirishga sinusoidal signal berilganida chiqish zanjiridagi tok davrning yarmi davomida oqib o‘tadi va θ=π/2 kesish burchagili impulslar shakliga ega bo‘ladi. V rejimda ishlaydigan kaskadning foydali ish koeffitsienti 60–70%. Lekin chiqish signalining shakli o‘tish xarakteristikasining nochiziqli oralig‘i tufayli buziladi (1.13- rasm).
1.13- rasm. V ish rejimi
AV rejim oraliq holatni egallaydi (1.14- rasm). Bu rejimda kesish burchagi dastlabki IN ishchi nuqtani Iko osoyishtalik toki yordamida noldan uzatish xarakteristikasining chiziqli oralig‘i boshlanishiga surish hisobiga birmuncha katta bo‘ladi.
1.14- rasm. AV ish rejimi
C ish rejimi.Bunda ik tok kirish signali davrining yarmidan kam vaqt oralig‘i davomida, θ<π/2da oqib o‘tadi. Osoyishtalik toki nolga teng bo‘ladi. Bu rejim yuklamasi tebranish konturi bo‘lgan tanlovchan kuchaytirgichlarda ishlatiladi.
D rejimi. Bu kalit rejimi bo‘lib, bunda tranzistor faqat ikki holatda to‘liq ochiq (to‘yinish rejimi) yoki to‘liq yopiq (kesish rejimi) bo‘lishi mumkin (1.15- rasm).
1.15- rasm. D ish rejimidagi chiqish xarakteristikasi
D rejimning afzalligi yuqori foydali ish koeffitsientidan, kamchiligi esa kuchaytirish sxemasining murakkabligidan iborat.