1.2 Arab va o‘zbek tillarida atamalarning farqli jihatlari
Fan va texnika olamida doimo muhim o‘rin egallab kelgan axborotdan foydalanish masalasi bugun ulkan ahamiyat kasb etmoqda. Aytish mumkinki, ko‘z o‘ngimizda axborotning umumiy nazariyasi mustaqil fan sifatida shakllanmoqda. Binobarin, terminning unda tutgan o‘rni hamda vazifasini aniqlash vaqti yetdi.
Zamonaviy bilimning har bir sohasiga kelayotgan axborot oqimi va tadqiqotning o‘ta murakkab vazifalari deyarli har bir fanni nisbatan xususiy ilmiy tarmoqlarga bo‘linishga majbur qilmoqda. Ikkinchi tomondan, olamni butun holda tushunish istagi olimlarni kompleks tadqiqotlar, turli fanlar imkoniyatini birlashtirish tomon yetaklamoqda.
Natijada fanlarning tutashib, hatto, qo‘shilib ham ketishi sodir bo‘lmoqda. Misol uchun bioximiya, geofizika kabi fanlarni qiyoslang. Bunga matematik metodlarning tibbiyot, tarix, tilshunoslik singari aniq fanlardan juda uzoq sohalarga kirib borayotganini ham qo‘shish kerak. O‘zaro ta’sir, bir-biriga o‘tish, birlashish jarayoni termin va fanlarning, maxsus so‘zlarning muqarrar ravishda boshqa sohalarga ko‘chishiga, ularning umumilmiy, «sohalararo» terminlarga aylanishiga olib kelmoqda.
Maxsus leksikaning hozirgi adabiy tilga keng ko‘lamda kirib kelish jarayoni ham diqqatga sazovor. Chexiyalik tilshunos K.Soxorning hisob-kitoblariga qaraganda, 900 ta so‘z ilmiy va texnikaviy terminlarga taalluqli ekan. Bunday manzara hozirgi rus tilida ham kuzatiladi, deb taxmin qilish uchun asos bor.
O‘z-o‘zidan ayonki, maxsus leksika doimo mutaxassislar nutqida qo‘llanadi. Shuningdek, leksikaning miqdor nuqtayi nazardan kamroq, ammo mohiyatan juda salmoqli boshqa qismi vaqt o‘tishi bilan butun jamiyatning mulkiga, umummilliy tilning tarkibiy qismiga aylanadi. Aynan shu yerda maxsus va umumadabiy leksikaning o‘zaro ta’siri muammosi paydo bo‘ladi..
Ma’lumki, terminologiyani turli nuqtayi nazardan o‘rganish mumkin. Anjumanning «Terminologiyaning lingvistik masalalari» deb nomlanganining o‘ziyoq nima bilan shug‘ullanishimiz lozimligini ko‘rsatib turibdi. Kartalogik, psixologik va tarixiy aspektlar terminologiyaning lingvistik muammolarini chuqur o‘rganishga va pirovard natijada, terminologiyani yaratish va tartibga solish ishlari bilan uzviy bog‘langan [14, 132].
Hozirgi paytda go‘yo bilim va faoliyatning biror sohasiga taalluqli tushuncha bilan bog‘liq terminni so‘z yoki so‘z brikmasi sifatida tushunish masalasida leksikologlar orasida kelishmovchiliklar deyarli yo‘q. Ammo terminlar tushunchalarning o‘zaro aloqasi va bir-biriga ta’sirining rang-barang ko‘rinishlarini aks ettiradi. Ularning aynan shu funksiyalari terminologiyani tartibga solish ishlarini uzluksiz ravishda olib borish lozimligini ko‘rsatadi. Chunki terminologiya leksikologiyaning ongli ta’sirga, boshqarish va tartibga solishga nisbatan oson beriladigan sohasidir.
Albatta, me’yorlashtirishni mantiq va tilshunoslik tushunchalariga asoslangan nazariy zaminsiz tasavvur qilish qiyin. Tadqiqotlarning cheklanmagan ko‘lami aynan shu yerda boshlanadi. Tilshunoslik uchun juda dolzarb terminologik muammolar doirasini belgilab olish vaqti keldi.
Modomiki, termin tizimning o‘ziga xos unsuri ekan, uning o‘zi ham tizimli xususiyatga ega bo‘lishi kerak. Bu esa, o‘z navbatida, so‘z qoliplari qurilma va so‘z birikmalarining sintaktik tavsifi bilan bog‘liq qator masalalarni hal qilishni taqozo etadi.
Tilda yasovchi qoliplar va so‘z sintaktik aloqalarining ko‘pligi terminologik leksikada bir qolip va sintaktik qurilmaga nisbatan samarali, mantiqan asosli va afzal ekanligini aniqlash muammosini ko‘ndalang qilib qo‘ymoqda.
Bizning atrof-muhit haqidagi bilimlarimizning takomillashib borishi bilan fan va texnikadagi tushunchalar ham rivojlanib va chuqurlashib boradi. Shuning uchun tilshunoslar yangidan yaratilayotgan terminlarning faol me’yorlashtiruvchi ta’sirini tahlil qilishdan chetda turmasliklari kerak.
Tilshunoslar aralashuvisiz yaratilgan terminlar, ko‘pincha, yaroqsiz bo‘lib qolayotgannini hayot ko‘rsatmoqda. Shunga qaramasdan, ular tartibsiz ravishda tilga chuqur singib ketmoqda. Tarixan tarkib tolgan terminologiyada kuzatiladigan ziddiyatlar ham jiddiy e’tiborni talab qiladi.
Chet tillardan termin olish va baynalmilal atamalardan foydalanish doimo terminologlar e’tiborida bo‘lgan. Biroq biz baholash mezonlarining u yoki bu chet terminining kelib chiqishi bilan bog‘liq emasligini, balki tizimlilik, mantiqiy-lisoniy asoslanganlik, qisqalik, yasalish mahsuldorligi talabalariga va, eng avvalo, qabul qilib olayotgan til – reseptorga singib ketish talabiga mosligi bilan belgilanishini ham bilamiz.
Qisqartma terminlar zahirasining kundan-kunga ortib borayotgani ko‘plab omonimlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Bu holat ham me’yorlashtiruvchi faoliyatga ongli yondashishni talab qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, terminologiyaning umumiy va xususiy lingvistik muammolari juda ko‘p va ular tilshunoslarga yaxshi tanish. Shu munosabat bilan tilshunoslar e’tiborini maxsus leksikani chuqur o‘rganishni taqozo etadigan qator bo‘limlarga qaratishni istardik. Masalan, «nomenklatura» tushunchasi nazariy jihatdan yetarli darajada o‘rganilmagan. Holbuki, u bilan bog‘liq nomlar davlat ahamiyatiga molik muammodir.
Mahsulotlarning firma (yoki savdo) nomlarini ham inkor etmaslik kerak.Ularni terminolog va leksikolog olimlar qanday nomlashmasin, xalq iste’mol mollari turlarining keskin ko‘payib borayotganini yangi iqtisodiy vaziyat va boshqa ijtimoiy omillar bilan bog‘liq holda «firma nomlari»ning ortib borayotgani ham aynan haqiqatdir. Bunday «nomlar» termin va nomenklatur belgilar bilan raqobat qilmoqda, ularni jonli nutq va publitsistikadan siqib chiqarmoqda [12, 178].
Terminologiya, eng avvalo, sinxron aspektda o‘rganilishi kerak. Bu ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilgan haqiqat bo‘lib, fan va texnikaning uzluksiz taraqqiyoti bilan izohlanadi. Ammo shu haqiqat terminologiyani tarixiy (diaxron) aspektda o‘rganish lozimligini ham inkor etmaydi, chunki o‘tmish tajribasi bizning bugungi ishlarimiz uchun «ratsional urug‘» vazifasini bajaradi. Terminologiyaning hozirgi ko‘plab muammolari o‘tmish olimlarini ham bizdan kam darajada qiziqtirmagan va doim o‘z yechimini topib kelgan.
Dostları ilə paylaş: |