Mundarija kirish 3 I bob. Yaponiya madaniyatida din va adabiyot



Yüklə 57,81 Kb.
səhifə3/14
tarix06.03.2023
ölçüsü57,81 Kb.
#86905
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14
3.Yaponiya madnitaining shaklnanish davr

Adabiyot. So‘nggi Heyyan davri (X-XII) – Yaponiyada madaniyat, san’at va albatta, adabiyotning eng gullagan davri sifatida tan olingan. Davr nomining o‘ziyoq uning muhitini anglab yetishimizga katta ko‘mak beradi. O‘rta asrlarda saroy adabiyotining gullab-yashnagan va epik janri (monogatari ) rivoj topgan davri Heyyan davri hisoblanadi18. Bu davrda yaponlar Xitoy milliy an’analaridan voz kechib, yangi davlat barpo qilishgan. Shuningdek, insonlarning ma’naviy ongi yanada sayqallasha bordi va bu adabiyotga ham o‘z tasirini o‘tkazgan. Bu davrda butun dunyoga mashhur qo‘lyozma manbalar yozilgan. Yapon adabiyoti uzoq vaqt xitoy adabiyoti ta’siri ostida bo‘lganligi sababli ko‘p asarlar aynan venyan19 yozuvida yozilgan. IX asr o‘rtalarida bo‘g‘inli yozuv – “kana”20 ning kashf qilinishi xitoy tili o‘rniga yapon tilida ijod qilish imkonini berdi. Yozuvning kashf qilinishi o‘rta asr (IX-XII) ga borib taqaladi. Shuni ta’kidlash joizki, kana alifbodan asosan yapon ayollari foydalangan, erkaklar esa xitoy yozuvidan foydalanishgan.
Heyyan davri “zodagonlar” davri bo‘lib bu davrda adabiyot, she’riyat yuksak cho‘qqilarga erishgan. Heyyan davrida butun dunyoga mashhur qo‘lyozma asarlar yozilgan. Buddizm, sintoizm diniga taaluqli milliy urf odatlarni ovzida aks ettirgan asarlar yozilgan. Bu mavzuda yozilgan asarlar “monogatari”21 janriga oid bo‘lgan.
Monogatari – Heyyan davri yapon zodagon adabiyotida yaratilgan hikoyaviy nasrning asosiy janri bo‘lib, yapon hikoyaviy nasrining ko‘rinishi hisoblanadi. Monogatari adabiyoti an’anasiga ko‘ra IX-XV asrlarda yapon tilida yaratilgan nasrlar tegishlidir. Yevropa janrlar nomenklaturasi bo‘yicha bunday asarlar - roman yoki qissa, hikoya, novella, anekdot, epopeya deb yuritiladi Monogatari – yapon mumtoz qissasi, an’anaviy yapon nasriy to‘plamlari yoki bo‘lmasam o‘zida she’rlarni ham jamlagan asar deyish mumkin. Keng ma’noda aytganda monogatarini dunyodagi biron-bir janr yoki atama bilan izohlab bo‘lmaydi. Yapon adabiyotida monogatari o‘z o‘rniga egadir. XI-XV asrlarda asosan bu janrga oid ko‘pgina monogatari nomini asarlar va adabiy turlar yaratilgan.
Taketori-monogatari” (竹取物語) (IX asr) bo‘lib, u novellalar siklidan iborat. Ikkinchi monogatari “Ise monogatari” (IX asr) bo‘lib, qisqa novellalar siklidan iborat. Ushbu ikki ildizdan keyingi monogatarilar rivojlanib chiqdi. “Taketori monogatari”dan so‘ng avval dastlabki ertakona afsona ta’sirini o‘zida aks ettirgan, dengiz ortiga (Xitoyga) sayohatlar bilan yo‘g‘rilgan sarguzasht qissa – “Usubo-monogatari” (打保物語) chiqdi, keyinroq esa oldingisidan farqli sof maishiy qissa – “Otikubo-monogatari” ( 落窪物語) (X asr) dunyoga keldi. «Ise monogatari»dan keyin asosiy qismi ishqiy syujetdan iborat maishiy novella yozildi. “Yamato-monogatari” (大和物語) (X asr) ana shunday novellalar to‘plamidir. Sekin asta, zodagonlik o‘z rivojining eng yuksak nuqtasiga erishishi bilan (X-XI asrlar) shu zodagonlikning haqiqiy hayoti roman janrining asosiy mavzusiga aylandi.
Keyinchalik mavzu ham o‘zgardi: atrofdagi hozirgi hayot o‘rnini o‘tmish egalladi; hikoya qilishning va romanlarning mazmun-mohiyati zodagonlik tizimi gullab yashnagan davrdan, Fujivara zodagonlaridan biri – Michinaga hukmdorlik qilgan zamonni eslab, o‘tmishdan zavqlanishdan iborat bo‘lib qoldi. Shu yo‘sinda tarixiy roman – «Eyga-monogatari» (栄華物語) (XII asr) paydo bo‘ldi. Tarixiy romanlar bora-bora tarixiy solnoma – «Okagami» (お鏡) (XII asr) asar yaratildi. “Tsukuri monogatari” (作り物語) - bu janrda yozilgan asarlar real dunyodan tashqarida sodir bo‘ladigan voqealarni hikoya qiluvchi qahramonlar va xudolar xaqidagi qadimiy rivoyatlar asosiga qurilgan, ya’ni, “yaratilgan, to‘qima hikoyalar” hisoblanadi. Bunday asarlarda asosan qahramonlarning ajablanarli taqdirlari va misli ko‘rilmagan go‘zalliklari talqin qilinadi. Monogatarining bu ko‘rinishiga, “Taketori monogatari” (竹取物語), “Ochikubo monogatari” (落窪物語), “Usubo monogatari” (宇津簿物語), “Genji monogatari” (源氏物語) va bundan keyingi barcha paydo bo‘lgan monogatarilar kiradi .
Uta monogatari” (歌物語)- yapon she’rlari asosiga qurilgan she’r atrofiga qurilgan – hikoya janridagi ko‘proq real voqealar bayon qilinadigan asardir. Bu turdagi asarlarning xususiyati shundaki, hikoyaviy nasrdan iborat bo‘lmasdan, she’r nasr bilan aralashgan ko‘p sondagi miniaturalardan tashkil topgan, ularning har biri ikki qismdan – nasriy va she’rli qismdan iborat. Bu monogatari turiga eng mashhurlaridan “Yamato-monogatari” (大和物語), “Ise monogatari” (伊勢物語) lar kiradi. “Rekishi monogatari”(歴史物語)- bu tarixiy mavzularda yaratilgan monogatari turlari bo‘lib, ularning orasida alohida shuhrat qozongan asarlar “Eyga monogatari” (栄華物語) “Gullash haqida qissa” va “Okagami” (大鏡) “Ulkan ko‘zgu” bo‘lib, ularda mualliflarning e’tibori markazida Fujivara sulolasi va imperator xonadoni turadi.
XI asrning ikkinchi yarmidan Yaponiyada uzoq va qonli ichki kurashlar davri boshlandi. Hokimiyat boshiga Heyyan saroy zodagonlari o‘rniga harbiylar, yapon askarlari keladi. Bunday muhitda yangi xalq eposi yaraladi. Bu endi xudolar haqidagi afsonalar emas, qahramonlar haqidagi hikoyalardir. XIII – XV asrlarda voqea – hodisalar xaqidagi afsonalar to‘plami va mashhur samuray jangchilari qahramonlaridan iborat bo‘lmish harbiy yilnomalar – “Gunki monogatari” asarlari mashhurlik darajasiga yetadi. Avval voqealar og‘zaki tarzda bayon qilingan bo‘lsa, Kamakura davrining boshlariga kelib maxsus og‘zaki hikoya janri – “katarimono” janri sifatida vujudga kelgan. “Gunki” – so‘zma - so‘z “jangnoma” degan ma’noni anglatib, Heyyan davridan keyingi Kamakura davrining asosiy hikoyaviy-tasviriy janri hisoblanadi.
XIII-XV asrning mashhur gunki monogatarisi – “Heyke monogatari” (“Tayraning uyi haqidagi hikoya”) hisoblanadi22. Bu monogatari 1180- 1185 yillardagi Tayra va Minamonoto xonadonlari o‘rtasidagi (“Gempey urushi” deb nomlanuvchi) urushga bag‘ishlangan.
Kamakura davrida yangi buddaviylik sektalari paydo bo‘la boshlaydi. Dzen buddizm samuraylarning ahloqiy prinsiplari mustahkamlik va pragmatizmi bilan ajralib turgan. Ular Kamakura davridagi buddaviylikni Xitoy buddaviyligidan farq qiluvchi Yaponiyaning o‘ziga xos diniga aylantirishgan. Keyinchalik yaponlarning dunyoqarashining shakllanishida bu ta’limot asosiy rol o‘ynagan. Kamakura davrida harbiy oilalar jamiyatning yangi qatlamini tashkil qilishgan.
Kamakura davri madaniyati Heyyan davri zodagonlar nafis madaniyatidan farqli o‘laroq o‘zining oddiyligi, soddaligi bilan ajralib turgan. Bu davr harbiylari fe’lining qo‘pol soddaligi, mardonavorligi, shon-shavkatga intilishi, sodiqligi, rostgo‘yligi va sabotliligi bilan ajralib turganlar. Ular hayotga bo‘lgan qat’iy qarashlarini saqlab qolganlar, oddiy uylarda yashaganlar, o‘zlarining jismoniy matonatlilik va ruhiy mustahkamlilikda chiniqtirganlar. Harbiy malakaga ega bo‘lgan – samuraylar qo‘lidagi chegarasiz hokimiyat ularning boshqalardan o‘zlarini yuqori hisoblashga undadi. (2)花は桜木、人は武士 “gullar orasida – sakura, odamlar orasida – samuray” deb ifodalangan ibora zamirida gullar ichida sakura daraxti gullari o‘zining betakrorligi, nafisligi bilan odamlarni maftun qilgani kabi, samuraylardan tashkil topgan harbiy qatlam “oddiy” odamlardan yuqori turadi degan ma’noni ifodalaydi. Bunday iborani ishlatilishi ham bejizga emas.
Samuraylar orasida o‘zlarining maxsus xulq – atvor qoidalari, qarashlari shakllandi. Bu qoidalar XII asrga kelib shakllanib, “bushido” (武士道) – “jangchi yo‘li” nomini olgan. Boshqacha aytganda, “Bushido “ahloq normalari”ning asosiy xususiyati hukmronlik qilish va bo‘ysundirish kabi munosabatlarni abadiylashtirishga intilish, samuraylar ichida iyerarxiyani saqlab qolishga harakat qilishdan iborat bo‘lgan. Samuraylarning ahloq va jangchi o‘zini qanday tutishi, qanday qobiliyatlarga ega bo‘lishi kerakligini ko‘rsatuvchi bunday “ahloq normalari” “Tayra qabilasi haqidagi qissa”asrida amalda qanday bo‘lganligining isboti sifatida keltiriladi. Harbiy qatlam dunyoqarashining bunday tomonlari keyinchalik “gunki”23 nomini olgan jangovar epopeya, yoki, aniqrog‘i, tarixiy-qahramonlik hikoyalarida to‘liq gavdalangan. Bular – ichki urushlar paytidagi xarbiy sarkardalar taqdiri haqida hikoya qiluvchi xarbiy hikoyalardir. “Gunki” janridagi hikoyalardan “Hogen-monogatari”, “Heydzi-monogatari”, “Genpey-Seysuyki” va “Heyke-monogatari”lar bo‘lib, bularning barchasi Hogen va Heydzi davrlari da bo‘lgan ichki to‘qnashuvlar haqidagi tarixiy hikoyalardir24. Minamoto va Tayra qabilalarining tortishuvi va kurashlari, Tayra qabilasi taraqqiyoti va qulashi tasvirlangan.
Muromachi davridan boshlab esa, adabiy ijod namunalarini o‘zida aks ettiruvchi yangi janr – milliy teatrlarning paydo bo‘lishi o‘rta asr adabiyotining yanada boyitdi. O‘rta asr yapon adabiyoti va undagi bo‘lgan o‘zgarishlarni o‘rta asrlar O‘rta Osiyo adabiyoti bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, bu davrda Mavorounnahrda adabiyotda nasriy va nasriy she’riy janrlarda bir qancha yaratildi. Adabiyotda dontonchilik an’ánasida “beshlik doston”, “Xamsa” janri rivojlandi. Bu janrda buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy shuhrat qozondi. Harbiy yurishlarga bag‘ishlangan Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asari o‘rta asrning mashhur jangnoma asari hisoblanadi. Arab alifbosi va yozuvining kirib kelishi adabiyotda “nastaliq” deb nomlangan husnixat janrining rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. Hunsnixat san’áti “kitobat” sanáti deb ataldi. Yaponlarda ham shunga o‘xshash bo‘lgan husnixat san’atini biz ularning bo‘g‘inli “kana” yozuvlari orqali har xil iyeroglifli yozuvlar yordamida adabiy asarlardagi matnlarni “emakimono” portretiga tushirish orqali adabiy san’at na’munalari yaratganligiga guvoh bo‘lamiz.
Xulosa qilib aytganda, O‘rta asrlarda din yapon madaniyatida ulkan ta’sir ko‘rsatdi. Bunda biz dzen buddizmga alohida urg‘u berib o‘tamiz. Dzen buddizm siyosiy hayotda – davlat mafkurasi, ijtimoiy hayotda – samuraylarning tayanchi, madaniy hayotda – asosiy mavzuga aylandi. Madaniyatda biz tasviriy san’atning yangi janrlari paydo bo‘lganligidan, haykaltaroshlikda diniy mavzuning mavqei oshganligidan va ibodatxonalarning bu san’at namunalari bilan boyib borganligidan bilishimiz mumkin. O‘rta asr yapon adabiyotidagi yutuqlar keying davrlar taraqqiyoti uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Ayniqsa, adabiyotda milliy adabiy janr “monogatari”ning bir qancha turkumlarga bo‘linishi, yapon adabiyotini yanada boyitdi. Samuraylarning ijtimoiy hayotdagi nufuzi va o‘rni oshishi o‘rta asrning o‘ziga xos adabiy yo‘nalishi bo‘lgan “gunki monogatari” janrining yaralishiga asos bo‘ldi.


Yüklə 57,81 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin