Voleybolchilar uchun asosiy jismoniy sifatlardan biri sakrovchanlikdir. Sakrovchanlik tezlik-kuchlilik sifatlariga mansub bo’lib oyoq mushaklarining qisqa muddat ichida kuchli qisqarish bilan ifodalanadi. Aynan shu sifatni yuksak darajada bo’lishi nisbatan past bo’yli o’yinchilarni baland bo’yli o’yinchilar bilan raqobatini va asosiy o’yin malakalarini (zarba berish va to’siq qo’yish) samarali ijro etilishini ta`minlaydi.
Sakrovchanlikni rivojlantirish uchun eng qulay davr bu 10-11 yoshdir. Bu davrda yosh voleybolchilarda joydan turib balandga sakrash 12,5 sm gacha ortishi kuzatiladi.
Sakrovchanlik sifatining turlari ko’p. Masalan, ikki oyoq bilan debsinib yugurib kelib yoki joydan turib vertikal sakrash bir oyoq bilan debsinib vertikal yoki uzunlikka sakrash, ikki oyoq bilan debsinib uzunlikka sakrash va hokazo. Har bir sakrash turining o’ziga hos maqsadi va maqsadga mos ijro etish tartibi (texnikasi) bo’ladi. Voleybol, basketbol, futbol va boshqa sport o’yinlari bilan shug’ullanuvchi sportchilarning sakrovchanligi bir-biridan farq qiladi. Ta`kidlash lozimki, hatto bir sport o’yinida, masalan voleybolda - zarba yoki to’siq qo’yish, to’p kiritish yoki uzatish uchun ijro etiladigan sakrashlar mohiyati bir-biriga sira o’xshamaydi [15]. Boz ustiga yana shuni eslatish o’rinliki, faqat bir o’yin malakasi - zarba berish turiga qarab (qisqa yoki baland to’pdan zarba berish) sakrash xususiyati umuman boshqacha bo’ladi. Binobarin, sakrovchanlik yoki sakrash chidamkorligi degan tushuncha ko’p qamrovli mazmun, mohiyat, xususiyat va ma`noni anglatadi. Demak, bu sifatlarni rivojlantirish haqida gap borganda muayyan sakrash turi va uni o’ziga munosib mashqlariga alohida e`tibor berilishi o’ta muhim masaladir.
So’nggi yillarda voleybol musobaqasi qoidalarining tubdan o’zgarishi o’yin faoliyati va o’yin malakalarining ijro etilishiga batamom yangicha tus berib yuborgan. Hozirgi kunda deyarli barcha o’yin malakalari aksariyat vaziyatlarda «havoda», ya`ni sakrab ijro etiladi (zarba, to’siq qo’yish, to’p kiritish, uzatish, to’pni qabul qilish, yiqilib qabul qilish). Ushbu holatni yuzaga kelishi voleybol amaliyotida sakrovchanlik va sakrash chidamkorligi sifatlariga e`tibor qaratishni nafaqat kuchaytirayapti, balki bu sifatlarni jadal rivojlantirishga qaratilgan yangi ilmiy texnologiyalar yaratishni taqazo etmoqda.
Shuning uchun ko’p yillik sport tayyorgarligi jarayonida malakali voleybolchilarni tayyorlash samarasi sakrovchanlik sifatini har tomonlama mukammal tarbiyalash ustivorligiga bevosita bog’liq bo’lib boryapti.
Voleybolchilar sakrovchanligi va sakrash chidamkorligini rivojlantirish muammolarini yorituvchi ilmiy tadqiqotlar hamda lmiy adabiyotlar doirasi juda keng (Kao Van Txi, 1971; Kondak N.N., 1985; Ivoylov A.V., 1974, 1981, 1985; Jeleznyak Yu.D., 1978, 1988; Popichev M.I., 1990; Ayrapetyants L.R., 2003; Boyirbekov M., 2003 va boshqalar).
Yuqori malakali sportchilarni erishgan yutuqlari ma`lum manoda ularning fundamental tayyorgarligiga bog’liqdir [9].
Shunday ekan, yuqori malakali voleybolchilarni tayyorlash va sport mahoratini yuksak darajaga olib chiqish dastlabki o’rgatish jarayoni samaradorligiga to’g’ridan-to’g’ri bog’liqdir. Yu.D.Jeleznyak (1991) ning fikricha voleybolga ixtisoslashgan mashg’ulotlar bilan ilk bor shug’ullanishni 10-11 yoshdan boshlash maqsadga muvofiqdir. U o’zining tadqiqotlarida aynan shu yoshda bolalarni jismoniy va texnik tayyorgarligini jadal o’stirish imkoniyatlarini ochib berdi.
Isbot qilinganki dastlabki tayyorgarlik bosqichida yosh voleybolchilarning kelajakdagi istedodini aniqlashga yordam beradigan test mashqlarini tanlay bilish va qo’llash katta axamiyatga ega. E.A.Sergeev (1979) bunday mashqlar qatoriga birinchi navbatda sakrovchanlik va chaqqonlikni baholovchi mashqlarni kiritish muhimligini ta`kidlaydi. Tayyorgarlikning keyingi bosqichlarida asosiy jismoniy sifatlarni, shu jumladan maxsus sifatlarni baholash imkoniyatini beruvchi test mashqlari tarkibini oshirish tavsiya etiladi.
Albatta, sakrovchanlikni rivojlantirish tayyorgarlikning qaysi bosqichida amalga oshirilishidan qat`iy nazar bu masala umumiy va maxsus jismoniy tayyorgarlik jarayonini qanday darajada rejalashtirilishiga bog’liq. Shuning uchun ushbu jarayonning malakali voleybolchilarni tayyorlashdagi ahamiyati, qolaversa asosiy o’yin malakalarini zarba berish, to’siq qo’yish) ijro etish samarasi sakrovchanlikka to’g’ridan-to’g’ri bog’liqligi haqidagi ma`lumotlar taxlili alohida ahamiyatga egadir [6,7,8].
Maxsus jismoniy tayyorgarlik (MJT) sport faoliyatidagi dolzarb muammolardan biridir va barcha sport turlarida yuksak sport natijalarga erishish uchun muhim axamiyatga ega. Shuning uchun maxsus jismoniy sifatlarni (MJS) rivojlantirish sportchilarni musobaqa oldi tayyorgarligining asosiy yo’nalishlaridan biri bo’lib turibdi [12].
«Voleybolchilar mashg’ulotsining muvaffaqiyati, o’yinchilar MJS larining rivojlanish darajasini aniq va to’g’ri nazorat qilinishiga bog’liqdir. Pedagogik nazorat (PN) alohida MJSni o’zgarish darajasi dinamikasini (sur`atini) aniqlash imkoniyatini beradi. Buni asosida, MJTni samarali boshqarishni yangi yo’llarini belgilash mumkin» (E.V.Fomin, 1981). Negaki «tayyorgarlik tuzilishini oqilona tashkil etishni zamonaviy yo’llaridan biri, qisqa vaqt ichida sport formasini rivojlantirishni ko’p qirrali modelini tuzishdir» (V.M.Maksimova, V.A.Nikulichev, 1983).
Jismoniy tayyorgarlikni, pedagogik nazorat turlarini o’rganish: A.V.Belyaev, 1978; E.I.Bondarevskiy, 1983; M.A.Godik, 1977, 1981; V.M.Zatsiorskiy, 1982; Yu.A.Jendibin, 1982; V.V.Solovev, 1980; E.V.Fomin, 1981 va boshqalarni ishlarida tez-tez uchraydi, ma`lum ravishdagi MJTni PNning aniq belgilangan savollariga javob bera oladi.
Maktab yoshidagi bolalarning jismoniy tayyorgarligi hamda jismoniy tarbiya va sportga bo’lgan ehtiyojini oshirish uchun maktab jismoniy tarbiya shakli, vosita va uslubiyatini takomillashtirish zaruriyatini tug’diradi (V.Zatsiorskiy, 1989).
Hozirgi jaxon sportidagi ko’rsatkichlarning jadal ravishda yangilanib borayotganligi, yosh sportchilarni tayyorlashning yangi, yanada samarali vositalarini, uslublarini va shakllarini izlashni taqazo etadi.
Ko’pgina tadqiqotlar (Kao Van Txi, 1971; Yu.D.Jeleznyak, 1973; A.V.Belyaev, 1975; E.V.Fomin, 1980; R.S.Nasimov, 1990 va boshqalar) shuni ko’rsatadiki, voleybolchilarning sport mahoratini yuksalishi aksariyat xollarda tezlik-kuchlilik sifati bo’yicha belgilanadi. Ushbu sifatni rivojlantirish voleybolchilarni tayyorlashning muhim vazifalaridan biridir (Yu.D.Jeleznyak, 1978; E.V.Fomin, 1979; A.V.Belyaev, 1983; M.A.Naraliev, 1987; A.T.Garipov, 1990 va boshqalar).
Yuqorida qayd etilgan ma`lumotlar shuni ko’rsatadiki, yosh voleybolchilarni maxsus jismoniy tayyorgarligini oshirish, ularning texnik malakalarini shakillanishi muhim ahamiyat kashf etadi. Demak, yuqori malakali voleybolchilar tayyorlashda maxsus jismoniy sifatlar ularning asosiy o’yin malakalarini takomillashishida muxim o’rin egallar ekan.
Voleybol nazariyasi va amaliyoti sohasi doirasidagi ko’pgina mutaxassislar fikricha sakrovchanlik va sakrash tayyorgarligining o’yin davomida ijro etiladigan texnik malakalar samarasini belgilab beradi. Har bir o’yinda ishtirok etuvchi jamoa o’yinchilarning o’yin mahorati, jismoniy tayyorgarligi va o’yin partiyalarining davom etishga qarab texnik malakalar hajmi va samaradorligi turlicha bo’lishi o’z-o’zidan ma`lum [6,7,8].
L.R.Ayrapetyants (2012) o’yin samarasini baholashda nafaqat ijro etilgan texnik malakalar hajmi, balki ularning turlarini ham e`tiborga olish muhimligini ta`kidlaydi. Uning tadqiqotlariga ko’ra, to’p kiritish, zarba beri, to’siq qo’yish malakalari o’tkazilgan musobaqalar mavqeiga qarab turli samaradorlik bilan ijro etilishi mumkin.
1-javdval Voleybolchilar sakrash harakati xajmi (L.R.Ayrapetyants, M.A.Godik, 1991)