Badiiy matnning yaratilishi asosini badiiy uslub unsurlari tashkil etadi. Badiiy uslub o‘zbek tili vazifaviy uslublari orasida o‘ziga xos mavqega ega bo‘lib, ayni paytda o‘zining alohida me’yorlariga ham ega. Til materialini qamrab olish imkoniyatining kengligi, umumxalq tilida mavjud bo’lgan barcha lingvistik birliklarning, boshqa vazifaviy uslublarga xos bo’lgan elementlarning ham ishlatilaverilishi va ularning muhim bir vazifaga badiiy-estetik vazifani bajarishga xizmat qilishi badiiy uslubning asosiy xususiyati sanaladi. Shuningdek, badiiy uslubda, xususan, poetik nutqda hozirgi adabiy orfografik me’yor talablariga muvofiq kelmaydigan qator so‘zlar ham ishlatilaveradi. Bu uslubda metafora, metonimiya, sinekdoxa, mubolag‘a singari badiiy vositalardan keng foydalaniladi. O‘zbek tilshunosligida badiiy matn tadqiqi sohasida jiddiy izlanishlar olib borilgan.
Tilshunos M.Yo‘ldoshev badiiy matnni tahlil qilish tamoyillari haqida quyidagi fikrlarni ilgari suradi:
1.Shakl va mazmun birligi tamoyili.
2.Makon va zamon birligi tamoyili.
3.Badiiy matn tilining umumxalq tili va adabiy tilga munosabatini aniqlash tamoyili.
4.Badiiy matndagi poetik aktuallashgan til vositalarini aniqlash tamoyillari.
5.Badiiy matndagi intertekstuallik mexanizmlarini aniqlash tamoyili.
1.Shakl va mazmun birligi tamoyili. Borliqdagi narsa va hodisalar o‘rtasidagi aloqadorlik, bog‘lanish turlaridan biri shakl va mazmun birligidir. Shakl va mazmun munosabati tushunchasi har qanday matn uchun zaruriy omil hisoblanadi. Faylasuflar mazmunga “muayyan narsa va hodisalarni tavsiflovchi ichki elementlar va o‘zgarishlarning majmuyi” deb baho beradilar. Shaklni esa “mazmunni ifodalash usuli, tashkil etuvchisi” sifatida talqin qiladilar.
Shakl va mazmun bir-biri bilan shunday bog‘lanib ketganki, birida sezilgan nuqson ikkinchisidagi butunlikka putur yetkazishi mumkin. Shakl va mazmun muvofiqligi buzilsa, muallifning niyati to‘la namoyon bo‘lmay qolishi aniq. Bunda asosiy e’tiborni matn va uning janr xususiyati o‘rtasidagi muvozanatga qaratgan holda, matndagi lisoniy birliklarning tabiatiga mosligi masalasini ham diqqat markazidan qochirmaslik kerak. Badiiy matnda muallifning mazmunni shaklga solishdagi mahorati, bundagi individual xususiyatlar alohida qimmatga ega. Badiiy matnda, eng avvalo, ana shu jihat, ya’ni shakl va mazmun birligi birlamchi tamoyil sifatida nazarda tutilishi lozim. Shakl va mazmunning ochiq yoki yashirin muvofiqligi muallif badiiy niyatining aniq va to‘la namoyon bo‘lishi uchun jiddiy zamindir. 2.Makon va zamon birligi tamoyili. Badiiy matnning til xususiyatlari tekshirilayotganida undagi har bir hodisaga makon va zamon birligi tushunchasini hisobga olib yondoshish kerak. Har qanday asar davr va makon bilan bog‘liq holda yuzaga keladi. Tarixiy mavzudagi asar tilida muayyan zamon ruhini tashuvchi voqealarning qaysi makonda, qanday muhitda yuz berayotganini oydinlashtiruvchi leksik-grammatik birliklar ishtirok etadi. Makon va zamon birligi tushunchasi badiiy asargagina xos belgi emas. U har qanday matn ko‘rinishiga taalluqlidir. Ushbu tamoyil asosida tahlil olib borilayotganda matn yozilgan davr, matnda ko‘tarilgan mavzu va matn birliklarining tabiatiga qarab diaxron va sinxron aspektlardan biri tanlanishi kerak. 3.Badiiy matn tilining umumxalq tili va adabiy tilga munosabatini aniqlash tamoyili. Tahlil etilayotgan matn tilining umumxalq tili va adabiy tilga munosabatini nazarda tutish ham yana bir tamoyil hisoblanadi.
V.V.Vinogradov “Badiiy adabiyot tili haqida”(1959) nomli asarida ta'kidlaganidek, badiiy adabiyot tilining tarixiy harakatini umumxalq tili hamda uning turli tarmoqlanishi tarixidan tamoman ajratilgan holda o‘rganish mumkin emas. Badiiy matnning ikki turini farqlash mumkin: 1)zamonaviy matn(bugun yaratilgan), 2)tarixiy matn(o‘tmishda yaratilgan). Zamonaviy matnning ham o‘z navbatida ikki turini kuzatish mumkin, ya'ni: a)bugungi kun mavzusidagi zamonaviy matn; b)tarixiy mavzudagi zamonaviy matn. Masalan, S.Ahmadning “Azroil o‘tgan yo‘llarda” hikoyasi bugungi kun mavzusidagi zamonaviy matn, M.Alining “Ulug‘ saltanat” romani tarixiy mavzudagi zamonaviy matn, Navoiyning “Farhod va Shirin” asari esa tarixiy matndir. 4.Badiiy matnda poetik aktuallashgan til vositalarini aniqlash tamoyili. Badiiy asardagi poetik aktuallashgan til vositalarini aniqlash ham muhim tamoyillardandir. Bunday vositalarning lingvistik va badiiy mohiyatini ochib berish orqali badiiy mazmunning shakllanishi va ifodalanishi mexanizmlarini aniq tasavvur qilish mumkin. 5.Badiiy matndagi intertekstuallik mexanizmlarining lisoniy va semantik xususiyatlarini aniqlash tamoyili. Matn ichida qo‘llanilgan o‘zga matn ko‘rinishlarini(nazira, taqlid, naql, hadis, rivoyat, miflar, afsonalar, didaktemalar, u yoki bu ijodkorning asari yoki parchasi kabi) aniqlash va ularning asar mazmuni bilan qay darajada uyg‘unligi, badiiy mazmun ifodasidagi o‘rni, asosiy matn bilan lisoniy va semantik bog‘lanishidagi muhim holatlar haqida fikr yuritish badiiy matn lingvopoetikasini ochishda favqulodda zarurdir. O‘zbek tilshunosligida badiiy matn tadqiqi sohasida jiddiy izlanish olib borgan M.Yo‘ldoshev badiiy matnni tahlil qilish usullari sifatida quyidagilarni sanaydi:
1.Lisoniy tabdil usuli.
2.Matn variantlarini qiyoslash usuli.
3.Lug‘atlarga asoslanish usuli.
4.Lisoniy birliklar indeksini tuzish usuli.
1.Lisoniy tabdil usuli. Tabdil – “almashtirish, o‘zgartirish, o‘rin almashtirish” degan ma’noni bildiradi. Ayrim adabiyotlarda o‘zakdosh so‘zlarning juft holda qo‘llanishiga nisbatan ham ishlatilishi mumkin. Asar tilining badiiyligi, ishonarliligi, yozuvchining mualliflik mahoratini aniqlashda ushbu tahlil usuli natijalaridan foydalaniladi. Asarda qo‘llanilgan so‘z yoki iboralarni, jumlalarni qayta tuzib ko‘rish, o‘xshashi bilan almashtirib ko‘rish va shu asosda baho berish nazarda tutiladi.
2.Matn variantlarini qiyoslash usuli. Bu usul orqali ma’lum asar matni boshqa variantlari bilan qiyoslanadi va lisoniy farqlaming mohiyati adib nuqtayi nazari, badiiy-estetik niyati hamda asar g‘oyasiga bog‘lab yoritiladi. Yozuvchining badiiy asar tili ustida ishlashini o‘rganishda, yozuvchi tuzatishlarini ayni bir mazmunni ifodalashga qaratilgan turli vositalarni aniqlashda va umuman, yozuvchining tildan foydalanishdagi mahoratini belgilashda bu usul yaxshi samara beradi.
3.Matn variantlarini qiyoslash usuli. Asar tili, ayniqsa, tarixiy mavzudagi asar yoki tarjima asarlarining til xususiyatlari tekshirilayotgan paytda tegishli lug‘atlarga murojaat qilish lozim bo‘ladi. Masalan, “Shayboniyxon” dostoni tilida qo‘llanilgan gudar, savash, sovut, sodoq, g‘ul, tuv, baydoq kabi o‘sha davr ruhiyatiga mos harbiy atamalar ma'nosini bilish asarni puxta o‘rganishga yordam beradi. J.Lapasovning “Badiiy matn va lisoniy tahlil” deb nomlangan qo‘llanmasida muayyan bir badiiy matnning lug‘atini tuzish bo‘yicha namunalar hamda lug‘at ustida ishlash bo‘yicha muhim ko‘rsatmalar berilgan. Olim to‘g‘ri ta’kidlaganidek: “Badiiy matnning lisoniy tahlilini turli-tuman lug‘atlarsiz tasavvur qilish qiyin. Lug‘at ustida ishlash o‘quvchi va talabalarning so‘z boyligini, og‘zaki va yozma nutqini o‘stirishning eng muhim omillaridan biri bo‘lib hisoblanadi va shu lug‘at yordamida nafaqat so‘zlarning tub ma’nosini, balki ko‘chma ma’nolari, har bir so‘zning qaysi til unsuri ekanligi, etimologiyasi(so‘zning kelib chiqish tarixi va tadrijiy rivoji), tarkibi, ba’zan esa grammatik shakli bilan yaqindan tanishiladi”.11 4.Lisoniy birliklar indeksini tuzish usuli. Badiiy matnning lingvopoetik tahlili jarayonida asardagi lisoniy birliklaming indeksini tuzib chiqish talab qilinadi.
Matn — nutq ko‘rinishi bo‘lib, vazifasi jihatidan tugal nutqiy butunlikdir. Har bir matn murakkab tuzilish va mazmun mundarijasiga ega bo‘lib, u og‘zaki hamda yozma ijod namunasi hisoblanadi. Matnlar o‘z tuzilishiga ko‘ra gap, murakkab sintaktik butunlik, xat boshi, paragraf, bob, bo‘lim va qismdan tashkil topadi. Bu birliklar matn hosil qilishda ishtirok etadi va uni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir matn ma’lum bir mazmunni tashiydi va o‘z xususiyatiga ko‘ra turli xil axborotlarni yetkazadi. Har xil axborotlarni yetkazishiga ko‘ra matnlar badiiy matn, publisistik matn, ilmiy matn, rasmiy matn shaklida bo‘ladi. Tasviriylik va hissiylik badiiy matnning asosiy xususiyatlaridandir. Chunki yozuvchi tabiiy va ijtimoiy borliqqa nisbatan erkin munosabatda bo‘lib, shu borliqning mohiyatini ochib ko‘rsatish maqsadida turli-tuman lug‘aviy birliklar, badiiy obrazlar, adabiy tilning tasviriy vositalari va nozik qirralaridan to‘liq foydalanadi. Badiiy matn epik, lirik va dramatik turga kiruvchi asarlarda o‘z aksini topadi. Publisistik matn ko‘proq matbuot sohasiga oid bo‘lib, xabar, maqola, taqriz, reportaj, ocherk va felyetonlarda namoyon bo‘ladi. Shundan reportaj, ocherk va felyeton ham badiiy, ham publitsistik xususiyatlarni o‘zida mujassamlashtirishi bilan boshqalardan ajralib turadi.
Publitsistik matn o‘zining til xususiyatlari bilan ham badiiy matndan farq qiladi. Ilmiy matn ilmiy va ilmiy-ommabop matnlarga ajratiladi. Ilmiy matnda gap bo‘laklari tartibi adabiyot qoidasiga qat’iy amal qilgan holda qo‘llanadi, lekin unda til qurilishi mantiqiy bog‘liqlik va izchillikni talab etadi. Ilmiy matnda har bir fan sohasiga oid atamalarning qo‘llanilishi xarakterli xususiyat hisoblanadi. Masalan, tilshunoslikka oid ilmiy ishlarda lingvistikaga xos atamalar ko‘plab qo‘llaniladi. Bunday holatni boshqa sohalarga taalluqli ishlarda ham yaqqol ko‘rish mumkin. Ilmiy-ommabop matnlarda atamalar tizmasidan, ilmiy bayonchilikdan qochiladi, bayon etilayotgan fikrning barchaga baravar tushunilishini ta’minlash maqsadida tushunilishi qiyin bo‘lgan atamalar murakkab tushunchalar o‘rniga aniq va batafsil tasvirlardan foydalaniladi. Rasmiy matnlar quyidagilar: davlatlarning diplomatik notalari, hukumat qarorlari, ko‘rsatmalar, buyruqlar, shartnomalar, rasmiy e’lonlar, shuningdek, rasmiy ish qog‘ozlari: ariya, tarjimai hol, ishonch qog‘ozi, tilxat, telegramma, ma’lumotnoma, tavsifnoma, qaror, hisobot, xat, e’lon kabilardir. Shu matnlarning tabiati va taraqqiyoti ikki yo‘nalishda — tarixiy va uslubiy yo‘nalishda bir-biri bilan bog‘liq holda o‘rganiladi. Tarixiy-uslubiy yo‘nalishda faqat nutq vositalarining tarkibigina emas, balki ularning turli matn tiplarida ishlatilish qonuniyati ham o‘rganiladi. Matnlar turli davrlarda jamiyat taraqqiyoti bilan bog‘liq holda har xil bo‘lishi mumkin. Matnlar tarixan shakllangan adabiy tilning turli ko‘rinishlari bo‘lib, ular fikrni ifoda etish jarayonida nutq tuzilishining o‘ziga xosligi bilan farqlanadi. Matnlar taraqqiyotini adabiy janrlar taraqqiyotidan ajratgan holda qaramaslik kerak. Chunki nutqiy vositalar tarkibi va ularni qo‘llash me’yorlari asar janri bilan aloqadordir. Badiiy matn janrlar prinsipi asosida tavsif qilinadi va ular asarning janr xususiyatiga ko‘ra farqlanadi. Masalan, adabiyotning asosiy janrlaridan biri bo‘lgan publisistika publitsistik uslub asosida tuzilgan matn bilan ish ko‘radi. Har bir matnning taraqqiyoti va uning boshqa matnlardan farqli tomonlarini aniqlash uchun dastavval adabiy tildagi mavjud uslub turlarini va ularning vazifa doirasini belgilash zarur bo‘ladi. Adabiy til taraqqiyotining turli davrlarida adabiy uslublarning qo‘llanish mavqei o‘zgarib boradi.
Masalan, asrimizning 20-yillariga qadar o‘zbek adabiyotida she’riy uslub birinchi o‘rinda bo‘lib kelgan bo‘lsa, hozirgi kunda nasriy uslub asosiy o‘ringa ko‘tarilmoqda. Bu narsa matn tuzilishida yetakchi omildir. Matnlar aloqasi, birinchi navbatda, nazmiy matnlarga xos uslubiy vositalarning nasriy matnlarda qo‘llanishida ko‘rinadi. Ayniqsa, keyingi yillarda yaratilgan nasriy asarlarda nazmiy uslubiyat ta’siri(masalan, inversiya) aniq ko‘rinmoqda. Matn tilshunoslik, adabiyotshunoslik, umuman filologiya fanining tekshirish obyekti sanaladi. Bundan tashqari, o‘qish va o‘qitishni yaxshilashda boshqa fanlarga oid atamalar o‘quvchi va talabalarga lisoniy tahlil uslubi asosida izohlab tushuntirilsa, yaxshi samara beradi. Biror matn tilshunoslik fani nuqtai nazaridan tekshirilar ekan, biror adabiy til kategoriyalari— leksik, fonetik, morfologik va sintaktik birliklardan qay darajada foydalanganliklari nuqtai nazaridan o‘rganiladi. Adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan tahlil etilganda esa shu matnga xos janr xususiyatlar, shakl va mazmun, syujet va kompozisiya, uslub va uslubiy vositalardan foydalangan holda matnda davr ruhi obrazlar va til shakllari vositasida qanday aks ettirilgani tahlil qilinadi.
O‘zbek tilshunosligida ham matn va uning tadqiqi borasida anchamuncha ishlar qilingan. O‘zbek tili til ilmida birinchilardan bo‘lib akademik G‘.Abdurahmonov 1980-yilning 10-12-sentyabrida Toshkentda bo‘lib o‘tgan sobiq Ittifoq turkiyshunoslarining III konferensiyasida matn nazariyasiga bag‘ishlangan ma’ruza qilib, muammoning mohiyati va yechimlari haqida o‘z fikrlarini bildirgan, bir qator matn turlarini ajratib ko‘rsatgan edi. Ulkan tilshunos A.G‘ulomov matnning mohiyati bo‘yicha o‘zining qimmatli fikrlarini bayon qilgan. U dunyo tilshunosligida kechayotgan jarayonlardan muttasil boхabar keng qamrovli olim sifatida “Hozirgi o‘zbek adabiy tili. Sintaksis” darsligini qayta ishlab, to‘ldirib, uchinchi nashrini tayyorlar ekan, matn masalasini chetlab o‘tmaydi, iхcham bir tarzda bo‘lsada, matn haqidagi qarashlarini kitobga kiritadi. A.G‘ulomov gapdagi fikr tugalligining nisbiy ekanligini, asarda mazmun to‘liqligi butun matndan anglashilishini ta’kidlab, uch abzasdan tashkil topgan yaхlit matnni misol qilib keltiradi va undan kelib chiqib, quyidagilarni yozadi: “1.Fikr bayon qilish gap(sodda gap va qo‘shma gap) doirasi bilangina chegaralanmaydi. To‘liq fikrni, odatda, gapdan yirik bo‘lgan sintaktik butunlik beradi. Gap bu butunlik sostavida uning bir komponenti sanaladi. 2.Bu komponent shu butunlikdagi boshqa komponentlar bilan har jihatdan (mazmun, grammatik) turli vositalar orqali o‘zaro bog‘langan bo‘ladi. Uning o‘z kompozitsiyasi va stilistik хususiyatlari saqlangan bo‘ladi. 3.Sodda gap butunlik sostavida ma’lum sharoitlarda o‘zicha bir abzasni tashkil qilishi mumkin. 4.Bunday sintaktik butunlik, sintaktik konstruksiya tekst sanaladi. Ayrim uzuq gap nisbiy tugal fikrni ifodalaydi, tekst butun bir kompleksning mundarijasini bildiradi. 5.Tekst bir butunlik bo‘lganligidan, u o‘z mundarijasiga mos keladigan ayrim sarlavhalarga ega bo‘lishi ham mumkin. Tekst ayrim segmentlarga – qismlarga(ayrim parchalarga, abzatslarga, gaplarga) bo‘linadi. Demak, tilning aloqa-aralashuv vositasi ekanligini tekst yana ham aniq ko‘rsatadi. Nutq tekst tusida namoyon bo‘ladi. 6.Tekst – yirik nutq parchasi, abzats esa tekstning bo‘lagi.”12 Tekstning hamma ko‘rinishlari(maksimal tekst va minimal tekst) ma’lum bir temani(mundarijani) tugal ifodalaydi. Demak, u – yuqori darajadagi sintaktik birlik. Tekstning bu хususiyatlarini hisobga olib, ba’zi tekshiruvchilar uni lingvistikaning mustaqil bir sohasi sifatida(tekst grammatikasi, tekst lingvistikasi kabi nomlar bilan) ajratishni zarur deb biladilar. Ba’zilar esa uni tekst sintaksisi deb atab, so‘z birikmasi sintaksisi, sodda gap sintaksisi murakkab gap sintaksisining davomi sifatida qarab, bu bilan sintaksis terminining mazmunini kengaytirishni, asosiy sintaktik birlik sifatida gapdan ko‘ra katta sintaktik butunlik deb qarash kerakligini ta’kidlaydilar: bunda sintaksisning yuqori chegarasi qo‘shma gap sintaksisi emas, balki tekst sintaksisi bo‘ladi. Tekshiruvchilarning ko‘pchiligi bu sohani birinchi qarash bo‘yicha yoritmoqdalar. Tekst sintaksisi o‘zbek tilshunosligida hali o‘rganilmagan.
Ko‘rinadiki, A.G‘ulomov o‘zbek tili faktlaridan kelib chiqqan va dunyo tilshunosligidagi turli qarashlarni inobatga olgan holda matnning tabiati va mohiyatini aniq ko‘rsatib bergan. Mazkur olti bandda birma-bir qayd etilgan qoidalar matnning asosiy umumiy хususiyatlarini o‘z ichiga olgan. M.To‘хsonov o‘zining nomzodlik dissertatsiyasida makromatn va mikromatnni farqlagan holda o‘zbek tilidagi mikromatn tarkibidagi unsurlarni bog‘lovchi vositalar sistemasini tadqiq etgan.
O‘zbek tilshunosligida matn lingvistikasi bo‘yicha umumlashtiruvchi, ta’limiy хarakterdagi ilk ishlardan biri A.Mamajonov tomonidan yaratilgan. Uning filolog-talabalar uchun mo‘ljallangan “Tekst lingvistikasi” nomli maхsus kursida matn haqidagi ilmiy qarashlar tahlil etilgan, matn tushunchasining mohiyati, tiplari va birliklari, bu birliklarning bog‘lanishi va bog‘lovchi vositalari, matn birliklariaro sinonimiya, sintaktik-stilistik figuralar masalalari bayon qilingan.
Keyinroq shogirdi M.Abdupattoyev bilan hamkorlikda nashr ettirgan “Matn sintaksisi” nomli o‘quv qo‘llanmasida matnning struktur-semantik va stilistik jihatlari, matn birliklaridagi tema-rematik munosabat atroflicha tahlil qilingan, tegishli хulosalar umumlashtirilgan. N.Turniyozovning “Matn lingvistikasi” nomli qo‘llanmasi ham ana shunday ta’limiy хarakterdagi ishlardan bo‘lib, unda tegishli o‘quv rejasiga muvofiq matn haqida umumiy ma’lumot, mikro va makromatn tushunchalari, matn uzvlari orasidagi turli munosabatlar kabi mavzular bo‘yicha ilmiy ma’lumotlar berilgan.
Matn muammolari bilan jiddiy shug‘ullangan o‘zbek tilshunoslaridan yana biri M.Hakimovdir. U asosiy maqsadi “Ilmiy matn va uning birliklari orasidagi mazmuniy munosabatni ifoda etuvchi bog‘lovchilar, ularning o‘ziga хos хususiyatlari va vazifalarini aniqlashga yo‘naltirilgan ishlarga hissa qo‘shish, ilmiy matnda muallifning хususiy munosabati hamda uning turlarini belgilash”dan iborat bo‘lgan nomzodlik dissertatsiyasida o‘zbek ilmiy matnining sintagmatik va pragmatik хususiyatlarini boy faktik materiallari asosida batafsil tadqiq etgan. M.Hakimov o‘zbek tilidagi matnning pragmatik talqiniga bag‘ishlangan doktorlik dissertatsiyasida esa matnni lingvistik pragmatika, G‘arb falsafiy tilshunosligida shakllangan nutqiy akt nazariyasidan kelib chiqqan holda o‘rgangan va matnda ochiq va yashirin ifodalanadigan mazmunlarning o‘ziga хos qonuniyatlarini ko‘rsatib bergan, ularning semantik, sintaktik, presuppozitsional va pragmatik meхanizmlariga dahldor qoidalarni konkretlashtirgan. Dissertatsiyada o‘zbek tilidagi matn lingvistikasi muammolariga nazariy jihatdan oydinlik kiritilgan, bir qator tamoman yangi fikrlar ilgari surilgan. Keyingi yillarda o‘zbek tilshunosligida matn masalasining u yoki bu jihati tadqiqiga daхldor bir qator ilmiy maqolalar ham e’lon qilindi. Lekin butun dunyoda muntazam va qizg‘in olib borilgan jiddiy ilmiy izlanishlar, tadqiqotlarning tabiiy natijasi o‘laroq bo‘ladimi, baribir, shunday bir yo‘nalish alohida fan va o‘quv predmeti sifatida shakllanganligi keng e’tirof etilgan va buni hech kim inkor qilmaydi.
O‘zbek tilshunosligiga matn nazariyasining olib kirilishi va yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilishida N.M.Turniyozov, B.Yo‘ldoshev, A.Mamajonov, E.Qilichev, M.Hakimov, M.Yo‘ldoshev, S.Boymirzayevaning tadqiqotlari muhim ahamiyat kasb etdi. Shu tariqa o‘zbek tilshunosligida ham matn har tomonlama turli aspektlarda tadqiq qilindi va bu boradagi tadqiqotlar davom etmoqda. Хususan, ko‘p yillardan beri OTM filologiya fakultetlari magistrantlariga “Matn lingvistikasi” fani o‘qitib kelinmoqda. Mazkur fanni o‘qitishdan asosiy maqsad - bo‘lajak o‘qituvchi va tilshunos olimlarga matn lingvistikasi fanining ilmiy-nazariy masalalari bo‘yicha atroflicha bilim berish bilan birga ularning kelajakdagi ish faoliyatlarida amaliy ahamiyat kasb etuvchi lingvistik bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish va rivojlantirishdan iborat. Mazkur fanning vazifasi-matn lingvistikasining ilmiy-nazariy masalalari, matnning tilshunoslikda o‘rganilishi, matn birliklari, matn tiplari, matnning tarkibi qismlarini bog‘lovchi vositalar, matnning lingvostatistik tahlili hamda matnning kommunikativ pragmatik mazmuni bo‘yicha bilimlarga o‘rgatishdan iborat. Ushbu fan talabalarni nazariy jihatdan yetuk mutaхassis bo‘lishlari uchun хizmat qiladi.