Tadqiqotning asosiy masalalari va farazlari: Har qanday ilmiy ishlarning metodik asosi umumiy narsa va hodisalarning doimiy rivoj topishdaligini e’tirof etuvchi dialektual mantiqqa tengdir. Tadqiqotni ochib berishda o‘zbek tilshunosligida M.Yo‘ldoshev, M.Hakimov, X.Doniyorov, S.Mirzayev, X.Samadov, I.Qo‘chqortoyev, jahon tilshunosligida O.Lipgart, M.Arriv, A.Murashkina, I.Shmul va boshqa tilshunos olimlarning tilshunoslikka doir bo‘lgan asarlaridan keng miqyosda foydalanildi, bu asarlar mazkur ishni keng talqin qilish uchun asos bo‘ladi.
Shu bilan bir qatorda, ishda chog‘ishtirma tilshunoslik, differensial tahlil metodlarga tayangan holda ish olib borildi. Tadqiqotda kontekstual yondashuvning o‘rni bilan bir qatorda funksional-semantik uslublardan ham foydalanilgan.
Tadqiqot mavzusi bo‘yicha adabiyotlar sharxi:O‘zbek tilshunosligida ham matnlarni tahlil qilish xususida turlicha fikrlar mavjud bo‘lib, ular buni til va nutqni bir biriga qiyoslagan holda tushuntirishadi. Matn tilshunosligida o‘zbek tilshunoslaridan M.Yo‘ldoshev, M.Hakimov, A.Nurmonov kabi olimlarning ishlarini keng va atroflicha tahlil qilish mumkin. Tilshunos M.X.Hakimov ilmiy matn tadqiqiga bag‘ishlangan dissertatsion ishida bu haqda shunday yozadi: “Matn so‘zining lug‘aviy ma’nosida birikish, bog‘lanish tushunchalarining borligi, shuning uchun matn tarkibi o‘zaro qaysidir bog‘lovchilar yordamida birikishini o‘rganish “Matn tilshunosligi” sohasining asosiy muammolaridan biri bo‘lib qoldi. Matn birliklarining o‘zaro bog‘lanishini ifoda etuvchi takror va uning bir necha ko‘rinishi, olmosh turkumiga oid ba’zi so‘zlar, gapning so‘roq shakliga xos bo‘lgan ko‘rinishining matn hosil qilishdagi vazifalari matn tilshunosligida alohida o‘rin tutadi. Nutqning yozma shakli matn atamasi ifodalaydigan mazmunga muvofiq keladi. Nutq subyektdan adresatga yo‘naltiriluvchi nutqiy faoliyat hisoblanadi. Matn esa faqat obyektiv informatsiyadan iborat bo‘lmay, balki o‘ziga pragmatik mazmunni ham qamrab olgan nutqning material ko‘rinishidir. Jahon tilshunosligida esa bu sohada O.Lipgart, M.Arriv, A.Murashkina, I.Shmullar salmoqli ishlar olib borganlar. Tilshunos olim M.Arriv “Diskurs, ifoda(recit) va bular orasidagi aloqani maydonga keltiradigan butunlikka matn deyiladi”2 deydi. Ilmiy adabiyotlarda kontekst atamasi nutqiy vaziyat mahsuli deb ko‘rsatiladi. “Kontekst – bu bir leksik yoki grammatik birlik asosida ifodalangan ma’no yoki tushunchani oydinlashtirish uchun keltirilgan, tuzilgan minimal nutq birligi. Qoida bo‘yicha bu – so‘z birikmasi, ba’zan gap, kamdan-kam abzas yoki yaxlit matnga teng keladi”.3