Mundarija kirish 5 I bob. Badiiy matnning o‘rganilish tarixi 11


Ish tuzilmasining tavsifi



Yüklə 389,5 Kb.
səhifə6/18
tarix06.06.2023
ölçüsü389,5 Kb.
#125636
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18
Akramova Nilufardissertatsiyamm

Ish tuzilmasining tavsifi: Tadqiqotning umumiy hajmi 84 sahifadan iborat bo‘lib, kirish, uch bob, xulosa hamda foydalanilgan adabiyotlar ro‘yhatidan iborat.

I BOB. BADIIY MATNNING O‘RGANILISH TARIXI

1.1.Badiiy matnning o‘rganilish darajasi


Badiiy matn badiiy asar mazmunini ifodalagan, funksional jihatdan tugallangan, tilning tasvir imkoniyatlari asosida shakllangan, o‘zida turli uslub ko‘rinishlarini muallif ixtiyoriga ko‘ra erkin jamlay oladigan, kishilarga estetik zavq berish xususiyatiga ega bo‘lgan g‘oyat murakkab butunlik hisoblanadi. Badiiy matnda boshqa uslub matnlarida bo‘lganidek qat’iy mantiq, soddalik, tushunarlilik, normativlik kabi qonuniyatlarga to‘la-to‘kis amal qilinavermaydi. Unda badiiy tasvir vositalaridan unumli foydalaniladi. Ta’sirchanlik birinchi planga ko‘tariladi. Ohangdor, jozibador so‘zlar ko‘p qo‘llaniladi. Tasvirlanayotgan voqelikda uyg‘un bir musiqa, ichki bir garmoniya sezilib turadi. Insonni ruhan to‘lqinlantirish, yig‘latish, kuldirish, xayolot olamiga yetaklash, o‘yga cho‘mdirish, estetik tafakkurini shakllantirish, voqea-hodisalarga teran, boshqacha nazar bilan boqishga o‘rgatish kabi ko‘plab imkoniyatlarni o‘zida mujassam qilgan.
Badiiy matn, ma’lumki, badiiy uslub talablari, qoliplari asosida shakllantiriladi, shuning uchun unda poetik, romantik, tantanavor ifoda shakllaridan keng foydalaniladi. So‘zlarning tanlanishi, gap tuzilishi, leksik–semantik, ritmik–intonatsion birliklarning qo‘llanishi ham mazkur uslub talablaridan kelib chiqadi. Badiiy matnning lisoniy xususiyatlaridan eng muhimi ham shundaki, unda emotsional bo‘yoqdor so‘zlarga, sheva so‘zlariga, tarixiy va arxaik so‘zlarga, jargon va argolarga, ko‘chma ma’noli so‘zlarga, ma’nodosh, shakldosh, o‘xshash talaffuzli va zid ma’noli so‘zlarga, shuningdek ibora, maqol, matal va aforizm kabi birliklarga keng o‘rin beriladi.
Badiiy matnlar haqida gap ketganda, ilmiy matnlar, fikr-mulohaza maqolalari va boshqalarga havola qilinadi, biz yozuvchining hikoya yaratish va uni o‘quvchilar bilan baham ko‘rish qobiliyatini nazarda tutamiz. Badiiy matnlar barcha holatlarda, xoh real, xoh xayoliy bo‘lsin, asosiy dalildan kelib chiqadi va shu yerdan sahifalarda rivojlanib, har qanday holatda ham syujet yaratadi; mavzular xilma-xil bo‘lishi mumkin va yagona chegara muallifning tasavvuridir. Badiiy matnning eng muhim xususiyatlaridan biri izchillikdir. Avvalo, rivoyatda, hikoyada va boshqalarda paydo bo‘ladigan yozishda nima qo‘lga kiritilishini tahlil qilish kerak; davomiylik diqqat markaziga ega bo‘lishi va asosiy dalil yo‘qolmasligi kerak. Har bir adabiy matn o‘tmish, hozirgi yoki kelajak zamon bo‘ladimi, uning fonida joylashtirilgan boshlanishga ega. U bizni qahramonlar bilan tanishtiradi va shu bilan birga hikoyani ham yaratadi.
Badiiy matnlarning ma’nosi shundaki, ular muallifning tasavvuridan, yozuvchining o‘z ijodidan kelib chiqadi va yozuvchi o‘zining ichki dunyosini, barcha tasavvurlarini u o‘ziga xos olamini ko‘rsatadigan asarida qamrab oladi. Badiiy matnlarning qadriyati shundaki, ular muallifning mohiyatini va uni o‘rab turgan intellektual madaniyatni aks ettiradi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, har qanday matn o‘ziga xos sistemadir. Buni o‘zaro bir-birini taqozo qiladigan halqalar majmuiga o‘xshatish mumkin: tovush(harf)lar → so‘zlar → iboralar → gaplar → abzas → bo‘lim, qism, boblar.
“Matn tarkibidagi bu uzvlarning o‘zaro munosabati gapdagi so‘zlarning bir-biri bilan bo‘lgan munosabatiga o‘xshaydi. Lekin matnning tarkiblanishi gapdagi tarkiblanishdan tubdan farq qiladi. Gapning sintaktik qolipi turg‘unlashgan, asrlar davomida shakllangan, hamma uchun qulay foydalaniladigan va deyarli o‘zgarmas bo‘ladi. So‘zlovchi yoki muallif o‘z niyatiga ko‘ra mazkur qoliplardan ixtiyoriy ravishda foydalanaveradi. Matndagi holat bundan boshqacharoq. Matnda so‘zlar orasidagi munosabatdan ko‘ra gaplar o‘rtasidagi aloqadorlik muhim hisoblanadi. Agar gaplararo ham mazmunan ham shaklan aloqadorlik mavjud bo‘lmasa, matn butunligi haqida ham gapirish mumkin emas.”4 Badiiy matndagi kompozitsion butunlik tushunchasi makon va zamon muvofiqligi, ifoda va qolip uyg‘unligi, hamda motivasion yaxlitlik tushunchalari bilan uzviy bog‘liq. Badiiy matnni lisoniy tahlil qilish jarayonida bunday bog‘liqliklarga alohida e’tibor qaratish lozim.
Badiiy til masalasini ayni lingvopoetik maqsadlar bilan yoritish borasida X.Doniyorov, S.Mirzayev, X.Samadov, I.Qo‘chqortoyev, X.Abduraxmonov, M.Mirtojiyev, N.Mahmudov va boshqalar alohida diqqatga sazovor bir qancha ishlarni yaratganlar.
O‘zbek tilshunosligida keyingi o‘n yilliklarda muayyan bir ijodkorning tildan
foydalanish mahorati, yozuvchining u yoki bu til badiiy matn xususiyatlarini qo‘llashdagi o‘ziga xosliklarini mufassal ko‘rsatishga bag‘ishlangan juda ko‘plab tadqiqotlaryuzaga kelganligi ma’lum. Aytish lozimki, badiiy tilni o‘rganishda ko‘proq badiiy matnlarning lingvopoetikasiga e’tibor qilinganligi ko‘zga tashlanadi. Masalan, tilshunos L.Abdullayeva o‘zining monografiyasida o‘zbek badiiy adabiyoti tilining leksik stilistikasi muammolari haqida fikr yuritgan. E.Qilichev esa “Badiiy tasvirning leksik vositalari”(1982) deb nomlangan kitobida badiiy tasvirda ishtirok etadigan leksik vositalar, ularning ifoda imkoniyatlari bilan bog‘liq masalalar ustida to‘xtalgan. B.Umurqulovning “Poetik nutq leksikasi”(1990) nomli monografiyasida hozirgi o‘zbek she’riyati tilining leksik manbalari, poetik leksika, an’anaviy poetizmlar, so‘z variantlari va ularning estetik qimmati kabi masalalar tadqiq etilgan. Ko‘rinib turganiday, o‘zbek tilshunosligida badiiy asar tilining lingvopoetikasi bo‘yicha ancha-muncha ish qilingan. Ammo bu yo‘nalishdagi tadqiqotlar doirasi nechog‘lik katta bo‘lishiga qaramasdan, ular adabiyotimiz tarixida alohida o‘rin tutadigan jiddiy asarlarning barchasini qamrab olgan deb bo‘lmaydi.
“Matn” atamasi ilmiy adabiyotlarda har xil talqin qilinadi. O‘zbek tilining izohli lug‘atida matn so‘zi arabchadan o‘zlashganligi, eskirgan kitobiy so‘z ekani va aynan tekst so‘zi anglatgan ma’noga tengligiga ishora qilinadi. Ko‘rishimiz mumkinki, izohli lug‘atning 156-betida tekst so‘ziga quyidagicha ta’rif beriladi: 1.Yozilgan, ko‘chirilgan yoki bosilgan ijodiy, ilmiy asar, nutq, hujjat va shu kabilar yoki ularning bir parchasi; matn. Maqolaning teksti. 2.Musiqa asariga, masalan biror kuyga, opera, romans va shu kabilarga asos bo‘lgan she’r, so‘z. 3.Poligrafiyada yirik shriftlardan birining nomi. Bu ta’rifda matnning asosiy xususiyatlari to‘g‘ri ko‘rsatilgan. Faqat axborot-kommunikasiya vositalarining taraqqiy etishi natijasida matn(tekst) so‘zi anglatadigan ma’no yanada ortganligini ko‘rishimiz mumkin. Kompyuterda terilgan matn formati Word, RTF matn, oddiy matn, formatlangan matn, gipermatn kabi so‘zlar bugungi kunda iste’molda faollashdi.
Bugungi kun tilshunosligida matn tilning alohida yirik birligi(supersintaktik butunlik) va matn tilshunosligi deb atalayotgan sohaning asosiy obyekti sifatida talqin qilinadi. Matnni tadqiq etishda uni so‘z birikmasi va gapdan farqlash lozimligi, matnning ham o‘z kategoriyasi va qonuniyatlari borligi aytiladi. Tilshunos M.X.Hakimov ilmiy matn tadqiqiga bag‘ishlangan dissertatsion ishida bu haqda shunday yozadi: “Matn so‘zining lug‘aviy ma’nosida birikish, bog‘lanish tushunchalarining borligi, shuning uchun matn tarkibi o‘zaro qaysidir bog‘lovchilar yordamida birikishini o‘rganish “Matn tilshunosligi” sohasining asosiy muammolaridan biri bo‘lib qoldi. Matn birliklarining o‘zaro bog‘lanishini ifoda etuvchi takror va uning bir necha ko‘rinishi, olmosh turkumiga oid ba’zi so‘zlar, gapning so‘roq shakliga xos bo‘lgan ko‘rinishining matn hosil qilishdagi vazifalari matn tilshunosligida alohida o‘rin tutadi.”5 Mazkur ishda muallif “matn” atamasini “nutq”, “kontekst” kabi boshqa lingvistik atamalardan farqlash lozimligini ta’kidlaydi. Nutq og‘zaki va yozma shakllarda namoyon bo‘ladi. Nutqning yozma shakli matn atamasi ifodalaydigan mazmunga muvofiq keladi. “Nutq subyektdan adresatga yo‘naltiriluvchi nutqiy faoliyat hisoblanadi. Matn esa faqat obyektiv informatsiyadan iborat bo‘lmay, balki o‘ziga pragmatik mazmunni ham qamrab olgan nutqning material ko‘rinishidir.”6
Tilshunos olim M.Arriv “Diskurs, ifoda(recit) va bular orasidagi aloqani maydonga keltiradigan butunlikka matn deyiladi”7 deydi. Ilmiy adabiyotlarda kontekst atamasi nutqiy vaziyat mahsuli deb ko‘rsatiladi. “Kontekst – bu bir leksik yoki grammatik birlik asosida ifodalangan ma’no yoki tushunchani oydinlashtirish uchun keltirilgan, tuzilgan minimal nutq birligi. Qoida bo‘yicha bu – so‘z birikmasi, ba’zan gap, kamdan-kam abzas yoki yaxlit matnga teng keladi”.8 Masalan, tuyoq so‘zi hayvonga aloqador a’zo hisoblanadi: “Loyi ko‘pirib yotgan yo‘lda ot taqalari, mol tuyoqlaridan hosil bo‘lgan chuqurchalarni limmo-lim to‘ldirgan sariq zardoblar jimirlab, yoni-veridan sirqib yotardi”(P.Tursun). Mazkur so‘z insonga nisbatan qo‘llanilganda salbiy bo‘yoq birinchi planga chiqadi:
“Obro‘ying borida tuyog‘ingni shiqillatib qol”. Kontekst so‘zlarning semantik ma’nosi reallashadigan o‘ziga xos maydon, nutqiy vaziyat hisoblanadi. Bu o‘rinda S.D.Kasnelsonning quyidagi fikrini keltirib o‘tish o‘rinli: “Borliqning mavjud dalillari lug‘atlarda berilganidek alohida so‘zlarda emas, balki nutqiy aloqalarda, tugal xabarlarda, matnlarda, ularning minimal bo‘lagi bo‘lgan gaplarda aks etadi... So‘zlar va ular ma’nolarining ong va borliqqa munosabati gap orqali bog‘langan, gapdan tashqarida ular faqat potensial birlikdir, xolos. Ularni mexanizmning detallariga qiyoslash mumkin, ularning vazifasi faqatgina butun bir mexanizm bilan aloqada tushuniladi”.9
Tilshunos E.Qilichev “Matnning lingvistik tahlili” deb nomlangan kitobida “Matn – hamma elementlari o‘zaro zich aloqada bo‘lgan va avtor nuqtai nazaridan ma’lum bir maqsadga yo‘naltirilgan nominativ–estetik axborotni ifodalovchi murakkab tuzilma” degan ta’rifni keltiradi. I.R.Galperin matnning ma’lumot berish, bo‘linuvchanlik, kogeziya(aloqalar sistemasi), kontinium(vaqt va makon izchilligi), qismlar avtosemantiyasi, retrospeksiya va prospeksiya, modallik, yaxlitlik va tugallanganlik kabi sakkiz kategoriyasi mavjudligi haqida ma’lumot beradi. Umuman matn deyilganda nutqiy jarayon mahsuli bo‘lgan, tugallangan, yozma shaklda mavjud bo‘lgan, adabiy shakllangan, superfrazali birliklardan tuzilgan, leksik, grammatik, logik, stilistik aloqalar bilan bog‘langan, aniq maqsadli va pragmatik qurilmali nutqiy asarni tushunish kerak.
Tilshunos I.Rasulovning fikricha, gapdan katta birlik murakkab sintaktik butunlik bo‘lib, u fikran va sintaktik jihatdan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan gaplar birlashmasidan iborat. Unda fikr gapga nisbatan ancha to‘liq bo‘ladi. Hozirgi davrda matn turlari va ularga xos bo‘lgan belgi-xususiyatlarni aniqlash davom etmoqda. Biz matnning o‘ziga xos belgilari sifatida axborot berish, mustaqil gaplar yoki murakkab sintaktik butunlikdan tashkil topishi, tarkibiy qismlar orasida mazmuniy va sintaktik aloqalarning mavjudligi, makon va zamon izchilligi, yaxlitligi va tugallanganligi, bir umumiy mavzuga egaligi kabilarni tushunamiz. Matn ana shunday belgilarni o‘zida mujassamlashtirgan murakkab kommunikativ-sintaktik butunlikdir. Yu.M.Lotman “Matn ifodalilik(ma’lum bir fikr ifodalangan bo‘lishi), chegaralanganlik(mazmun va ifodadagi me’yoriylikning bo‘lishi) va struktural butunlik belgilariga ega bo‘lishi lozim”10 deb ta’kidlaydi. Ayniqsa, badiiy matn uchun mazkur belgilar favqulodda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda jahon tilshunosligida matn va uning lisoniy tabiatini o‘rganishga qaratilgan tadqiqotlar XX asr o‘rtalaridan amalga oshirila boshladi. Buni biz rus, ingliz, fransuz, nemis tilshunosligi kabi bir necha lingvistik maktablar misolida ko‘rishimiz mumkin. Matn haqida fikr yuritishdan avval uning qanday jarayon ekanligini aniqlab olishimiz zarur. Matnning til tizimidagi o‘rni haqida tilshunoslikda turli xil qarashlar mavjud. Masalan, matnni nutqiy birlik sifatida talqin qiluvchi olimlar uning belgilar tabiati nimalardan iborat, matnni nutqiy jarayon deb atash lozimmi yoki matnni nutqiy jarayonning natijasi sifatida talqin etish kerakmi, matnni og‘zaki nutq bilan yoki yozma nutq bilan bog‘lab o‘rganish to‘g‘ri bo‘ladimi degan savollarni kun tartibiga qo‘ymoqdalar. Matnning nutq kategoriyasi ekanligi masalasi psixolingvistikada “nutqiy jarayon” yoki “nutqiy faoliyat natijasi” sifatida izohlanadi. Matn tuzilishiga ko‘ra og‘zaki va yozma shakllarda bo‘lishi mumkin. Rus tilshunosi I.R.Galperinninig talqiniga ko‘ra, matn har tomonlama mukammal holatlarga keltirilgan yozma nutq mahsulidir.
XX asrning 2-yarmida tilshunoslikda yangi yo‘nalish “Matn tilshunosligi” paydo bo‘ldi. Bu nisbatan yosh soha bo‘lgani uchun ham uning ichki tuzilishida muayyan nazariyalar borasida hozirga qadar bir ilmiy qarorga kelinmagan. O‘tgan asrning 90-yillaridan boshlab o‘zbek olimlari mana shu soha-matn tilshunosligining nazariy muammolari bilan shug‘ullana boshladilar. Bu jihatdan B.O‘rinboyev, R.Qo‘ng‘urov, J.Lapasovlarning “Badiiy tekstning lingvistik tahlili” nomli o‘quv qo`llanmasini alohida qayd etishimiz zarur. Bu asarning kirish qismi “Tekst-lingvistik tahlil obyekti” deb nomlanadi. Bunda matn tiplari, ularning umumiy va o‘ziga xos belgilari, matnning lisoniy tahlili, metodologik tamoyillari, matn yaratish muammolari ifoda vositalarining tanlanishi va ularning matn tuzilishidagi roli singari dolzarb masalalar o‘zbek tilida berilgan misollar orqali yoritilgan. A.Mamajonov 1989-yilda nashr qilingan “Tekst lingvistikasi” nomli qo‘llanmasida matn nazariyasi va matn tahlili bilan bog‘liq masalalarga to‘xtalgan.
O‘zbek tilshunoslari A.Nurmonov va N.Mahmudovlar “O‘zbek tilining mazmuniy sintaksisi”asarida matn kategoriyasining o‘rganilishi, matn sintaksisi xususida muhim ma’lumotlarni beradi. M.Yo‘ldoshevning doktorlik dissertatsiyasi badiiy matn lingvopoetikasiga bag‘ishlangan bo‘lib, u mazkur tadqiqot bilan bog‘liq bir qancha o‘quv qo‘llanmalarni nashr qilgan: “Badiiy matn va uning lingvopoetik tahlili asoslari”, “Badiiy matn lingvopoetikasi”, “Badiiy matnning lisoniy tahlili”. Olimning asarlarida matnning nazariy masalalari, uning maqomi, birliklari, matn turlari, matn tarkibiy qismlari, matn tarkibiy qismini bog‘lovchi vositalar, badiiy matnni tahlil qilish tamoyillari(shakl va mazmun birligi tamoyili; makon va zamon birligi tamoyili; xususiylikdan umumiylikka o‘tish tamoyili), badiiy matnni tahlil qilish usullari(lisoniy tabdil usuli; matn variantlarini qiyoslash usuli; lug‘atlarga asoslanish usuli; lisoniy birliklar indeksini tuzish usuli), badiiy matnning lingvistik tahlili(badiiy matnning fonetik-fonologik xususiyatlari, badiiy matnning leksik-semantik xususiyatlari, badiiy matnning morfologik xususiyatlari, badiiy matnning sintaktik xususiyatlari), badiiy matnda ko‘chimlar kabi masalalar haqida ma’lumot beradi. O‘zbek tilshunosligida matn muammolari tadqiqida yana bir salmoqli ish S.Boymirzayevaning “O‘zbek tilida matnning kommunikativ-pragmatik mazmunini shakllantiruvchi kategoriyalar” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasidir. Mazkur tadqiqot ham o‘zbek lingvistikasida matn tilshunosligi yo‘nalishining rivojiga zalvorli hissa qo‘shdi. Hozirgi paytga kelib, o‘zbek tilshunosligida matn muammolarini tadqiq etishda salmoqli yutuqlarga erishildi va natijada lingvistikada “Matn tilshunosligi” yo‘nalishining mavqeyi yanada mustahkamlandi. Matn maqsad-mohiyatida tilning ikki muhim vazifalaridan biri: kommunikativ vazifa yoki estetik vazifaning qay biri yetakchilik qilishiga ko‘ra matnning ikki oppozitiv tipi farqlanadi, ya’ni badiiy matn va nobadiiy matnlardir. Asosiy maqsad-mohiyatida estetik vazifa yetakchilik qilgan matnlarni biz badiiy matn deb atashimiz mumkin.

Yüklə 389,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin