Ikkinchidan, har ikki muhaddis tomonidan roviylarga qat'iy talablar qo'yilgan, ayniqsa, Buxoriy ularning ziyolilik darajasi va akademik standartlariga alohida e'tibor qaratgan. Buxoriyning saralash mezonlariga ko'ra, ayni bir hadisni ketma-ketlikda naql qilayotgan ikki roviy (hadis etkazuvchi)ning har biri ayricha o'z ustozidan ta'lim olgan bo'lishi, ayni bir zamonda va makonda yashagan bo'lishi va, albatta, bir-biri bilan yuzma-yuz uchrashgan bo'lib, biri ikkinchisidan tegishli hadisni o'zlashtirgan bo'lishi lozim. Muslim roviylarga bunday talab qo'ymagan: ikki roviyning ayni bir zamonda va mintaqada yashaganligining o'zi kifoya, ular o'zaro uchrashib bir-biridan hadis o'rganganligini isbotlash shart emas, deb hisoblagan. Xuddi shu joyda Muslimning sahih hadislarni saralash mezoni bo'yicha roviylar o'rtasidagi uzviylik talabi Buxoriynikidan ko'ra zaifroq ekanligi namoyon bo'ladi. Shu bois, Buxoriy hadislari islomda Qur'ondan keyingi eng ishonchli manba sifatida ko'riladi.
Umuman, Imom Buxoriyni boshqa muhaddislar bilan taqqoslaganda, uning quyidagi ustunliklari ko'zga tashlanadi:
birinchidan, Imom Buxoriy hadis ilmi gurkiragan davrda yashab o'tgan va oltita sahis muhaddislarning eng yoshi ulug'i bo'lgan. Buning ahamiyati shundaki, boshqa yirik muhaddislar uning to'plamidan andoza olishgan va hadis bilan bog'liq mavzularda Imom Buxoriyga suyanishgan, hadis to'plash va ularni saralashda uslubiy jihatdan uning izidan borishgan;
ikkinchidan, Imom Buxoriy hadislarning sahihligini tekshirishda juda tanqidiy yondashgan, har bir dililni sinchkovlik bilan tekshirgan va ushbu ulug' vazifaga o'zini butunlay baxshida etgan;
uchinchidan, Buxoriy tabiatan o'ta ziyrak, o'tkir zakovat va aqliy salohiyat sohibi, tug'ma iste'dod va kuchli xotira egasi bo'lgan. Uning bu xislatlari ko'plab manbalarda o'z isbotiga ega;
to'rtinchidan, Imom Buxoriy hadislar to'plamidagi har bir bobning Qur'oni karim matni bilan uzviyligini ta'minlagan. Bu bilan islomning ushbu ikki manbasini uyg'unlashtirgan va hadislar vositasida Qur'onni tushunish va anglab olishni osonlashtirgan;