2.2. Badiiy obrazning xususiyatlari. Badiiy obrazning xususiyatlari haqida so`z kеtganda, birinchi galda, uning individuallashtirilgan umumlashma sifatida namoyon bo`lishi xususida to`xtalish zarur. Ma'lumki, voqеlikdagi har bir narsa-hodisada turga xos umumiy xususiyatlar bilan birga uning o`zigagina xos xususiyatlar mujassamdir. Masalan, fan umuman odam haqida (masalan, biolog umuman odamning fiziologik xususiyatlari haqida) so`z yuritishi mumkin, biroq san'at hеch vaqt umuman odam obrazini yarata olmaydi. Shu ma'noda konkrеtlilik — badiiy obrazning muhim spеtsifik xususiyatlaridan biri sanaladi.Masalan, A.Qahhorning "O`g`ri" hikoyasida Qobil boboning amin huzuriga kеlganini eslasak. Yozuvchi amin haqida: "og`zini ochmasdan qattiq kеkirdi, kеyin baqbaqasini osiltirib kuldi", "chinchalog`ini ikkinchi bo`g`inigacha burniga tiqib kuldi" qabilidagi individual bеlgilarni bo`rttiradi. Ayni shu individual bеlgilarning bo`rttirilishi hisobiga adib katta badiiy umumlashmaga erishadi: zamona amaldorlariga xos bo`lgan qo`l ostidagi fuqaroning taqdiriga bеfarqlikni ko`rsatadi. Ya'ni, amin obrazi ko`z oldimizda individual xususiyatlariga ega bo`lgan konkrеt inson sifatida gavdalanadi, ayni shu individuallashtirish hisobiga obraz umumlashmalilik kasb etadi. Ko`rinadiki, shu tariqa badiiy obrazda bir paytning o`zida bir-biriga zid ikki jihat (individuallik va umumiylik) uyg`un tajassumini topadi.
Yuqoridagi barcha fikrlarni jamlasak,bitta xulosa kelib chiqadi:adabiyotga hayotdagi hamma (inson, narsa, buyum, hayvon, hodisa, predmet, o`simlik, ko`chma ma`nodagi so`zlar iboralar, leksik resurslar; ifoda-tasvir vositalari- mubolag`a, kichraytirish, o`xshatish, omonim, sinonim, antonimlar; anaphora, epifora, asindenton va sh.k) unsurlar kirar ekan, kirganda ham san`atkor ongi va qalbida jilolanib, boyib, kattalashib, eng muhimi insonlashib va bir butunlik kasb etib muhrlanar ekan- ularning barchasini obraz deb yuritish qonuniyatdir.Shu nuqtai nazardan birgina misolga-benazir shoir, O`zbekistonning ko`z qorasi Hamid Olimjonning “O`zbekiston” she`ridan kichik bir parchaga e`tiborimizni qaratsak:
O`xshashi yo`q bu go`zal bo`ston,Dostonlarda bitgan guliston-O`zbekiston deya atalur, Uni sevib el tilga olur. Chiroylidir go`yo yosh kelin, Ikki daryoyuvarkokilin. Qorli tog`lar turar boshida, Gulvodiylaryashnarqoshida Chor atrofga yoyganda gilam, Asloyo`qdirbundayinko`klam. Unda O`zbekiston ham –obraz, “Chiroylidir go`yo yosh kelin, ikki daryo yuvar kokilin” – o`xshatishi ham obraz. Lekin ularning barchasi ham – ko`z o`ngimizda o`xshashi yo`q O`zbekistonni betakror ranglari, ijodi, turmushi, baxti, tolesi, iqboli, yallasi, allasi, shirmoni, butun bag`ri-yu aziz tuprog`i bilan yaqqol va butunligicha aniq gavdalantiradi, qalbimizni g`ururga to`ldiradi.
Biroq V.G.Belinskiy ta`kid etganidek, san`atdagi eng oliy predmet- inson hisoblanarkan, demak, “obraz” atamasi insonga (badiiy asardagi insonga) nisbatan qo`llash ma`quldir. Chunki, “Yozuvchining materiali- uning o`zi kabi xususiyatlar, niyatlar, xoxishlarga ega bo`lgan, did va kayfiyatlari o`zgarib turadigan insondir”. Adabiyotda ana shu Insonga va unga asoslanib hayotning qolgan barcha predmetlari, hodisalari ham insoniylashadi, Insonning badiiy kashfi uchun xizmat qiladilar.
Badiiy obraz ko`rgazmali obrazdagi umumlashtirishni va suratli obrazdagi individuallikni o`zida birdaniga birlashtiradi. Aslida har bir mavjudot kabi inson- umumiy va individual tomonlarning birligidan iborat: bir tomondan, u jonli mavjudotning bir vakili, tarixiy rivojlanish nuqtai nazaridan biron-bir urug`ning, millatning, sohaning, mutahasislikning vakili. Unga o`xshshs minglab, millionlab kishilar bor. Lekin, ayni paytda, u boshqa biron kishiga tashqi jihatdan ham, xarakteri jihatidan ham o`xshamaydi, ulardan farqlanib turuvchi o`z dunyosiga ega.
Yozuvchi muayyan obrazda voqea – hodisalarning eng muhim xususiyatlarini umumlashtiradi. Jumladan, “Sudxo`rning o`limi”dagi Qori Ishkambada bosh xususiyat qilib xasislik, ochko`zlik, sudxo`rlik xislatlari shunchalik umumlashtirilganki, biz hayotda uchratgan xasis va sudxo`r kishilarni – qori Ishkamblar deb atayveramiz.
Ayni paytda, Qori Ishkambaning xarakterli aniq qiyofasi, o`ziga xos original qilig`I, odati, o`y-orzusi, muhokamayu mushohadasi, tili, odobi, madaniyati bor. Bu o`ziga xosliklar- individuallashgan tarzda ro`yobga chiqqan va ular ta`kidlab ko`rsatiladi, esda qoladigan qilib tasvirlanadi. Misol tariqasida uning portretini keltiraman:
“U o`rta bo`yli, qorni katta, semiz, bo`yni kalta va yo`g`on, boshi ham katta va sergo`sht biro dam edi, bo`ynining yo`g`onligi va yuzining sergo`shtliligi shu darajada ediki, uning gavdasi suv to`ldirilgan meshday tekis ko`rinar edi. Agar uning qalin soqoli va soci olinib, kiyimlari ham yechilib tashlansa, nortuyaning oshqozoniga o`xshab qolardi. Faqat farqi shundagi, bu tuyaning oshqozonidan kattaroq va tusi ham qizg`ishroq bo`lib, oyu kuni to`lgan semiz, tullagan keksa bo`g`oz cho`chqaning xuddi o`zi bo`lib qolar edi”.
Ko`rinadiki, bu qiyofa faqatgina “Sudxo`rning o`limi”dagi Qori Ishkambagagina tegishlidir; xasis, ochko`z, tekinni ko`rsa yeb to`ymaydigan qorining judayam aniq, judayam ishonchli, judayam esda qoladigan tarzdagi portretidir; ikkala unsurning – umumlashtirish va individuallashtirishning hayotiyligini, yaxlitligini yaqqol ko`rsatuvchi isbotdir.
Demak, umumlashmadan individuallik, individuallikdan umumlashmalik tug`ilgandagina, tog`rirog`i ular bir-birlarining ichlarida mujassamlashganlaridagina (mazmun va shakl hodisasiga o`xshab) – yaxlitlik vujudga kelgandagina obraz betakrorlikka, jonlilikka, ta`sirdorlikka erishadi. Obraz yaratila boshlaydi.
Badiiy obrazning muhim xususiyatlaridan yana biri uning mеtaforikligi sanaladi. Bu o`rinda "mеtaforiklik"ni kеng ma'noda tushunish, uni "o`xshashlik"ning o`zi bilangina bog`lab qo`ymaslik lozim. Ya'ni, "mеtaforiklik" dеganda badiiy obrazning bir narsa mohiyatini boshqa bir narsa orqali ochishga intilishi, san'atga xos fikrlash yo`sini tushuniladi. Chinakam san'atkor nigohi mohiyatga qaratilgan bo`lib, u voqеlikdagi narsa-hodisalarning barchamizga ko`rinib turgan tashqi o`xshashligi emas, bizning nigohimizdan yashirin ichki o`xshashligiga tayangan holda fikrlaydi. San'atkor biz uchun kutilmagan ichki o`xshashlikni inkishof etadiki, natijada o`sha biz bilgan narsa-hodisa ko`z oldimizda butkul yangicha bir tarzda suratlanadi, o`zining bizga noayon qirralarini namoyon etadi. Masalan, musavvir ijodi haqida, rangtasvir san'atining o`ziga xosligi haqida hammamiz ham ma'lum bir tasavvurga egamiz. Shoir (X.Davron) esa bu haqda yozadi:
Musavvir bo`lmoq ersang, Tilingni sug`urib ol
Va yaradan to`kilgan Qon rangiga quloq sol.
Demak, ular yordamchi vositalardir. Badiiy tasvirning maqsadi sifatida ko'pincha insonning o'zi turadi. Narsa va hodisalar tasviri o'z-o'zicha mustaqil badiiy qiymatga ega bo'lmaydi, ular insonni yorqinroq ko'rsatish, uning tabiatini teranroq ochish uchun kerak. Lekin inson yolg'iz o'zi mavjud bo'la olmaydi. Odam odamday yashashi va o'z insonligini namoyon etishi uchun juda ko'p narsalar kerak. Badiiy adabiyotda inson bilan bir qatorda, narsa-hodisalar muhit tasviri ham zarurdir. Faqat ularning badiiy adabiyotdagi tasviri inson holati, kechinmalariga bo'ysundirilgan bo'ladi. Yozuvchi voqelikni aks ettirar ekan, uni o'zi anglaganicha talqin qiladi. Hayotdagi voqea-hodisalar, odamlar va ularning dunyoqarashi, xarakter xususiyati, madaniy-ilmiy saviyasi, niyati, orzu-istagi ishlovidan o'tgandan keyingina obraz timsollar qiyofasida namoyon bo'ladi, badiiy asar shaklini oladi. Qisqasi, yozuvchi ijod jarayonida asaridagi obrazlarni individuallashtiradi, umumlashtiradi. Inson tasvirlash, avvalo, uning ichki dunyosini, kechinmalarini tasvirlash demakdir. Odam odamlar orasida, ya'ni jamiyatda yashaydi. Insonning kechinmalari jamiyatga oid turli-tuman masalalar bilan chambarchas aloqador bo'ladi. Shunday ekan, badiiy adabiyot inson kechinmalarini barcha murakkabliklari bilan aks ettirishi kerak. Bu esa ijodkordan yuksak iste'dod va badiiy mahorat talab qiladi. U hayot va odamlarni yaxshi bilishi, insonning holatini, imkoni boricha, haqqoniy, o'z qalbi bilan tuyganday aks ettirishi kerak. Shundagina yaratgan asarlari odamlar qalbiga kuchli ta'sir etib, zavq-shavq uyg'otishi, kishilarni ezgulikka e'tiqod va go'zallikka muhabbat ruhida tarbiyalashi mumkin. Demak, badiiy adabiyotda insonning alohida shaxs qiyofasida yaratilgan, ayni paytda badiiy umumlashma xususiyatiga va hissiy ta'sir kuchiga ega bo'lgan surati badiiy obraz deyiladi
Badiiy adabiyot asosida go'zallik haqidagi tasavvur yotadi. Bunday tasavvur insonning odam, hayot va jamiyat haqidagi orzu-armonlaridan tug'ilgan. Badiiy asar ana shu orzu-armonlarni aks ettirsagina tarbiyaviy quvvatga ega bo'ladi.
Obrazda obʼyektiv anglash bilan subʼyektiv ijodiy tafakkur qorishib ketadi. Badiiy Obrazning oʻziga xos xususiyatlari real voqelikka va fikrlash jarayoniga boʻlgan munosabatda aniq namoyon boʻladi. Obraz voqelikning badiiy inʼikosi sifatida real mavjud obyektning hissiy aniq, tayin zamon va makonda davom etgan, moddiy tugal, oʻzicha yetuk xususiyatlariga ega boʻladi. Badiiy obrazni real obyekt bilan chalkashtirmaslik kerak; u shartlilik, ramziylik xususiyati bilan real voqelikdan farq qiladi va asarning ichki "illyuziyali" olamini tashkil qiladi. Obraz voqelikning oddiy inʼikosi boʻlmay, balki uni umumlashtirib, alohida, oʻtkinchi, tasodifiy hodisaning eng mohiyatli, oʻzgarmas, muqim, adabiy jihatlarini ochib beradi. Mavhum tushunchadan farqli ravishda obraz koʻrgazmalilik xususiyatini namoyon etadi, u voqealarni mavqum mulohazalar bilan emas, balki hissiy yaxlit, bir butun takrorlanmas tarzda aks ettiradi. Obrazning badiiyligi mavjud voqelikni aks ettirish va uni anglash xususiyati bilan belgilanmaydi, balki badiiylik obrazning misli koʻrilmagan, yangi oʻylab chiqarilgan dunyo yarata olish imkoniyatida yuzaga chiqadi. Obrazda obyektiv mavjud va muhim jihatlar bilan birga, boʻlishi mumkin boʻlgan, moʻljaldagi, xohishdagi, yaʼni turmushning emotsional-irodaviy tomonlariga munosabat, uning koʻrinmas, ichki imkoniyatlari bilan bogʻliq xususiyatlar ham muxrlangan boʻladi. Shuningdek, badiiy obrazda xayolot, boʻyoq, tovush, soʻz va boshqalarni ijodiy ishlash yoʻli bilan sanʼat asari yaratiladi.