Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni Maktabgacha ta’lim sohasi uzluksiz ta’lim tizimining birlamchi bo‘g‘ini hisoblanib, u har tomonlama sog‘lom va barkamol bola shaxsini tarbiyalash va maktabga tayyorlashda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Mustaqillik yillarida respublikada ta’lim-tarbiya tizimi va barkamol avlodni tarbiyalash davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari darajasiga ko‘tarildi. Biroq o‘tkazilgan tahlillar maktabgacha ta’lim sohasida olib borilayotgan ishlarning samarasi va natijasi yetarli darajada emasligini ko‘rsatmoqda.
Jumladan, so‘nggi 20-yil davomida davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim muassasalari soni 45 foizdan ziyodroq kamaygan bo‘lib, bugungi kunda respublika bo‘yicha bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishi 30 foizni tashkil etadi. Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasi zamonaviy talabga javob bermaydi.
Maktabgacha ta’lim tizimida variativ dasturlar joriy etilmagan, bolalarni maktabga tayyorlash bo‘yicha muqobil, moslashuvchan modellar yetarli darajada rivojlanmagan hamda taraqqiy etgan mamlakatlar singari ijtimoiy, shaxsiy, hissiy, nutqiy, matematik, jismoniy va ijodiy rivojlantirish, atrof muhit bilan tanishuvga yo‘naltirilgan maxsus davlat ta’lim dasturlari tatbiq qilinmagan.
Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlarning aksariyati o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lib, bu bolalarni maktab ta’limiga talab darajasida tayyorlash imkonini bermaydi.
Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim sifati monitoringini yuritish tuzilmaviy va tashkiliy jihatdan nazarda tutilmaganligi sababli, maktabgacha ta’lim muassasalaridagi ta’lim jarayonining sifati va samaradorligini baholash zamon talablariga javob bermaydi.
Xorijiy davlatlar ilg‘or tajribasining tahlili zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasalarida maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantirish uchun sharoitlarni yaratishga yo‘naltirilganligi bilan tavsiflanib, bolaning ijobiy ijtimoiylashuvi imkoniyatlarini namoyon qilish, uning har tomonlama shaxsga oid ma’naviy-axloqiy va ongli rivojlanishi, maktabgacha yoshga oid tegishli faoliyat turlari asosida tashabbuskorligi va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga, muloqot doirasida katta yoshdagilar va tengdoshlari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini ochishga qaratilgan.
Uzluksiz ta’lim tizimining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, samarali davlat boshqaruvi tizimini yaratish, maktabgacha ta’lim muassasalari davlat va nodavlat tarmog‘ini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qamrab olishni keskin oshirish, ta’lim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish orqali bolalarni har tomonlama intellektual, ma’naviy-estetik, jismoniy rivojlantirish hamda ularni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Toshkent shahar maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi, viloyatlar maktabgacha ta’lim boshqarmalari hamda ularning tuman(shahar)lardagi bo‘limlari tashkil etilsin.
2. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilansin:
birinchidan, maktabgacha ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;
ikkinchidan, ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
uchinchidan, respublikada davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari orasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hisobiga barcha bolalarning maktabgacha ta’lim muassasalariga bosqichma-bosqich qamrab olinishini ta’minlash, ularga soliq imtiyozlari va preferensiyalar berish, byudjetdan subsidiyalar ajratish, shuningdek, bolalarning maktabgacha ta’limi va tarbiyasining muqobil shakllarini amaliyotga tatbiq etish;
to‘rtinchidan, zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, ta’lim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini ta’lim-tarbiya jarayoniga, shu jumladan nodavlat sektorida joriy etish;
beshinchidan, milliy madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob o‘qishga qiziqishni uyg‘otuvchi o‘quv-metodik, didaktik materiallar, o‘yin va o‘yinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan maktabgacha ta’lim muassasalarini ta’minlash;
oltinchidan, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va metodlarni hisobga olgan holda bolalarni tarbiyalash va har tomonlama rivojlantirish masalalarini professional darajada hal etishga qodir bo‘lgan maktabgacha ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
ettinchidan, maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tizimini yaratish va tajribali yuqori malakali va kasbiy jihatdan puxta tayyorlangan pedagog kadrlar hamda tarbiyachilarni ta’lim-tarbiya jarayoniga jalb qilish;
sakkizinchidan, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining ratsional va belgilangan me’yorlar asosida sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanishini ta’minlash uchun munosib sharoitlar yaratish, ko‘ngilochar va bilim beruvchi mashg‘ulotlar elementlari bo‘lgan, hajmlari va intensivligi asosiy tibbiy taqdimnomalar bilan belgilanuvchi serharakat o‘yinlar va mashqlar uyushtirish;
to‘qqizinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda ularning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha profilaktika chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish.
3. Idoraviy mansubligidan qat’iy nazar, barcha davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim muassasalari O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimiga belgilangan tartibda o‘tkazilsin.
4. Belgilansinki:
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining maktabgacha ta’lim sohasidagi barcha huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining o‘z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.
5. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining Maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish respublika o‘quv-metodika markazi negizida Maktabgacha ta’lim muassasalari rahbar va mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti (keyingi o‘rinlarda Institut deb yuritiladi) tashkil etilsin u O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tarkibiga kiritilsin hamda uning zimmasiga ilg‘or xorijiy tajriba asosida maktabgacha ta’lim muassasalarining rahbar va mutaxassislarida zamonaviy menedjment va pedagogik texnologiyalar bo‘yicha sohaga oid bilimlar va ko‘nikmalarni shakllantirish vazifalari yuklatilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017-yil 9-sentabrdagi PQ-3261-sonli qarori bilan tasdiqlangan Maktabgacha ta’lim tizimini tanqidiy o‘rganish bo‘yicha komissiya zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatilsin:
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish hamda ularga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda ko‘maklashish;
ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi markaziy apparati va hududiy bo‘linmalarining rahbarlik bo‘g‘inlarini vazirlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga qodir, chuqur bilim hamda yuqori kasb mahoratiga ega bo‘lgan tajribali va malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish;
maktabgacha ta’lim tizimining oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini hududlar bo‘yicha o‘rganish va tahlil natijalariga ko‘ra pedgogika yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalariga maqsadli qabul kvotalari bo‘yicha takliflar tayyorlash;
respublika hududlarida 50, 70, 100, 120 va 150 o‘ringa mo‘ljallangan davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini qo‘shimcha barpo etish orqali bolalarni maktabgacha ta’lim bilan bosqichma-bosqich to‘liq qamrab olish, bolalarga maktabgacha ta’lim-tarbiya berishning muqobil turlarini amaliyotga joriy etishga qaratilgan kompleks dasturni ishlab chiqish va tasdiqlash.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida va O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari loyihasini kiritsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev va Xalq ta’limi vaziri U.I.Inoyatov zimmasiga yuklansin.
MAKTABGACHA TA’LIM MUASSASALARI FAOLIYATI KO‘RIB CHIQILDI
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi
O‘zXDP guruhi tashabbusi bilan maktabgacha ta’lim muassasalarida sport to‘garaklarini tashkil etish, bolalarning sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xalq deputatlari Oqqo‘rg‘on tuman Kengashidagi Yoshlar siyosati va sog‘lom avlod masalalari bo‘yicha doimiy komissiya yig‘ilishida ko‘rib chiqildi.
— Sog‘lom, barkamol avlodni kamolga yetkazishda ta’lim va tarbiyaning boshlang‘ich tizimi — maktabgacha ta’lim muassasalari muhim ahamiyatga ega, — dedi xalq deputatlari Oqqo‘rg‘on tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi Muyassar Alimbetova. — Partiyamizning Saylovoldi dasturida o‘sib kelayotgan avlodni ham ma’nan, ham jismonan barkamol etib tarbiyalash masalasi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Shu bois partiya guruhimiz tumandagi maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni sportga jalb etish ishlari yuzasidan deputatlik nazoratini olib bormoqda. Agar o‘g‘il-qizlarimiz bog‘cha yoshidan sport bilan shug‘ullansa, ularning irodasi toblanadi. Keyinchalik bunday bolalar har tomonlama sog‘lom bo‘ladi, yaxshi bilim oladi, tarbiyali bo‘ladi.
— Maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’limning boshlang‘ich qismi hisoblanadi, — dedi tuman xalq ta’lim muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi rahbari Tamara Ahmedova.— Maktabgacha ta’limning maqsadi — bolalarni maktabga tayyorlash, sog‘lom qilib ulg‘aytirish, shaxs sifatida shakllantirish, qobiliyatlarini ochib berish va bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirishdan iborat.
Tumanimizda 12 ta ana shunday maskan bor. Jumladan, 1-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida logoped va ortoped mutaxassislar faoliyat olib boradi. Sport to‘garaklariga 300 nafarga yaqin bola jalb qilingan. Muassasa tarbiyalanuvchilari uchun reja asosida «Quvnoq startlar», «Sog‘lomjon — Polvonjon», «Kichkintoy — Shirintoy» kabi turli musobaqalar o‘tkazib kelinmoqda. Bu esa ularning sog‘lom, chaqqon bo‘lishiga, to‘g‘ri fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Doimiy komissiya yig‘ilishida O‘zXDP guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida tumandagi maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatida ayrim kamchiliklar ham borligi qayd etildi. Xususan, ayrim bolalar bog‘chalariga belgilangan me’yordan ortiq bola qabul qilingan. Natijada guruhlarda sanitariya-gigiyena qoidalari buzilishi, bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va sog‘lomlashtirish ishlari qoniqarsiz bajarilmoqda. Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan hamshiralarning bilim va ko‘nikmalari talab darajasida emas.
— Maktabgacha ta’lim muassasasi yoshidagi bola organizmi tez o‘zgaradi, — dedi tuman davlat sanitariya epidiomologiya nazorat markazi rahbari Botirxon Rahimov. — Bu vaqt mobaynida u ko‘proq organizm uchun zarur bo‘lgan vitamin va minerallar bilan to‘yintirilgan, sifatli va yuqori kaloriyali oziq-ovqat mahsulotlari iste’mol qilishi zarur. Bolaning jisman ulg‘ayish jarayonini inobatga olgan holda, uning bir kecha-kunduzlik ovqat me’yorlari tartibi qat’iy belgilangan. Kuniga o‘rtacha o‘n soat davomida maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘lishi ko‘zda tutilgan bolalar uch mahal ovqatlanadi. Bolaning o‘n soat davomidagi kundalik iste’mol mahsulotlar kaloriyasi nonushtaga 25 foiz, tushlikka 35 foiz, ikkinchi nonushtaga 15 foiz qilib belgilangan.
Muassasa taomnomasiga kiritilgan 24 xil mahsulotga bug‘doy unidan tayyorlangan non, yormalar, makaron, moy, don mahsulotlari, shakar, sariyog‘, o‘simlik yog‘i, sut, qatiq, yogurt, tvorog, pishloq, go‘sht, kolbasa mahsulotlari, baliq, tuxum, kartoshka, sabzavotlar, mevalar, choy, kakao, yodlangan tuz kabilarni kiritish mumkin.
Olib borilgan o‘rganishlar mobaynida tumandagi aksariyat maktabgacha ta’lim muassasalarida vitamin va minerallar bilan to‘yintirilgan, sifatli va yuqori kaloriyali oziq-ovqat mahsulotlari belgilangan me’yorlar bo‘yicha berilmayotgani aniqlandi.
Doimiy komissiya yig‘ilishida tumandagi maktabgacha ta’lim tizimini yanada rivojlantirish masalasi atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olinmagan bolalarni maktabga tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Deputatlar tomonidan maktabgacha ta’lim muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish, haftalik va kunlik taomnomalarni tuzishda bola organizmining o‘sishi, rivojlanishini hisobga olish, taomlarning sifatli, yuqori kaloriyada bo‘lishini ta’minlash masalalarida qator takliflar berildi.
Doimiy komissiya yig‘ilishida muhokama etilgan masalalar bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
O‘zbekiston prezidenti maktabgacha ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Toshkent shahrida kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish masalalari bo‘yicha jahon konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. 15 noyabr kuni bu anjumanga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi.
Konferensiya dunyoda 2030 yilga qadar maktabgacha ta’lim sohasiga oid siyosatni belgilab olish va bu boradagi xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan. Unda YuNeSKO Bosh direktori Odri Azule, 150 ga yaqin mamlakatdan vazirlar va vakillar, xalqaro tashkilotlar mutasaddilari qatnashmoqda.
Davlat rahbari nutqining avvalida soha bo‘yicha dunyodagi vaziyatga to‘xtalib, millionlab bolalarning boshlang‘ich bilim olish imkoniyati cheklangani, mutaxassislar birgalashib, maktabgacha ta’lim qamrovini oshirishi muhimligini aytdi. O‘zbekistonda «inson qadri, uning huquq va manfaatlari – oliy qadriyat» degan tamoyil asosida aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratilayotgani ta’kidlandi.
«Bu borada, avvalambor, yoshlar va bolalarga e’tibor va amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni jismoniy va ma’naviy barkamol etib tarbiyalashga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz. Bolalarni kichik yoshdan boshlab rivojlantirish orqali kelajakda ularning o‘zligini to‘la namoyon etishiga mustahkam zamin yaratayapmiz. Zero, bu ezgu maqsadimiz yo‘lida sarflangan investitsiyalar ertaga bir necha barobar ortig‘i bilan qaytishiga shubha yo‘q», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ilgari yurtimizda maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 27 foizga tushib qolgan edi. Bolalar bog‘chalarida zamonaviy qo‘llanmalar yo‘q, binolari ta’mirtalab edi.
Ilgari yurtimizda maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 27 foizga tushib qolgan edi. Bolalar bog‘chalarida zamonaviy qo‘llanmalar yo‘q, binolari ta’mirtalab edi.
«Biz yurtimizda Uchinchi Renessansni barpo etish masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qo‘yib, uni milliy g‘oya darajasiga ko‘tarmoqdamiz. Biz maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi, oliy ta’lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni bo‘lg‘usi Renessansning to‘rt uzviy halqasi, deb bilamiz. Bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uyg‘onish davrining to‘rt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz», – dedi prezident.
Bu borada milliy tajriba va jahondagi ilg‘or yutuqlarni uyg‘unlashtirgan holda ish yuritilmoqda. Buni izchil davom ettirib, 2025 yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston prezidenti sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, kichik yoshdagi bolalar uchun sifatli ta’lim muammolarini global darajada samarali hal qilish, birgalikda tezkor yechimlar va tizimli yondashuvlar ishlab chiqish maqsadida mazkur xalqaro konferensiyani muntazam ravishda o‘tkazib borish taklifi bildirildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un bo‘lgan barcha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun Toshkentda YuNeSKOning mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Konferensiya turli mavzulardagi shu’ba yig‘ilishlari bilan davom etdi. Anjuman yakunlari bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinadi.