Matematik ekskursiyalarning maqsadi- aniq hayotiy fakt va taassurotlarni talab qilish, bular o‘quvchilarni shu faktlar bilan turmushda uchrashtirish yo‘li bilan olinadi.
Boshlang‘ich sinflar o‘quvchilari bilan ekskursiyalar o‘tkazish muhim qiyinchiliklarga bog‘liq va o‘qituvchidan puxta tayyorlanishni talab qiladi: o‘qituvchi ekskursiya o‘tkaziladigan joyga oldin borib, ko‘rib kelishi ekskursovodga qanday formada tushuntirib berish haqida, ekskursiya vaqti haqida ko‘rsatmalar berishi kerak. Ekskursiya o‘tkazishdan maqsad nimaligi bolalarga tushunarli bo‘lishi nihoyatda muhimdir, shunday bo‘lganda bolalar oldindan nima qilishlari kerakligini va o‘zlarini qanday tutishlari kerakligini bilib oladilar.
Davlat mustaqilligini mustahkamlashning eng asosiy shartlaridan biri – mustaqil shaxsni shakllantirishdir. Mustaqil fikrlash, ishlash va yashash madaniyatiga ega bo‘lgan fuqarolar soni qancha ko‘p bo‘lsa, davlatimiz qudrati shuncha tez mustahkamlanadi.
Prezidentimiz I.A.Karimov ta’kidlaganidek, «… erkin fuqaro ma’naviyatini, ozod shaxsni shakllantirish masalasi oldimizda turgan eng dolzarb vazifadir. Boshqacha aytganda, biz o‘z haq-huquqlarini taniydigan, o‘z kuchi va imkoniyatlariga tayanadigan, atrofida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga mustaqil munosabat bilan yondoshadigan, ayni zamonda shaxsiy manfaatlarini mamlakat va xalq manfaatlari bilan uyg‘un holda ko‘radigan erkin, har jihatdan barkamol insonlarni tarbiyalashimiz kerak» (Karimov I.A. O‘zbekiston XXI asrga intilmoqda.- T. 1999, 17-18-b.)
Bunday umumdavlat, umumjamiyat ahamiyatiga ega bo‘lgan murakkab vazifani uddalash eng avvalo ta’lim muassasalariga, shu jumladan umumiy o‘rta ta’lim maktablari zimmasiga tushadi. Shunday sharoitda yoshlardagi iqtidor va qobiliyatni yanada o‘stirish, ularda ilmiy izlanish ko‘nikmalarini shakllantirish, ijodiy tafakkurlarini kengaytirish, mantiqiy fikrlashga o‘rgatish muhim ahamiyat kasb etadi.
Inson aqli insoniyat yaratgan turli bilimlarni o‘rganish, uni o‘zlashtirish asosida doimo rivojlanib boradi. Aqlni yanada rivojlantirmoq uchun inson to‘g‘ri fikr-mulohaza yuritmog‘i darkor. Buning uchun esa aqliy bilish, xususan, mantiqiy bilish usullariga suyanmog‘i lozim. «Mantiq - deb yozadi Ibn Sino – insonga shunday bir qoida berdiki, bu qoida yordamida inson xulosa chiqarishda xatolardan saqlanadi» (Irisov A. Abu Ali ibn Sino hayoti va ijodiy merosi.- T. 1990, 177-b.) Mantiqiy bilish yordamida inson haqiqiy bilimni yolg‘ondan ajratadi va noma’lum narsalarni o‘rganadi.Turli mantiqiy usullarni ta’riflash, hukm, xulosa chiqarish, ayniqsa, isbotlash tufayli inson aqliy qobiliyati borgan sari rivojlanib boraveradi.
O‘quvchini mantiqiy fikrlashga, izlanishga, ijod qilishga, o‘z navbatida mustaqil ta’lim olishga, o‘z-o‘zini rivojlantirishga tayyorlash maktabning asosiy vazifasidir. Mantiqiy fikrlashni shakllantirishga oid olib boriladigan ta’lim jarayonining asosiy mazmuni va mohiyatini ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir. Mantiqiylik, pedagogik tushuncha sifatida ta’limning maqsadi va vositasiga birdek tegishlidir. Ya’ni ta’limdan maqsad, avvalo, mantiqiy fikrlaydigan shaxsni tarbiyalashdan iborat.Ta’limning vositasi sifatida u o‘quvchilarga taqdim etilayotgan bilimlarning mantiqiy jihatdan izchilligini ifodalaydi.
Ta’lim jarayonida mantiqiy fikrlashga harakat qiladigan o‘quvchilarni tarkib toptirish maqsadida ko‘plab mutaxassislar izlanmoqdalar.Ularning fikricha, yuqoridagi masalalarni hal etishning samarali yo‘llaridan biri – bu muammoli o‘qitishdir. Bunday o‘qitishning vazifasi faol bilish jarayoniga undash va tafakkurda ilmiy-tadqiqot uslubini shakllantirishdir. Muammoli o‘qitish ijodiy, faol shaxs tarbiyasi maqsadlariga mos keladi.
Muammoli darslar bilish jarayonining samaradorligini oshiradi, bilimlarni chuqur, ongli mustahkam o‘zlashtirishga, mantiqiy fikrlash va izlanishlar natijasida o‘ziga xos kashfiyotlar qilish imkonini beradi. Bunday ta’limdan maqsad o‘quvchilarda o‘quv topshiriqlarini hal etish, bilish va mantiqiy fikrlash faoliyatini shakllantirishdir.
Mantiq – o‘ylashga, fikrlashga o‘rgatadi. Fikrlash – o‘qish, yozish, so‘zlash va eshitishga o‘xshash jarayon. U faol, muvofiqlashtiruvchi jarayon bo‘lib, o‘zida biror haqiqat to‘g‘risidagi fikrlarni qamrab oladi. Fikr yuritish ma’lum muammoli vaziyatda vujudga keladi. Muammoni yechish vaqtida bosh miyada chuqur tahlil, taqqoslash, umumlashtirish, hukm va xulosa chiqarish sodir bo‘ladi.
Bilish jarayoni murakkab, ko‘p qirrali jarayondir. U albatta insonning qobiliyati, izlanuvchanligi, mantiqiy tafakkurning xususiyati, voqelik hodisalarini kuzatish, uning mohiyatini ochishda ham bir narsa va hodisaga ijodiy yondoshishni talab qiladi.
Boshlang‘ich sinfdanoq o‘quvchilarni mantiqiy fikrlashga o‘rgatish, ularda izlanuvchanlik, ijodkorlikni o‘stirish bugungi kunda har bir o‘qituvchi oldida turgan muhim vazifalardan biri ekan, o‘qitish kattadan bolaga bilimlarni oddiy uzatilishiga keltirmasligi kerak. O‘qituvchi birinchi navbatda bolalarning bilimlarga qiziqishlarini, mantiqiy qobiliyat – mantiqiy fikrlash, umumlashtirish qobiliyatini, abstraktsiyalashni, tasavvur va hokazolarini, shuningdek, bilim, ko‘nikma va malakalarini mustaqil egallash va qo‘llay olish imkonini rivojlantirishi kerak.
O‘qituvchilar darslarini muammoli izlanish usulidan foydalangan holda tashkil etmoqlari kerak, KTMD talablaridan kelib chiqib, faqat bilim berish bilan chegaralanmasdan, o‘quvchilarga o‘quv jarayoniga ijodiy yondoshishni o‘rgatishlari lozim. Ta’lim jarayonida o‘quvchining mantiqiy fikrlashini faollashtirish zarur. Ularni evristik muammoli vaziyatlarga tortish, tanqid, gumon holatlarini muhokama qilish, ulardagi muammolarni mustaqil holda topish va ularni yechish uchun o‘z loyihalarini tuzish va himoya qilish o‘quvchilar tafakkurining ma’nodor va unumdor bo‘lishiga xizmat qiladi.
Biron bir muammoni turli usullarda mushohada yuritib yechish orqali o‘quvchining mantiqiy fikrlashi ortadi, ular ijodiy izlanish, erkin fikrlash, narsa va hodisalarni taqqoslash, guruhlash, umumlashtirish hamda hukm va xulosalar chiqarishni o‘rganadi. O‘quvchida mustaqillik, ijodkorlik, zehnlilik, maqsadga intiluvchanlik kabi xislatlar tarbiyalanadi.
Mantiqiy fikrlashni rivojlantirish oson ish emas.Uning shakllanishiga yordam beruvchi muayyan o‘quv sharoitlarini hisobga olish kerak.
Buning uchun:
o‘quvchilarga fikr yuritish uchun imkoniyat berish;
turli-tuman g‘oya va fikrlarni qabul qilish;
o‘quvchilarning o‘quv jarayonidagi faolligini ta’minlash;
har bir o‘quvchining mantiqiy fikr yuritishga qodir ekanligiga o‘zlarida ishonch hissini uyg‘otish;
ijodiy fikrlashning yuzaga kelishini qadrlash lozim.
Shu munosabat bilan o‘quvchilar:
o‘ziga ishonchni orttirish va o‘z fikri hamda g‘oyalarining qadrini tushunish;
o‘quv jarayonida faol ishtirok etish;
turlicha fikrlarni e’tibor bilan tinglash;
o‘z hukmlarini shakllantirishga hamda undan qaytishga tayyor turishi lozim.
O‘quvchida ijodiy faoliyatning o‘sishida o‘quv topshiriqlari muhim ahamiyat kasb etadi.
Masalan, Boborahim Omonovning «Oilada matematika: Ota-onalar uchun» risolasida berilgan topshiriqlar o‘quvchilarni mantiqiy fikrlashga undaydi. Shulardan biri «9 ga oid 9 topshiriq» mashqi:
9 gacha bo‘lgan raqamlar yig‘indisini nechaga bo‘lsa, 9 chiqadi?
9 gacha bo‘lgan raqamlarni shunday ikkitadan qilib yozingki, ularning yig‘indisidan nuqul 9 hosil bo‘laversin.
9 gacha bo‘lgan raqamlardan shunday sonlar hosil qilingki, ularni 9 ga bo‘lganda 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9 chiqsin.
9 ga shunday sonni ko‘paytiringki, ko‘paytma 9 bo‘lsin.
Shunday sonni topingki, o‘z-o‘zida ko‘paytmasi 9 bo‘lsin.
Qaysi songa 10 qo‘shgach, 10 da bo‘lsa 9 chiqadi?
Maktablarda 9-oydan boshlanadigan o‘quv yili necha oy davom etadi?
Qaysi songa 9 ni qo‘shsak, yig‘indi 9 ga teng bo‘ladi?
Qaysi sondan 19 ni ayirib, 9 ga bo‘lsa, 9 chiqadi?
O‘quvchilarning mantiqiy fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirish ularda aqliy faoliyatni shakllantirishga yo‘naltirilgan. O‘quvchilar matematik qonuniyatlar va munosabatlarni anglashga o‘rganadilar, o‘zaro muomalaga kirishadilar, xulosa chiqaradilar. Bundan o‘quvchining aqli o‘tkirlashadi, topqirligi va ziyrakligi ortadi, fikrlashi tartibli, isbotli, mantiqli, nutqi esa aniq, ishonchli bo‘ladi.
Boshqa darslarda mantiqiy topishmoqlardan ham o‘quvchilarga berib ko‘rish mumkin:
a) «Anhor bo‘yida uch qarag‘ay o‘sadi. Ularning har birida uchtadan yo‘g‘on shoxi bor, har bir yo‘g‘on shoxida beshtadan novda bor. Har bir novdada yetti donadan olma bo‘lsa, hammasi bo‘lib nechta dona olma bor?» (Javobi: Bitta ham olma yo‘q, qarag‘ayda olma bo‘lmaydi).
b) «Uchta traktorchining Ahmad ismli akasi bor. Lekin Ahmad akaning ukalari yo‘q. Bu qanday bo‘ladi?» (Javobi: Traktorchilar – ayollar. Ahmad akaning singillari).
v) «Bir joyda yonib turgan sakkiz lampochkadan uchtasi o‘chsa, nechta lampochka qoladi?»(Javobi: Sakkizta lampochka qoladi, chunki uch lampochka singani yo‘q).