1.2. Sun‘iy intelekt insoniyatga nima beradi?
Odatda, robotlar deganda, ko‘pchilikning ko‘z oldiga insonlardek gaplasha
oladigan, ularning o‘rniga barcha yumushlarni bajara oladigan yordamchilar keladi.
Ammo bu nisbatan kengroq tushuncha. Aslida, mobil qurilmangizdagi dasturlar:
google-tarjimon, lug‘atlar, turli xil o‘yinlar va hokazolar ham sun’iy intellektga
yaqqol misol bo‘la oladi. Faqat ularning qamrovi kichikroq bo‘lib, ma’lum bir
yo‘nalishdagina sizga yordam bera oladi. Ya’ni, bajarmoqchi bo‘lgan amallaringiz
turiga qarab tegishli dasturdan foydalanasiz.
Hozirda SI turli amallarni bajarishga mo‘ljallangan algoritm hamda dasturiy
tizimlardan iborat va u inson ongi bajarishi mumkin bo‘lgan bir qancha vazifalarning
uddasidan chiqa oladi.
1990-yillarda SI taraqqiyotida yangi sahifa ochildi. 1997-yilda Deep Blue
nomli IBM kompyuteri shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Garri Kasparovni
yenggan tarixdagi ilk kompyuter bo‘ldi. SIning yorqin namunalaridan yana biri –
IBM Watson superkompyuteri bo‘lib, u o‘z bazasidan kelib chiqib muayyan tilda
berilgan savollarga javob beradi. Shuningdek, ko‘pchilikning doimiy hamrohiga
aylanib ulgurgan mobil yordamchi Siri, fotosuratlarni qayta ishlovchi Prisma kabi
dasturlarni SIning yutuqlaridan biri sifatida qayd etish mumkin. Hozirga kelib sun’iy
intellekt keng ko‘lamda ommalashib kundalik turmush tarzimizning deyarli barcha
jabhalarini qamrab olmoqda. Masalan, Xitoydagi Inchuan shahri aholisiga bank
kartalarining keragi yo‘q. Hisob-kitoblar bilan bog‘liq barcha jarayonlar sun’iy
intellekt tomonidan insonning yuz qiyofasini aniqlashtirish orqali amalga oshiriladi.
SI haqidagi bahs-munozaralar qariyb 50 yildan beri davom etib kelmoqda.
Mutaxassislar hanuzgacha bir to‘xtamga kelishgani yo‘q. Ba’zilar ularning
ommalashib odamlar o‘rnini egallab borayotgani natijasida ommaviy ishsizlik
ko‘rsatkichlari oshib ketishi mumkinligidan tashvishdalar.
Mutaxassislarning boshqa bir guruhi esa SIga ijobiy munosabatda bo‘lish
kerakligini uqtirishmoqda. Hatto IT- sohasidagi milliarderlar orasida ham turli
qarashlar mavjud. Jumladan, SpaceX asoschisi Ilon Mask SIning butun boshli
sivilizatsiyani barbod qilishiga ishonchi komil. Maskning fikricha, “SI insoniyat
sivilizatssiyasi uchun asosiy xavfdir. SI mehnat bilan bog‘liq ommaviy
muammolarni keltirib chiqaradi. Sababi, robotlar hamma ishni bizdan ko‘ra
yaxshiroq bajara olishadi. Ilg‘or texnologiyalar ortidan quvish natijasida,
kompaniyalar sun’iy intellekt ortidan kelib chiqadigan xavf-xatarni ko‘rmay
qolishlari mumkin”. Shuningdek, Microsoft rahbari Bill Geyts ham uning zarariga
to‘xtalib o‘tadi.
“Bir necha o‘n yildan so‘ng, robotlar ishning katta qismini bajara boshlagach,
SI shu qadar kuchayib ketadiki, yakunda u bizni xavotirga sola boshlaydi. Bu borada
Ilon Maskning fikriga qo‘shilaman. Ammo nega bu savol boshqalarni
tashvishlantirmayotganiga hech tushunolmayman”, – deydi Geyts. “Boshqalar”
deganda Geyts Facebook egasi Mark Sukerbergni nazarda tutgan bo‘lsa, ajab emas.
Chunki, Mark SIga nisbatan ijobiy munosabatda ekanligini bildirar ekan: “Yangi
texnologiyalar har doim ham yaxshilik yoki yomonlik qilish maqsadida yaratilishi
mumkin. SIning keng tarqalishi ortidan keladigan ijobiy natijani esa, yaqin 5-10 yil
ichida ko‘ramiz”, deya Ilon Maskning fikriga e’tiroz bildirgan edi.
Bugungi kunda ayrim davlatlarda robot-hamshiralar, xaydovchisiz transport
vositalari, buyurtmani yetkazib beruvchi dronlar xizmatidan foydalanish yo‘lga
qo‘yilgan. Hatto politsiya xodimlarining ba’zi vazifalarini ham maxsus robotlar
bajarishyapti. Olimlar ularning tashqi ko‘rinishini imkon qadar odamlarnikiga
o‘xshatishga urinishmoqda.
Bundan tashqari, SI jurnalistlarning doimiy ko‘makchisiga aylanib ulgurgan.
Masalan, Associated Pressda “ishlayotgan” robotlar moliyaviy hisobotlarni yozib
boradi. SIning qo‘llanilishi ushbu nashrda har chorakda beriladigan yangiliklarni
300 tadan 4400 taga oshirdi. Swiss Re sug‘urta kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra,
2024-yilga kelib 4,7 mln aholi ishsiz qolishi mumkin. Shuningdek, ishsizlik
g‘aznachilar, pochta xodimlari, hisobchilar va idora xizmatchilariga xavf solishi
mumkinligi aytilgan. SI ularning vazifasini bemalol bajara oladi.
Dostları ilə paylaş: