Munis xorazmiyning hayoti va ijodi



Yüklə 32,53 Kb.
səhifə1/2
tarix07.01.2024
ölçüsü32,53 Kb.
#208508
  1   2
Munis Xorazmiy va uning hayoti va ijodi (2)


MUNIS XORAZMIYNING HAYOTI VA IJODI.


Umida Zaripboyeva,
Namangan davlat universiteti, Tarix yo’nalishi talabasi
E-mail:umidazaripboyeva629@gmail.com
Tel: (88) 202 05 20
ANNOTATSIYA
Ushbu maqolada o’zbek ma’rifatparvar shoiri, Xorazm adabiy muhitida o’zining tarixiy asarlari bilan o’chmas iz qoldirgan yozuvchi va shoir , Xorazm musiqasining asoschilaridan biri Munis Xorazmiy va uning ijodi haqida batafsil ma’lumot berladi.
KALIT SO’Z VA IBORALAR
“Firdavs ul-iqbol”, “Savodi taʼlim”, “Munis ul-ushshoq”, Qiyot, “Holoyi Sayyid Hasan Ardasher”, “Mango”, “Kerakmasmu sanga?”, “Etdigumdandur”, “Tanlangan asarlar”, Raxmat Majidiy, Nizomiy, Xusrav, Ansoriy, Hofiz, Attor, Firdavsiy, Xoqoniy, Anvariy, Sa’diy, Jomiy, Iroqiy, Bedil.

Amir Avazbiy oʻgʻli Shermuhammad, adabiy taxallusi Munis Xorazmiy XVIII asrning ikkinchi yarmi va XIX asrning boshlarida Xorazmda yashab ijod etgan shoir, tarixnavis olim, tarjimon, xattot va marifatparvardir.


Xorazm adabiy muhiti oʻzbek adabiyotining ajralmas bir qismini tashkil etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev ta`kidlaganidek, “Joʻshqin Amudaryodan suv ichib, muqaddas va tabarruk Xorazm tuprogʻida unib-oʻsgan, xalqimiz tarixida oʻchmas iz qoldirgan Abu Rayhon Beruniy, Muhammad Muso Xorazmiy, Mahmud Zamaxshariy, Najmiddin Kubro, Pahlavon Mahmud, Nosiriddin Rabgʻuziy, Sulaymon Boqirgʻoniy, Sakkokiy, Munis, Feruz, Ogahiy, Bayoniy va boshqa koʻplab allomalar, shoir va mutafakkirlarning nomlari jahon sivilizatsiyasi tarixiga haqli ravishda oltin harflar bilan bitilgan”.1
Munis oʻzbek adabiyoti, umuman madaniyati tarixida salmoqli oʻrinni egallaydi. U muarrix sifatida oʻzining “Firdavs ul-iqbol” tarixiy asarini yozdi, shoir sifatida devon tuzdi. Tarjimon sifatida tarixiy asarlarni oʻzbek tiliga tarjima qildi, pedagog sifatida “Savodi taʼlim” nomli risola yozdi. Munisning hayoti va ijodini oʻrganar ekanmiz, avvalo uning adabiy va tarixiy asarlariga murojaat qilamiz. U oʻzining “Munis ul-ushshoq” devoniga yozilgan soʻzboshida va “Firdavs ul-iqbol” nomli tarixiy asarida tarjimai holiga oid anchagina maʼlumotlar keltirgan.
Munis 1778 yili Xivada tugʻildi. “U Xivadagi Qiyot qishloqlik Avazbiy Mirobning oʻgʻlidir”. Uning ota-bobolari xonlar saroyida miroblik ishlarini boshqarib kelganlar.
Munisning yoshlik va o’spirinlik yillari beg’am, beg’ubor o’tgan. U yoshlik chogʻlaridan boshlab ilm olishga qiziqib, tarix va adabiyotga mehr qoʻydi. Dastlabki maʼlumotni Qiyot qishlogʻida olib,keyinchalik Xiva madrasalarida oʻqidi. Madrasa ta’limi biln cheklanmadi. Arab, fors tillarini mukammal egalladi. Sharq madaniyati boyliklarini tashnalik, tirishqoqlik bilan o’rgandi. She’r mutolaasi bilan shug’ullandi. Husnixat bilan jiddiy shug’ullandi. Munisning kotiblik salohiyatini ko’rsatuvchi dalillardan biri, u Navoiyning “mezon ul avzon”ni oldingi ayrim xattotlar yo’l qo’ygan xatolarni tuzatib, savodli ko’chirgan. 1797 – yilda Munis Navoiyning “Holoyi Sayyid Hasan Ardasher” nomli asarini ham kitobat qildi. 2 1800 yilda otasi vafot etgach, Xiva xoni Avaz Inoq Munisni Xiva saroyining farmonnavis kotibi qilib tayinlaydi. Munis zamonasining mashhur olim, shoir va sanʼatkorlari bilan yaqin aloqada boʻlib, oʻzini ilm-fan, maʼrifatga bagʻishladi. Oʻzidan ilgari yashagan shoir va tarixchilarning asarlarini ishtiyoq bilan oʻrganadi.
Munis qator sharq mumtoz shoirlarining ijodidan bahramand boʻlganligi koʻrinib turibdi. Munis yoshligidanoq sheʼr yozish bilan mashgʻul boʻlgan va oʻzidan ilgari oʻtgan tarixchilarning asarlarini zoʻr havas bilan oʻrgangan. Shoir birinchi yoshlik devonini 1804 yilda tuzdi. 1813 yilda barcha sheʼrlarini toʻplab “Munis ul-ushshoq” deb nomlangandevon tuzdi.3
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Sharq qoʻlyozma asarlar fondida Munis devonlarining bir necha qoʻlyozma nusxalari saqlanmoqda. Ulardan1330-raqamli qoʻlyozma Munis 27 yoshga kirgan vaqtda 1804–1805 yili shoir tarjimai holidan koʻchirilgan.
Munisning iste’dodli shoir sifatida shakllanishi va kamol topishida she’riyat mulkining Alisher Navoiyning ta’siri katta. Munis Navoiy ijodining Xorazmdagi eng kuchli muxlislaridan va tashviq otchilaridan. U Navoiyni o’ziga adabiy ta’lim yo’lida ustoz, pir deb bilgan. Shoirning bu devonidan uning gʻazallari, muxammaslari, musaddaslari, ruboiylari va boshqalar oʻrin olgan. Devonning oxiida muallifning “Savodi taʼlim” nomli ilmiy asari ham bor boʻlib, unda xattotlik qoidalari bayon etilgan. Xullas, Munis ijodida ustod Navoiy ta’siri yaqqol ko‘zga tashlanib turadi.
Bundan, albatta, Munis she’riyati boshqa daryolardan bahramand bo’lmagan ekan – da, degan xulosa chiqmaydi. Zero, u adabiy ta’limi juda keng bir ijodkor siymo sifatida ko’zga tashlanadi. Bunga uning “Mango” radifli g’azalida faxr bilan zikr etilgan buyuk shoirlar shohiddir. Shu manoda, Munis ta’sirlangan ma’naviy – estetik madad olgan olgan adabiy chashmaga Navoiy ijodiyoti ta’siridan tashqari, yana ikki irmoqni qo’shish to’g’ri bo’lardi. Bulardan biri Nizomiy, Xusrav, Ansoriy, Hofiz, Attor, Firdavsiy, Xoqoniy, Anvariy, Sa’diy, Jomiy, Iroqiy, Bedil nomlari bilan bog‘li fors-tojik klassik adabiyoti, ikkinchisi shirinzabon Muhammad Fuzuliy va uning lirikasidir. U Fuzuliyning ≪Kerakmasmu sanga?≫, ≪Etdigumdandur≫ g'azallariga muxammaslar ham bog'ladi.4
1804 – yilda u o’zining ilk devonini yaratdi. Lirik asarlardan iborat ilk devonini 1804 – yil 11 noyabrda yakunlagan bo’lsa, nazmda bitilgan ilmiy – ma’rifiy risolasi - “Savodi ta’lim”ni 6 dekabrda tugalladi va devoniga o’z qo’li bilan ko’chirib qo’ydi. 1806 yil taxtni egallagach, Munisni bosh miroblik lavozimiga tayinladi. Munis bu otameros kasb bilan umrining oxirigacha shug’ullandi va miroblik tajribasi mahsuli o’laroq, Xorazmning sug’orish tarmoqlari haqida “Ornalar” nomli asar yozib qoldirdi. Munis Muhammad Rahimxonning farmoniga muvofiq Xorazm xonligining tarixiga ancha taraddudlar qilib, Xiva xonligining turli zamonlarda bo’lgan voqealarni bayon qilib, Muhammad Rahimxon I ning hukmronligi davrini yoza boshlagan davrda Muhammd Rahimxon I Munisga “Ravzat us – safo”ni fors tilidan turk tiliga tarjima qilishni buyuradi. Munis xonning farmoniga muvofiq “Firdavs ul- iqbol”ni tashlab, “Ravzat us – safo”ni tarjima qilishga kirishadi. 5
1814 – 1815 – yillarda o’z adabiy merosini to’liq aks ettirgan mukammal devon yaratdi. Bu devon shuning uchun ham mukammalki, ilk devonni shoir debochasiz boshlagan bo’lsa, bunga maxsus debocha yozdi. Ilk devoni nomlanmagan bo’lsa, mukammal devoniga “Munis – ul ushshoq” deya maxsus nom qo’ydi. Munisning oilaviy hayoti haqida to’la ma’lumot mavjud emas. Ammo shoirning tarixiy va tarjima asarlari, ayniqsa, “Debocha”si oilaviy hayoti foje hodisalarga to’lib toshganligidan daolat beradi. Jumladan, Munis Mirxondning “Ravzat us – safo” solnomasi tarjimasini tugallarkan, hasratli baytlarni ilova qiladi.
Shoir sheʼriyatida goʻzallik va muhabbatni kuylagan boʻlsada, uning gʻazallarida oʻsha davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayot ham oʻz ifodasini topgan. Zamonasining ilgʻor fikrli kishisi sifatida u oʻzi yashayotgan hayotda faol ishtirok etdi. Munisning “Firdavs – ul iqbol” asari sharq tarixchilarining anʼanasiga muvofiq hamd va naʼt boʻlimlar bilan boshlagan. Soʻngra oʻz hayoti va asarining yozilishi haqida qisqacha maʼlumot berib, Xorazm tarixini yozgan.
Asar muqaddima, besh bob va xotimadan iborat.
I bobda Odam Atodan to Nuh paygʻambar avlodigacha boʻlgan hodisalar bayon etilgan. II bobda Yefasdan Qoʻngʻirot shoʻbasigacha boʻlgan Moʻgʻul hukmdorlari davri xususida fikr yuritilgan. III bobda Kurlos avlodiga mansub podshohlar davrida sodir boʻlgan voqealar toʻgʻrisida yozilgan. IV bobda Eltuzorxonning ota-bobolari hayoti tasvirlangan. V bobda Eltuzorxonning tugʻilishidan bu asarning yozilib tamom boʻlishiga qadar sodir boʻlgan voqealar xususida qalam tebratilgan.
Xotima esa olimlar, avliyolar, amirlar, beklar, shoirlar, hunarmandlar haqida maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
Munis “Firdavs ul-iqbol” nomli asarini yozib tamomlay olmagan. U qadim zamonlardan boshlab Muhammad Rahimxon I hukmronliganing yettinchi yiligacha (1813) boʻlgan voqealarni yozishga ulgurgan. Uning bu chala qolgan asarini shogirdi Ogahiy davom etdirgan. Ogahiy bu asarni qanday qilib davom etdirganligini quyidagicha bayon etadi. Eltuzorxon xonlik qilgan davrda Munisni chaqirib, Xorazm tarixini yozishni buyuradi. Munis oʻz asarini Shergʻoziyxon davrigacha yozib yetkazganda Eltuzorxon vafot etadi.
Undan soʻng davlat tepasiga uning birodari Muhammad Rahimxon I keladi. Muhammad Rahimxon I Munisga oʻz asarini davom etdirishni buyuradi. Munis asarni davom etdirarkan, Muhammad Rahimxon I hukmronligining yettinchi yilida sodir boʻlgan voqealarni yozib tamomlaganda, xon 1819 yili Munisga Mirxondning mashhur “Rav-zat us-safo” nomli tarixiy asarini oʻzbek tiliga tarjima qilishni buyuradi. Munis bu asarning birinchi jildini oʻzbek tiliga tarjima qilib, ikkinchisini davom etdirayotganida Muhammad Rahimxon I vafot etadi. Uning oʻrniga oʻgʻli Ollohqulixon keladi. Bu ham Munisga tarjimani davom etdirishni buyuradi. Biroq Munis ikkinchi kitobni oxiriga yetkazaolmay, 1829 yili vafot etadi. Ollohqulixon taxtga oʻtirgandan keyin 1839–1840 yili Munisning shogirdi va uning tarbiyasini olgan Ogahiyni chaqirib, 1813 yil voqealarini bayon etish bilan uzilib qolgan “Firdavs ul-iqbol” asarini davom etdirishni buyuradi. Ogahiy 1813 yildan boshlab Xorazmda sodir boʻlgan voqealarni yoza boshlaydi.
Tarixnavis olim Munisning “Firdavs ul-iqbol” nomli asari uzoq davrni qamrab olgan Markaziy Osiyo, ayniqsa Xiva xonligi tarixini oʻrganishda boy qimmatli tarixiy asardir. Asarda Xorazmning qadimiy davri bilan bir qatorda, Xiva xonligining 1825 yilgacha boʻlgan siyosiy tarixi mufassal bayon etilgan, toj-taxt, boylik uchun olib borilgan kurashlar va shuningdek, Xiva xonlarining qoʻshni turkman va qoraqalpoq xalqlari bilan boʻlgan munosabatlari haqida ham koʻplab maʼlumotlar keltirilgan.
Asarda Xiva xonligining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotini oʻrganish boʻyicha ham anchagina maʼlumotlar bor. Xiva xonligining Buxoro, Qoʻqon xonliklari, Rusiya bilan olib borgan diplomatik va savdo-sotiq munosabatlari, xonliqdagi sugʻorish, soliq, qurilish ishlari oʻsha davrda yashagan olimlar, shoirlar hayoti, ijodi qalamga olingan.
Munis Xorazmiy haqidagi dastlabki ilmiy maqola Raxmat Majidiy tomonidan yozilgan. 6 1945, 1948, 1959 – yillarda shoir asarlaridan namunalar chop etildi. 7 1957 – yil Yunus Yusupov tomonidan “Tanlangan asarlar”i 1980 yilda “Saylanma”si nashr etildi. 8 1997 – yilda “Savodi ta’lim” risolasi N Jumaxo’ja tominidan so’zboshi va izohlar bilan to’liq chop qilindi. 9 Shoir asarlari, faoliyati A. Bobojonov, V. Zohidov, V. Abdullaev, J. Sharipov, A. Murodov, N. Jumanxo’jalarning tadqiqotlarida tahlil va talqin etildi.
Shunday qilib, Shermuhammad Munis Xorazmiy oʻz davrining talantli shoiri, atoqli tarixnavis olimi, davlat arbobi va mohir tarjimoni boʻlgan. Uning asarlari oʻzbek xalqi madaniyati tarixini oʻrganishda ajoyib manba boʻlib xizmat qiladi.


Yüklə 32,53 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin