2.Qoraqalpog‘istonda sanoat qurilishi va uning muammolari. 1924 yilda milliy-xududiy chegaralanishi natijasida O‘rta Osiyo xaritasida ittifoqchi respublikalar bilan birga muxtor tuzilmalar xam paydo bo‘ldi. SHular orasida Qoraqalpog‘iston muxtor viloyati ham bor edi. Ushbu viloyat Qirg‘iziston (Qozog‘iston) ASSR tarkibida bo‘lib, unga volostlardan iborat To‘rtko‘l, CHimboy, Xo‘jayli va Qo‘ng‘irot okruglari kirdi. 1925 yil 12-19 fevralda viloyat markazi To‘rtko‘l shahrida bo‘lib o‘tgan Qoraqalpog‘iston avtonom viloyati Sovetlarining birinchi qurultoyi “Qoraqalpog‘iston avtonom viloyati tashkil topganligi to‘g‘risida Deklaratsiya” qabul qildi va “qoraqalpoq milliy davlatchiligi” tashkil etilganligini qonuniy rasmiylashtirdi. Qoraqalpog‘iston avtonom viloyati Ijroiya Qo‘mitasining raisi etib A.Kudaboev saylandi. Qoraqalpog‘istonda yashaydigan asosiy elatlar qoraqalpoqlar – 38,5%, o‘zbeklar – 28,7%, qozoqlar – 28,6% dan iborat edi. Qoraqalpog‘iston Muxtor viloyati tashkil etilgandan so‘ng, sovetlar bu erda ham sotsialistik qurilishni avj oldirib yubordilar. Jumladan ovul va qishloqlarni sovetlashtirish keng miqyosda olib borildi. Sovetlarga batrak va kambag‘allar saylanib, ularning asosiylarini kommunist va komsomollar tashkil qildi. Mamlakatda vayron bo‘lgan sanoatning turli soxalari, qishloq xo‘jaligi va sug‘orish ishlarini tiklash amalga oshirildi. Qoraqalpog‘iston iqtisodiyotining taraqqiyoti bir tomonlama xususiyatga ega bo‘lib, SSSRning markaziy mintaqalari sanoatini rivojlantirish extiyojlarini ta’minlashga qaratilgan edi. Masalan, 1933 yilning 3 oktyabrida SSSR Er ishlari Xalq Komissarligi Qoraqalpog‘istonni mamlakatni beda urug‘i etkazib beruvchi asosiy baza deb tan olgan edi. Buning asosiy sababi mamlakat xalq xo‘jaligida ittifoqdosh respublikalar o‘rtasidagi mehnat taqsimotida Qoraqalpog‘istonga oliy sifatli paxta, beda xamda baliq bilan ta’minlab turish yuklatilganligida edi. Muxtor viloyat sanoatining etakchi tarmoqlarini paxta tozalash va baliq-konserva zavodlari tashkil etar edi. Sanoatni yuksaltirish bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligining barcha soxalarini rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratildi va bu erga ko‘p miqdorda qishloq xo‘jalik anjomlari keltirila boshlanib, boy va ruhoniylardan tortib olingan erlar xisobiga ersiz va kam erli dehqonlar er bilan ta’minlandi. 1930 yilda Qoraqalpog‘iston muxtor viloyati RSFSR tarkibiga kiritildi. 1932 yilning 20-martida esa, SSSR MIK Rayosati “Qoraqalpog‘iston avtonom viloyatini Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasiga aylantirish va uni RSFSRga kirishi to‘g‘risida” qaror qabul qildi. O‘sha yilning may oyida avtonom respublika Sovetlarining I Ta’sis qurultoyi hukumatni tuzdi. Unda QQASSR MIK raisi etib Koptleu Nurmuxamedov, Xalq Komissarlari Kengashi raisi etib esa Qosim Avezovlar saylandilar.1936 yilda SSSRning yangi Konstitutsiyasi qabul qilindi va unga ko‘ra QQASSRning O‘zbekiston SSR tarkibiga kirishi ko‘zda tutilgan edi. Buning asosiy sababi xududiy yaqinlik, yagona tarixga ega bo‘lganligi deb e’tirof etildi. 1937 yil 12 fevralda O‘zSSRning yangi Konstitutsiyasi qabul kilindi. O‘sha yilning 6 martida esa, QQASSRning yangi Konstitutsiyasi e’lon kilinadi. Qoraqalpog‘iston O‘zbekiston tarkibida bo‘lganida, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari yanada mustahkamlandi. O‘rta Osiyodagi milliy hududiy chegaralash arafasida qoraqalpoqlar Turkiston ASSR Amudaryo viloyatining CHimboy (butun aholisi 81096 kishi, undan qoraqalpoqlar 58604 kishi, ya’ni 71%), SHo‘raxon uezdlarida (aholisi 90736 kishi, undan qoraqalpoqlar 81100 kishi, ya’ni 72%) va Qo‘ng‘irot (aholisi 80988 kishi, undan qoraqalpoqlar 79,5%) okruglarida zich yashardilar.
1924 yil 14 oktyabrda Rossiya Federatsiyasining Qozog‘iston Avtonom Respublikasi tarkibida Qoraqalpog‘iston avtonom viloyati tashkil etildi. Bu bilan qoraqalpoqlarning asriy davlatchilik orzusi ushalgandek tuyulsada, ular to‘la suverenitetga ega emasdi. Qoraqalpog‘iston avtonom viloyatining Ijroiya qo‘mitasining raisi etib A.Qudaboev, o‘rinbosarlari etib A.Ayteshov va T.Nepesovlar saylandi.
Qoraqalpog‘iston avtonom viloyati 160 000 kv.km.dan ortiq hududni egallagan bo‘lib, to‘rtta ma’muriy okrug – To‘rtko‘l, CHimboy, Xo‘jayli va Qo‘ng‘irot okruglaridan tashkil topgan edi. Viloyat ko‘p millatli bo‘lib qoraqalpoqlar – 38,1%, qozoqlar – 28,5%, o‘zbeklar – 27,5%, turkmanlar – 3,2%, boshqa millatlar – 2,7%ni tashkil etardi. Qoraqalpog‘iston avtonom viloyatining boyligi uncha katta emasdi: 5% o‘rmon massivlari, 280 745 bosh chorva, 800 000 so‘m pul bo‘lib, ular chegaralash vaqtida taqsimlangan edi.
SHu tariqa bolsheviklarning sovet davlati Qoraqalpog‘istonda ham sotsializm qurishga kirishdi. 1925-26 yillarda Qoraqalpog‘istonda 16 ta ishlab turgan sanoat korxonasi bo‘lib, ular asosan paxta tozalash, yog‘, sovun ishlab chiqarish korxonalari edi. Viloyat sanoatida 435 kishi ishlagan bo‘lsa, mahalliy hunarmandchilik sanoatida 4516 kishi ishlardi. 1927-28 yillarda viloyatda sanoatni rivojlantirish uchun 183 900 so‘m mablag‘ ajratildi.
Qoraqalpog‘iston iqtisodiyotining rivojlanishi bir tomonlama xususiyatga ega bo‘lib, u SSSRning markaziy mintaqalari sanoati ehtiyojini ta’minlashga qaratildi. Bu davrda viloyatning manfaatlari va ehtiyojlari e’tiborga olinmadi. 30-yillar o‘rtalariga kelib Qoraqalpog‘iston sanoatining ishlab chiqarish quvvati birmuncha oshdi. 1934 yilda Nukusda SSSRdagi eng yirik beda urug‘i tozalash zavodi ishga tushirildi, paxta tozalash zavodlari, Mo‘ynoqda baliq konservasi kombinati, To‘rtko‘l elektr stansiyasi, Nukus shahrida matbaa kombinati qurildi. Biroq sanoatda band bo‘lgan milliy muhandis-texnik xodimlar etishtirish muammoligicha qoldi. Bu davrda viloyatdagi 940 muxandis-texnik xodimdan faqat 37 tasi mahalliy millat vakillari edi, xolos. Viloyat sanoatining etakchi tarmoqlari paxta tozalash va baliq konserva korxonalari edi.
Sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha viloyat juda qoloq edi. Bu jihatdan aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan sanoat mahsuloti 36 so‘mni tashkil etardi, holbuki ittifoq bo‘yicha bu ko‘rsatkich 273 so‘mni, O‘rta Osiyo respublikalari bo‘yicha esa 71 so‘mni tashkil qilardi.
Avtonom viloyatning tabiiy resurslarini o‘rganishga sovet hukumati ancha katta e’tibor berdi. CHunki Markaz uchun ko‘pgina xomashyo kerak edi. 1930 yillarda bu hududdan talk, fosforit, gips, marmar va boshqa xomashyo konlari topildi.