Mustaqillik bergan imkoniyatlar tufayli oʻzbek adabiyotida Amir Temur obrazini yaratishga alohida eʼtibor bilan qaralmoqda. Xususan, bu borada, hikoya janrida yozilgan asarlar ham bunga yorqin dalildir



Yüklə 42,21 Kb.
səhifə1/4
tarix27.09.2022
ölçüsü42,21 Kb.
#64207
  1   2   3   4
AMIR TEMUR HAQIDA


Mustaqillik bergan imkoniyatlar tufayli oʻzbek adabiyotida Amir Temur obrazini yaratishga alohida eʼtibor bilan qaralmoqda. Xususan, bu borada, hikoya janrida yozilgan asarlar ham bunga yorqin dalildir. Misol tarzida murojaat qiladigan boʻlsak, atoqli adib Asqad Muxtorning “Insonga qulluq qiladurmen” hikoyasining kompozitsiyasi jahongir Amir Temur va oddiy nagʻmasoz Ayri Qoʻbuz oʻrtasidagi mubohasaga asoslanadi. Albatta, bu kichkinagina asarda Amir Temur xarakterining barcha qirralari yorqin va tiniq ochilishi qiyin. Ammo yozuvchi Amir Temur xarakterini katta mahorat bilan yaratadi. Yozuvchi talqinidagi Amir Temur siymosi tarixiy haqiqatga, nihoyatda, yaqin. Ijodkor Amir Temur hayotining har bir lahzasini kitobxon koʻz oʻnggida namoyon etish uchun shunday ramziy belgilar topadiki, ular asnosida, yaʼni, Ayri Qoʻbuz navolaridan ramziy belgilar orqali oʻz qahramonlari timsolini aks ettiradi. Belgilar orqali qahramonlar dunyosida paydo boʻladigan obrazlar mantigʻini majoziy ravishda tasvirlab qoʻyadi.
Amir Temur bilan Ayri Qoʻbuz oʻrtasidagi mubohasadan koʻzda tutilgan maqsad shuki, bunda, Amir Temurning tarix oldidagi xizmatlari, markazlashgan davlat tuzganligi, goʻdakligi haqidagi afsonalarga boʻlgan munosabat yarq etib koʻzga tashlanadi. Tahlil uchun suhbatdosh Ayri Qoʻbuzning quyidagi dono fikrlariga eʼtibor qaratdik: “Baribir, el, Amir Temur Alloh taoloning barguzidasidur, derlar. Zero, Zuhal ila Mushtariy burjida tavallud topibsenkim, Allohi muborak yeru koʻkni shul soatda yaratmishdir. Nujumotning bu holati har sakkiz yuz yillikda bir kelurkim, alarning chehrasida nuri ilohiy zuhur oʻlgʻay. Avvalo, Iskandari Zulqarnayn, andin soʻngra, Muhammad Alayhissalomuvasallam va dagʻi sen, qiblagoh”.
Oddiy nagʻmasoz bilan Amir Temur suhbati orqali yozuvchi hayot falsafasini koʻrsatmoqchi boʻlgan. Ayri Qoʻbuz olamda barcha narsa omixta, deydi. Amir Temur qarashlarida burilish yasagan tungi navolar ham olam sehriga omixta, deyiladi. Amir Temurni bir vaqtlar shafqatsiz, toshyurak, jallod, qonxoʻr, deb, jar solganlarga, javob tariqasida, yozuvchi quyidagi ishonarli detaldan mohirona foydalangan: “Mana, sen jang oldidan Qurʼoni masjiddan varaq ochib, oyat oʻqursen, – deb davom etdi Ayri Qoʻbuz, – mening hayotim seni taammulga solur. Qariyalar soʻzidin bu holga tushding. Inchunin, bagʻritosh emassen. Menga shu kerak. Bir umr joni huzur-halovat koʻrmay, jangu jadal, qonli qironlardan diydayu bagʻri tosh qotgan bu insonning koʻnglini sal boʻlsa ham yumshatish niyat edi bu devonagʻa. Jahongirlarga bosh egmadim, insonga qulluq qilurmen, dedi, shoir”.
Yozuvchi Amir Temur xarakteriga bermoqchi boʻlgan tavsifni Ayri Qoʻbuz oʻz tili bilan ifoda qiladi. Ayri Qoʻbuz hatto oʻz oʻlimini Amir Temurni bir gunohdan asrab qoldi, deydi. Bu bilan Amir Temur shaxsining buyukligini kelajak avlodga koʻrsatmoqchi boʻladi. Baxshi ichki dunyosi bilan hikoyadagi Amir Temur xarakteri orasidagi tafovut unchalik katta emas. Ayri Qoʻbuzning soʻnggi soʻzlaridan: “Koʻp jahongirlarni koʻrdim, ammo men ularga boʻysunmayman. Qayga borsam, oʻzimdan iloji boricha yaxshi nom qoldirishga harakat qilaman. Jahongirga emas, insonga qulluq qiladurmen”, degan maʼno anglashiladi. Voqealar rivoji davomida Ayri Qoʻbuz xarakterida qoʻrqinch, hayrat, shaddodlik xislatlari namoyon boʻladi. Ayri Qoʻbuzning soʻnggi soʻzlarini eslagan Amir Temur undan xayolan nimani yashirib ketding, deb soʻraydi. Ayri Qoʻbuz oldinda uni ajal kutayotganligini karomat qila olmaganini sezadi. Bu bilan yozuvchi oxir-oqibat ulugʻlar, daholar joyi ham bir siqim tuproq boʻlajagini, shu bois, umrni bekor oʻtkazmay, insonni oʻzidan biron-bir iz qoldirishga chaqirmoqchi boʻladi.
Amir Temur obrazi yaratilgan hikoyalar orasida Urfon Otajonning “Humoyun qabul” hikoyasi ham alohida oʻrinni egallaydi. Ayniqsa, asarda Hofiz bilan Amir Temur uchrashuvi nazokat bilan chizilgan:
“ – Siz madh etmish Samarqand mevalari Sheroz mevalari kabi bagʻoyat totlidir, – deya soʻz boshladi Amir Temur Hofizga qarab. – Mavlono, men ikki kun shaharni sayr qildim, ammo gʻazallaringizda vasf qilinmish Sherozni koʻrmadim.
– Amirim! Ul gʻazal yozilgan davrda Sheroz dilkusho erdi, bunga koʻp yillar boʻldi, – maʼyus javob berdi Hofiz”.
Suhbat asnosida, Amir Temur Hofiz gʻazallaridagi ayrim kufr oʻrinlarga urgʻu beradi, buyuk shoir ularni tasavvufiy mazmunda ekanini aytib, oʻz talqinini bayon qiladi. Nihoyat, soʻz Hofizning mashhur gʻazalidagi Samarkandu Buxoroga koʻchadi:
“ – Mavlono, – Hofizga murojaat qildi Sohibqiron. – Sizning bul gʻazalda yodga olganingiz Samarkandu Buxoroga taklif qilurman. U yerlarning goʻzal bogʻlari, oliy imoratlarini oʻz koʻzingiz ila koʻrursiz…
– Tashakkur, amirim! Qarib qoldim, xastaholmen. Uzoq safarga chiqmogʻim mushkuldur. Yigitlik chogʻlarimda Buxoro va Samarqandni, Shoshni koʻrmoq orzuim bor edi. Afsus, borolmadim. Endi esa qarilik oyoqlarimga kishan boʻlmish.
– Pirim Zayniddin Toyobodiy Sizni Shoh Shujoʼ taʼqibidan qutqarmishlar. Ammo ashʼoringiz maftunkor va shirindur, mavlono. Na iloj ixtiyor Sizda, – dedi Amir Temur”.
Hofiz Amir Temurning ranjiganini sezadi va oʻzi kitobat qilgan Xusrav Dehlaviy “Xamsa”sini unga sovgʻa qiladi.
Amir Temur gʻoyat lutfkorlik bilan Hofizga uning yanglishganini eslatadi. Urfon Otajon tomonidan aks ettirilgan ushbu tasvirda ingliz adibasi Xilda Hekhem keltirgan istehzo yoʻq.
Lekin ingliz adibasi Xilda Hekhemning “Yetti iqlim sultoni” asarida, aynan, shu tasvir yuqorida aytganimizdek, boshqacha yoʻsinda aks ettiriladi. Muallif ikki mashhur tarixiy shaxs oʻrtasidagi rivoyatlarga aylangan muloqotni aynan keltirgan: “Aytishlariga qaraganda, Temur shoirni oʻz huzuriga chaqirtiribdi-da, gʻazab bilan debdi: “Men dorussaltanat Samarkand bilan Buxoroni obod qilmoq uchun Yer kurrasining talaygina qismini fath qildim, minglab shaharlarni va oʻlkalarni vayronaga aylantirdim, sen nobakor boʻlsang, oʻshal Sherozlik jononning bittagina xoliga bu shaharlarni baxsh etadigan boʻldingmi?”
Xilda Hekhem Amir Temurning kechirimli boʻlishligini, ayni, Hofiz bilan boʻlgan suhbatida emas, balki, Toʻxtamish bilan bogʻliq munosabatlarida koʻrsatadi: “Sohibqiron Oʻrusxonga qarshi kurashda oʻz tarafida Oq Oʻrda aslzodalaridan ittifoqchi paydo boʻlganidan faqat quvondi, albatta. Zero, Oʻrusxon siyosiy muxolif boʻlishdan tashqari oʻz huzuriga qochib borgan isyonchi jaloyirlarga ham boshpana bergan edi. Temur Toʻxtamishni xuddi oʻz oʻgʻliday kutib oldi. U shahzodaga oltin buyumlar, qimmatbaho sovgʻalar, otlar, qurol-aslaha, faxrli liboslar, zarrin kamarlar, bebaho taqinchoqlar, tuyalar, oʻtov va chodirlar, qullar inʼom etdi. Movarounnahrning Oq Oʻrdaga tutashgan sarhadidagi Oʻtror va Sigʻnoq Toʻxtamishga hadya etilib, uning ixtiyoriga lashkar ham berildi. Toʻxtamish bir necha bor Oʻrusxonga hujum qilib koʻrdi, ammo har gal magʻlubiyatga uchradi. Lekin Temur har bir muvaffaqiyatsizlikdan soʻng, bu tutingan oʻgʻli ixtiyoriga yana yangi-yangi lashkar berar va yanada koʻproq sovgʻa-salomlar inʼom etardi”.
Koʻrinadiki, adabiyotda eng kichik janrlardan biri sanalmish hikoyada Amir Temur obrazining butun qirralarini yoritib berish mushkul. Yuqorida qayd etilgan hikoyalarda Amir Temur obrazining maʼlum bir jihati yoritilganligi muhim. Va, bu jihat mazkur janrda davom etishi, tabiiy.


Tarixiy shaxslar xarakteridagi ibratli qirralarni oʻrganish, tarixiy voqealar hamda buyuk shaxslar hayotidagi davrlar sinovidan oʻtgan, mashhur tarixiy siymolarning badiiy adabiyotdagi obrazini tadqiq etish adabiyotshunoslik fanining dolzarb vazifalaridan sanaladi. Binobarin, Amir Temur obrazini tarixiy haqiqat nuqtai nazaridan oʻrganib, uni badiiy talqin etishda ijodkorlar erishgan yutuqlarni tahlil qilish ham adabiy jarayon rivoji bilan bogʻliq muhim xulosalar beradi. Sohibqiron —1996-yilda Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tomonidan yozilgan, Sohibqiron Amir Temur hayotiga bagʻishlangan sheʼriy drama.[1] Amir Temur — jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslardan biri. Uning hayot yoʻli bir tekis kechmagan. Taqdirning turfa zarbalariga munosib dosh berolganligi uchun ham shunday ulugʻ maqomga erishgan. Abdulla Oripov qalamiga mansub „Sohibqiron“ sheʼriy dramasida Amir Temurning murakkab umr yoʻli haqqoniy boʻyoqlarda ochib berilgan.
Sohibqiron sheʼriy dramasi 2016-yilda „Akademnashr“ nashriyoti tomonidan 136 betli qattiq muqovada, 2019-yilda „Yangi nashr“ nashriyoti tomonidan 91 betli yumshoq muqovada 10 000 nusxada nashr etilgan.[2]
„Sohibqiron“ dramasida Amir Temur janglarda emas, balki koʻproq oʻylar girdobida aks ettiriladi. Asarda Temurning murakkab tabiati uning Amir Husayn, sulton Boyazid, amirlar, oʻgʻillariga munosabatini koʻrsatish mobaynida yorqin aks etgan.
Amir Temur tajribali hukmdor va oʻychil faylasuf sifatida davlatni ushlab turguvchi tayanchlarni: „Moʻl xazina, yagona shoh, yengilmas lashkar“, — deya belgilaydi.
Uning jahongirlik tabiati suruvda bitta choʻpon boʻlganiday, xalqni ham bir podshoh boshqarishi kerakligi borasidagi qanoatida namoyon boʻladi.
Dramada Temurning fuqarolarga munosabati: „Hukmdorlar seva turib fuqarolarni, Umid hamda qoʻrquv ichra saqlashi darkor“, — degan qarashida aks etadi.
Asarda Amir Temurning oʻz dushmanlari gunohlarini ham kechira oladigan shaxs ekani sulton Boyazid, haddidan oshgan kimsani jazosiz qoldirmasligi Amir Husayn, ezgu amalli kishilarni taqdirlashi Hofiz Sheroziy va Qosimbek timsollari orqali ishonarli aks ettirilgan.
Dostonda Boyazidning Amir Temurga yozgan xatidagi haqoratlar uni urushga kirishishga majbur etishi ishonarli tasvirlangan: „Agarda sen biz tomonga kelmasang, Temur bilib qoʻyki, xotunlaring uch taloq boʻlgay. Agar seni yenga olmay chekinsam ortga Unda mening xotunlarim boʻlsin uch taloq“.
Muallif hech bir musulmon chidashi mumkin boʻlmagan bunday odobsizlikka Temurning jang bilan javob berishi tabiiyligini tarixiy haqiqatga ham mos holda koʻrsatadi.



Yüklə 42,21 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin