I-BOB. QOZON QURILMALARINING KLASSIFIKASIYASI VA TURLARI 1.1.Qozon qurilmasi to'g'risida asosiy tushunchalar, uning tuzilishi
va ishlash tartibi Tayanch iboralar: agregat, bug’ qizdirgich, ekonomayzer,konvektiv,baraban. Ma'lumki, issiqlik elektr stansiyasi (IES) - organik yoqilg'i yonganda ajraladigan issiqlik energiyasini o'zgartirish natijasida elektr energiyasi ishlab chiqaradigan energetik qurilmadir.Manashu energetik qurilmani ishlashini asosiy ta'minlovchi qurilmalardan biri qozon qurilmasihisoblanadi. Issiq suv va bug‘ ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan inshoot va qurilmalar majmui qozon qurilmasi deb aytiladi. Qozon qurilmasi qozon agregati bilan qo‘shimcha qurilmalardan tashkil topadi. O‘txonada yoqilgan yoqilg‘idan ajralgan issiqlik hisobiga bosim ostida issiq suv va bug‘ hosil qiladigan uskunalar majmui qozon agregati deyiladi. Qozon agregati tarkibiga quyidagilar kiradi: o‘txona qurilmasi (gorelkalar bilan kamera); qozon agregatining asosiy qismlaridan biri bo‘lgan bug‘ qozoni, unda bug‘ hosil bo‘ladi; bug‘ berilgan parametrgacha qizdiriladigan bug‘ qizdirgich; bug‘ qozoniga beriladigan suvni isitish uchun mo‘ljallangan suv ekonomayzeri va yoqilg‘ini yoqish uchun o‘txonaga beriladigan havoni isituvchi havo isitkich. Qozon qurilmasining yordamchi qurilmalari jumlasiga mo‘ri, shlak va kul chiqaradigan qurilmalar, kulni tutib qolish qurilmalari, karkas, ichki qoplama va boshqalarni kiritish mumkin. Qozon qurilmasi ishlab chiqargan mahsulot turiga ko‘ra quyidagi turlarga bo'linadilar: .Bug‘ qozonlari;
.Suv isitadigan qozonlar;
.Bug‘-suv isitadigan qozonlar.
Bug‘-suv isitadigan qozonlarda bir vaqtning o‘zida yoki har xil vaqtda bug‘ va issiq suv ishlab chiqariladi, lekin bunday turdagi qozonlar kam qo‘llaniladi. Shuningdek, hozirgi vaqtda sanoatda qozon-utilizatorlarham keng qo‘llaniladi. Bunday qozonlarda issiqlik manbai sifatida texnologik jarayonlarning ikkilamchi energiya manbalari (masalan, sanoat pechlarining chiqib ketayotgan gazlari), metallurgiya zavodlaridan va domna pechlaridan chiqqan tutun-gaz aralashmalari ishlatiladi.