J JADIDCHILIK (arab,
jadid – yangi) — XIX a. oxiri – XX a. boshida Turkiston,
Buxoro, Xiva, Kavkaz, Qrim, Tatariston hayotida muhim ahamiyat kasb etgan ijtimoiy-
siyosiy, ma‘rifiy harakat. J. dastlab XIX a.ning 80-yillarida Qrimda Ismoilbek
Gasprinskiy rahbarligida qrim tatarlari o‗rtasida vujudga keldi. J. harakati namoyandalari
ko‗pincha o‗zlarini taraqqiyparvarlar, keyinchalik jadidlar deb atashgan. O‗sha davrning
ilg‗or taraqqiyparvar kuchlari, birinchi navbatda, ziyolilar mahalliy aholining umumjahon
taraqqiyotidan orqada qolayotganligini his etib, jamiyatni isloh qilish zaruriyatini
tushunib yetgandilar. J. mohiyat e‘tibori bilan avvalo siyosiy harakat edi. Uning
shakllanish va mag‗lubiyatga uchrash davrlari bo‗lib, ularni shartli ravishda to‗rtga
bo‗lish mumkin. Turkiston, Buxoro va Xiva hududida bu davrlar 1895-1905; 1906-16;
1917-20; 1921-29-yillarni o‗z ichiga oladi. Jadidlar orasidan yetuk olimlar, sanoat va
ziroatchilik sohalarining zamonaviy bilimdon mutaxassislari, madaniyat arboblari
yetishib chiqib, yurtni obod va Vatanni mustaqil ko‗rishni orzu qildilar va shu yo‗lda
fidoyilarcha kurashdilar. Jadidlarning Turkiston mustaqilligi uchun kurashida asosan
quyidagi yo‗nalishlar ustuvor edi: yangi usul maktablari tarmog‗ini kengaytirish;
qobiliyatli yoshlarni chet elga o‗qishga yuborish; turli ma‘rifiy jamiyatlar va teatr
truppalari tuzish; gazeta va jurnallar chop qilish, xalqning ijtimoiy-siyosiy ongini
yuksaltirish bilan Turkistonda milliy demokratik davlat qurish. J.ning asosiy g‗oya va
maqsadlari quyidagilar edi: Turkistonni o‗rta a.larga xos qoloqlik va diniy xurofotdan
ozod etish, shariatni isloh qilish, xalqqa ma‘rifat tarqatish, Turkistonda muxtoriyat
hukumatini barpo etish uchun kurash, Buxoro va Xivada konstitutsion monarxiya va
parlament, keyinchalik demokratik respublika tuzumini o‗rnatish orqali ozod va farovon
jamiyat qurish, barqaror milliy valyutani joriy qilish va milliy qo‗shin tuzish.