APARTEID , apartxeyd (afrikaans tilida
apartheid – alohida-alohida yashash) —
irqiy kamsitishning eng ashaddiy ko‗rinishi. Muayyan aholi guruhlarining ular irqiy
mansubligiga qarab, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va fuqarolik huquqlaridan mahrum
etishni, hududiy jihatdan yakkalatib qo‗yishgacha borishni anglatadi. A.ning ayrim
choralari genotsid tusini olishi mumkin. Hozirgi xalqaro huquq A.ni insoniyatga qarshi
jinoyat deb hisoblaydi. 1973-yilda A. jinoyatlarining oldini olish va jazolash to‗g‗risida
xalqaro konvensiya qabul qilingan. Yaqingacha A. JARda hukmronlik qilib kelgan,
asosan oq tanli fuqarolardan iborat Milliy partiyaning siyosati edi. U mamlakat aholisini
irqiy alomatlarga qarab, uch qism: 1) oq tanlilar; 2) qora tanlilar, ya‘ni tub afrikaliklar; 3)
indeyslar va duragaylarga bo‗lib boshqarish siyosatini qo‗llab keldi. «Irqiy guruhlarni
ajratib joylashtirish to‗g‗risida»gi qonunga muvofiq, aholi 74% ini tashkil etuvchi qora
tanlilar uchun soxta «davlatlar» – bantustanlar tuzildi, afrikaliklarning oq tanlilar
yashovchi shaharlarda istiqomat qilishi man etildi, A. qoidalarini buzganlarga nisbatan
qattiq jazo choralari qo‗llanildi. Afrikaliklar, ularga ergashgan indeyslar hamda oq
tanlilar bir qismining Afrika milliy kongressi va b. vatanparvarlik tashkilotlari
rahbarligida A. siyosatiga, irqchilar zulmi va kamsitishlarga qarshi uzoq davom etgan,
jahon hamjamiyati tomonidan faol qo‗llab-quvvatlangan murosasiz ommaviy chiqishlari,
shu jum., qurolli kurashi irqchilarni chekinishga majbur etdi. Mamlakat va xalqaro-
maydonda yakkalanib qolgan irqchilar siyosiy islohotlar o‗tkazishga majbur bo‗ldi. Tinch
yo‗l bilan 1994-yil aprelda o‗tkazilgan demokratik saylovlar natijasida hokimiyat
mamlakat tub aholisi vakillari qo‗liga o‗tdi.
APATIYA (yun.
apatheia – loqaydlik, e‘tiborsizlik, beparvolik) — siyosiy
loqaydlik, siyosiy voqea-hodisalarga nisbatan befarqlik. U siyosiy jarayonlarga ta‘sir
ko‗rsatish imkoni va qobiliyati yo‗qolganida tug‗iladi.
APATRID (grek.
a – inkor qiluvchi qo‗shimcha va
patris – vatan) — tegishli davlat
hududida yashovchi va shu davlat fuqaroligiga yoki biror chet davlat fuqaroligiga
mansubligi to‗g‗risida hujjatlari yo‗q kishi, ya‘ni fuqaroligi bo‗lmagan shaxs.