Tashqi umumiy plastinkalar suyak usti pardasining ostida joylashadi, lekin to‘liq xalqa hosil qilmaydi. Ulardan teshib o‘tuvchi kanallar o‘tib, qon tomirlar va siyrak biriktiruvchi to‘qima joylashgan. Bu qon tomirlar naysimon suyak bushlig‘ida joylashgan suyak ko‘migiga va osteonlarga tarmoqlanadi.
Ichki umumiy plastinkalarendost ostida joylashib, tashqi umumiy plastinkalar tuzilishini eslatadi.
Osteon– kompakt suyakning struktur-funksional birligi bo‘lib, 5-20 ta konsentrik plastinka qatlamlaridan iborat. Markazida kanal bo‘lib, osteotsitlar va plastinkalar atrofini oziqlantiruvchi qon tomirlar joylashgan. Qo‘shni osteonlar kanallari anastomozlar yordamida bog‘langan. Bu anastomozlar qon kapillyarlari tutadi.
Oraliq yoki qo‘shimcha plastinkalar – osteonlarni bir-biridan ajratib turadi. Oralik plastinkalar so‘rilayotgan osteon qoldiqlari hisoblanadi. YUqorida qayd etilgan barcha plastinkalar bo‘shliqlarida (lakunalarida) osteotsitlar joylashadi. Ularning o‘simtalari qo‘shni plastinkalar tomon yo‘nalgan va kanallar ichida yotadi.
Suyak to‘qimasining rivojlanishi. I. To‘g‘ri osteogenez – bevosita mezenximadan.
II. Noto‘g‘ri osteogenez – tog‘ay o‘rnida.
To‘g‘ri osteogenez 4 bosqichda boradi:
1. Mezenximdan skeletogen orolchalarining hosil bo‘lishi.
2. Organik matriks – osseoid to‘qimaning hosil bo‘lishi.
3. Mineralizatsiya (kalsifikatsiya) – retikulofibroz suyak to‘qimasining hosil bo‘lishi.
4. Retikulofibroz to‘qimadan plastinkasimon suyak hosil bo‘lishi.
Notugri osteogenez – homila taraqqiyotining 2 oyidan tog‘ay modeli o‘rnida suyaklanish hosil bo‘ladi. Suyaklanish 2 yul bilan boradi:
a) perixondral (tog‘ay yuzasidan),
b) endoxondral (tog‘ay ichidan).
Bo‘lajak suyak o‘rnida, diafiz sohadan tog‘ay modelining tog‘ay usti pardasida osteoblastlar shakllanadi. Ular retikulofibroz suyak to‘qimasini hosil qilib, tog‘ayning tashqi tomonidan manjetka (gilof) ko‘rinishda o‘rab oladi. Bu perixondral suyaklanish hisoblanadi. Hosil bo‘lgan suyak manjetkasi uning ostida yotgan tog‘ayning oziqlanishini buzadi. Xondrotsitlar bo‘kadi (shishadi), yadro pufaksimon bo‘lib qoladi, ba’zida ohaklanish kuzatiladi. SHu vaqtda suyak usti pardasidan tog‘ay moddasiga qon tomirlar o‘sib kiradi, shu qon tomirlar bilan birga osteoklastlar va osteoblastlar ko‘chib o‘tadi. Tog‘ay to‘qimasi distrofik o‘zgarishlarga uchraganidan so‘ng kapillyarlar turli tomonga shoxlanadi va uning atrofida tartibsiz retikulofibroz suyak shakllanadi. Bu suyak to‘qimasining hosil bo‘lishi ichki tog‘ay yoki endoxondral suyaklanish deyiladi.
Asta sekin tashqi tomondan ham, ichki tomondan ham bo‘lajak suyakning diafiz qismidagi retikulofibroz suyak plastinkasimon ko‘rinishga o‘tadi. Osteoklastlar faoliyati davomida suyak ichida bo‘shliqlar hosil qiladi. Bu bo‘shliqlarda qizil suyak ko‘migi, keyinchalik esa sarik suyak ko‘migi joylashadi. Suyak manjetkasi diafiz markazidan asta-sekin epifiz tomon siljib boradi.
Tog‘ay modelidan kompakt suyak hosil bo‘lishi natijasida quyidagi sohalar ajratiladi:
1. Chegara soha – intensiv emirilayotgan tog‘ay;
2. Ustunsimon tog‘ay xujayralari sohasi – mitotik bo‘linayotgan tog‘ay xujayralari ustunsimon ko‘rinishda joylashadi.
3. Pufaksimon xujayralar sohasi – 1 va 2 soha orasida oziqlanishi buzilgan hujayralar joylashadi.
Inson xayotining 20 yoshlargacha naysimon suyaklarning diafiz va epifiz orasida tog‘ay hujayralarining intensiv bo‘linish sohasi kuzatiladi. Bu soha metaepifizar plastinka deyilib, naysimon suyakning bo‘yiga o‘sishini ta’minlaydi. Suyakning eniga o‘sishi esa osteonlar atrofidagi konsentrik plastinkalar va general plastinkalar hisobiga ro‘y beradi.