PEYER PILAKCHALARI (PP) Hazm sistemasining limfatik apparati periferik immun-himoya va qon yaratuvchi sistemaning bir qismi hisoblanadi va unga quyidagi tuzilmalar: Pirogov limfo-epitelial halqasi, solitar (yakka-yakka joylashgan) limfatik follikulalar, Peyer pilakchalari (guruh-guruh bo‘lib joylashgan limfatik follikulalar), chuvalchangsimon o‘simta va diffuz limfoid to‘qima kiradi.
Peyer pilakchalar (PP) ingichka ichak devorining shilliq qavatida uchraydi. Odamda PP ning umumiy soni 100-300 tagacha bo‘ladi. 12-16 yoshli o‘smirlarning bitta PP sining maydoni 72 mm2 ga, umumiy maydoni esa o‘rta hisobda 62,5 sm2 ga teng. PP ning tarkibiga kiruvchi limfatik follikulalarning soni esa bu davrda 5-900 bo‘lishi mumkin. PP umumiy soni vaqt o‘tishi bilan kamayib boradi va ularning o‘rnida biriktiruvchi to‘qima hosil bo‘ladi.
PP embironal taraqqiyotning 14-15 haftalarida hosil bo‘la boshlaydi, ammo o‘zining to‘la rivojiga postnatal davrda, timus limfotsitlarining migratsiyasidan so‘ng kuzatiladi. Bundan tashqari, PP larning takomili uchun ichakda normal mikrofloraning bo‘lishi g‘oyatda muhimdir.
Tuzilishi.PP da Quyidagi zonalar farqlanadi: limfatik follikulalar, germinativ markaz, gumbaz qismi va follikulalar orasidagi timusga bog‘liq zonalardir. PP ning limfatik to‘qimasini 100% deb olsak, germinativ markaz, follikulalar va follikulalararo zona 30% ni, gumbaz qismi esa 10% ni tashkil qiladi. Gumbaz qismi follikulni yuqoridan o‘ragan bo‘lib, ichak bo‘shlig‘iga bo‘rtib chiqadi. PP joylashgan sohadagi ichakning shilliq qavatida vorsinkalar va kriptalar bo‘lmaydi. Bu joyning epiteliysida jiyakli, kam ixtisoslashgan jiyaksiz va ba’zan qadahsimon va endokrin hujayralar uchraydi. Bundan tashqari, gumbaz qismi epiteliysida M-hujayralar va “tukli” (neyroepitelial) hujayralar ham uchraydi.
M-hujayralar baland prizmatik shaklga ega bo‘lib, ularning apikal qismida glikokaliks yo‘q. Mikrovorsinkalar deyarli uchramasdan, ularning o‘rniga har hil burmalar va mayda o‘siqlar mavjud. Terminal to‘r yaxshi rivojlanmagan. YAdro ustki qismida silliq endoplazmatik to‘rning naylari va pufakchalari, mayda mitoxondriyalar va tonofibrillalar ko‘plab bo‘lib, hujayraning bazal qismida joylashgan. Ba’zan bu hujayralar sitoplazmasida multivezikulyar tanachalar ham uchraydi. Hozirda M-hujayralarning o‘zidan makromolekulalar, reoviruslarni va bakteriyalarni o‘tkazish xususiyatiga ega ekanligi aniqlangan.
PP ni qoplab turuvchi epitelii limfotsitlar bilan infiltratsiyalangan. Intraepitelial limfotsitlarning soni 100 ta epitelial hujayraga 10-40 tagacha etishi mumkin. Ularning aksariyatini T- limfotsitlarning xelper va supressor turlari tashkil etadi. Bu hujayralarning epiteliy yuzasiga chiqishi sababi, ichakdagi antigenlar bilan dastlabki kontakt hosil qilishdir.
Limfatik follikulalar me’da-ichak V-limfotsitlarning hosil qiluvchi manbadir.Ularda asosan immunoglobulinning E turini hosil qiluvchi plazmatik hujayralar xosil bo‘ladi.
Limfatik follikulalar konussimon yoki ellipsimon shaklga ega. YOsh bolalar va o‘smirlarda germinativ markaz tutuvchi follikulalarning soni ko‘proqdir. Germinativ markazda retikulyar to‘qima orasida limfoblastlar, makrofaglar bo‘ladi. Yonma-yon joylashgan follikulalar o‘zaro biriktiruvchi to‘qima orqali ajralgan. Ushbu zona follikulalararo zona deb nomlanadi. U timusga to’be zona hisoblanib, o‘zida T-limfotsitlar, makrofaglar, plazmatik hujayralar, retikulyar hujayralar, eozinogfil granulotsitlar tutadi.
Shunday qilib, PP ga antitelo hosil qiluvchi hujayralarning ma’nbasi hisobladi. Ichak bo‘shlig‘iga tushgan antigenlarning dastlabki retsepsiyachini, gumoral va mahalliy immunitetni induksiyasini, limfotsitlarning reproduksiyasi va kooperatsiyasini amalga oshiruvchi tuzilma sifatida qaraladi