2. Ko‘makchilar (fe’l formalaridan so‘ng kelgan ko‘makchilar) yordamida: Toshtemir shaharga ketgandan keyin, Sodiq ota qiziga hech narsa demadi. (H.G‘ulom.) Eshik ortiqcha tor bo‘lgani uchun, ot siqilibgina o‘tdi... (A.Qodiriy.)
3. Yuklamalar yordamida: Osmonda bulutlar paydo bo‘lganidanmi, dengiz motam tutayotgan ayolga o‘xshardi. (O‘.Umarbekov.)
4. Nisbiy so‘zlar yordamida: Odamlar uchun xotirada saqlash qanchalik zarur bo‘lsa, ba’zan unutish ham shunchalik zarur. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur».)
5. Sifatdosh shakli hamda kelishik affiksi yordamida: Ota-onalarimiz qarib qolganda, ularga mehr-muhabbat tuyg‘ularimizni baxsh etmog‘imiz lozim. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur».)
6. Fe’lning ravishdosh shakli yordamida: Nasiba chiqib ketgach, Buvsora ona sekin kosaga nazar tashladi. (S. Mahmudova) Qalin qorlar erib, o‘tlar ko‘karib qoldi. (Ch.Aytmatov.)
7. Fe’lning shart mayli shakli yordamida: Diqqat bilan quloq solsangiz, uning bulbulga taqlid qilayotganini sezasiz. (H.G‘ulom.)
8. Fe’lning buyruq-istak mayli formasi yordamida: Ona ishdan qanday o‘y, qanday tashvish bilan qaytmasin, shu ko‘zlarni ko‘riboq, ko‘ngli yozilardi. (A.Muhtor.)
9. -day (-dek) o‘xshatish ma’nosini bildiruvchi qo‘shimcha yordamida: To‘yning bo‘ldi-bo‘ldisi qiziq tuyulganday, yangi ishning boshlanish arafasi qiziq bo‘ladi.
Ergash gap bosh gapdan oldin ham, keyin ham kelishi mumkin. Masalan: Da’vogar sust kelsa, qozi muttaham... (H.G‘ulom.) Qo‘rqoq do‘st dushmandan xavflidir, chunki dushmandan ehtiyot bo‘lasan, ammo do‘stga ishonasan. (L.N.Tolstoy.)
Ayrim hollarda ergash gap bosh gap ichida ham kelishi mumkin. Masalan: Uning sovuq nafasi, eshik ochilarkan, o‘rmonlarning shovqini bilan oqib kirib, yigitni biroz hushyorlantirardi. (Oybek.)
Ma’lumki, ergash gap bosh gapni yoki uning biror bo‘lagini izohlash, aniqlash, to‘ldirish uchun xizmat qiladi. Shunga ko‘ra ergash gap ikki katta guruhga bo‘linadi: 1) bosh gapning biror qismi (bo‘lagi)ni izohlovchi ergash gaplar;
Dostları ilə paylaş: |