bo’lmasin, so’zlovchi uchun taassuf yo’qdir. Gul libosi yirtiq bo’lsa ham ziyonsiz; sadaf xunuk bo’lsa ham inju, uchun nuqsonsiz. Yolg’on so’z she'rdan boshqa yerda nomaqbul va yolg’onni aytuvchi aqlsizdir. Yomon qiliqli odam — badfe'l; achchig’i tez — bir baloga giriftor, bir ofatga mubtalo badbasharadir. Bular qayon borsa — balodan qutilmas; har yerga qochsa ham ofatdan xalos bo’lmas. Yomon qiliq g’olib dushmandir va qahrli yovdir, yomon qiliqli kishi esa doim unga mag’lub va vujudi undan majruh. Ochiq chehrali odam — ikkiyuzlamachilikdek nuqsondan yiroq bo’ladi... Ochiq yuzidan xaloyiqqa xursandlik; chuchuk so’zidan el- yurtga xurramlik. Odamiylik bilan ko’ngillarga sevimli; insoniylik bilan jonlarga yoqimli. Undan do’st- dushman xotirjam. Bunday kishi umridan baraka topgay. Dushman aldoviga uchma; maddoh xushomadini chin dema. Dushmanning g’arazi o’z yomon niyatiga yetmoqdir; maqtovchining maqsadi — xorlik bilan sendan in'om olmoqdir. Agar ikkalasiga iltifot qilmasang va qabul qilishni lozim bilmasang, biri o’z maqsadining ijrosidan to’xtaydi va tadbiri mujmal bo’ladi va ikkinchisining maqtovi hajvga aylanadi. Noxush xabarni chin bo’lsa ham do’stingga yetkazma; birovdan ayb ko’rsang yuziga solma. Qo’yaver, o’sha chin xabarni dushman yetkazsin va sen sabr qil, u ayb mojarosini dushmani qilsin. Aqlli odam yolg’on gapirmas; ammo, barcha rost gapni aytaverish ham to’g’ri emas. Birovning ko’zi g’ilay — nogirondir; ammo, bunga u aybdor emasdir... Birovni nohaq hijolatga solmoq — o’z nodonligini izhor qilmoq va bir ko’ngilni og’ritmoqdir. Bu kabi kishini xafa qiladigan chin so’zdan ko’ra zarurat yuzasidan — o’rni bilan gapirilgan yolg’on yaxshiroqdir. «Mahbub ul-qulub»dan Hilm inson vujudining xushmanzara