2-amaliy mashg’ulot. Jismoniy yuklamaning yurak-qon tomir va nafas tizimi faoliyatiga taʼsirini oʻrganish
Ishdan maqsad: jismoniy yuklamaning yurak-qon tomir va nafas sistemasi faoliyatiga taʼsirini oʻrganish.
Oʻquv jihozlari: sekundomer, tanometr, fonendoskop, spirometr.
Nazariy qism: Jismoniy harakatning yurak va qon tomir tizimiga taʼsirini oʻrganish Oʻng qoʻlning 4 ta barmogʻini tekshiriluvchining bilak arteriyasi sohasiga qoʻyib, tomirning eng aniq urayotgan joyi aniqlanadi. Shundan soʻng bir daqiqa davomida puls – yurak urishining soni aniqlanadi. Arterial pulsning bir minutlik sonini uch marotaba aniqlanadi va oʻrtachasi hisoblanadi (sogʻlom odamda pulslar soni bir minutda oʻrtacha 72– 85 ta).
Tekshiriluvchi 10-marta oʻtirib turgandan soʻng yana puls sanaladi. Tinch holatdagi va jismoniy zoʻriqishdan keyingi natijalarni solishtiriladi.
Oʻpkaning tiriklik sigʻimi Odam tinch nafas olganda 500/300 dan 900 ml gacha havo oladi va chiqaradi. Bu havo nafas havosi deb ataladi. Normal nafas olgandan keyin yana qoʻshimcha 1500 ml havo olishi mumkin boʻlib, bu qoʻshimcha havo deb ataladi. Normal nafas chiqargandan keyin esa yana 1500 ml havo chiqarib yuborish mumkin. Buni esa nafas chiqarishning rezerv qismi deyiladi. Oʻpkaning hayotiy sigʻimi deb chuqur nafas olgandan keyin chiqarilgan maksimall havo hajmiga aytiladi. Normada oʻpkaning tiriklik sigʻimi ayollarda 2700 ml, erkaklarda 3500 ml ga teng. Maksimall nafas chiqarib yuborilgandan keyin ham oʻpkada birmuncha havo qoladi. Bu qoldiq havo deb yuritilib, 1200 ml atrofida boʻladi.
Spirometriya – bu oʻpkaning tiriklik sigʻimini oʻlchash usulidir. Spirometr asbobi 2 ta silindrdan iborat. Tashqi silindrga belgisigacha suv toʻldirilgan, ikkinchisi esa boʻsh boʻlib, asosiga havo toʻldirilgan ballon biriktirilgan. Tashqi silindr orqali metall trubka oʻtkazilgan boʻlib, u orqali tekshiriluvchi nafas oladi. Yengil nafas olish ham ballongacha uzatilib, ichki silindrni koʻtaradi. Hisob olib borish belgisi alohida koʻrsatilgan.
Spirometr “0” holatiga keltiriladi. Metallik trubka oxiridagi mundshtuk margansovka eritmasida chayiladi. Tekshiriluvchi spirometr qarshisiga turib, 2-3-marta chuqur nafas olib, chiqarib, yana chuqur nafas olib nafasni spirometrga chiqaradi (mumkin qadar qattiqroq). Nafas uzluksiz, asta chiqarilishi kerak.