Nemis teatri reja: XVIII asrda nemis teatri va namoyondalari fridrix shiller



Yüklə 22,85 Kb.
tarix06.06.2020
ölçüsü22,85 Kb.
#31609
NEMIS TEATRI DRAMATURGIYASI

NEMIS TEATRI

Reja:

1. XVIII ASRDA NEMIS TEATRI VA NAMOYONDALARI

2. FRIDRIX SHILLER (1759-1805-Y.)

3. NEMIS TEATRIDA ROMANTIZM OQIMI

XVIII asrda nemis teatri erishgan ulkan muvaffaqiyatlar jahon teatri va adabiyotiga bebaho hissa bo'lib qo'shildi. Aynan nemis dramaturglaridan Lessing, Gyote, Shiller Ma'rifatparvarlik davrida dramaturgiya va teatr sohasida erishilgan yutuqlarga yakun yasab, ma'rifatparvarlik realizmidan XIX asr tanqidiy realizmiga o'tish yo'lini belgilab berdilar.

Nemis teatri ham Ovro'poning boshqa mamlakatlari san'ati kabi turlicha rivojlanish bosqichini o'taydi. U ma'rifatparvarlik klassitsizmi, ma'rifatparvarlik realizmi, sentimentalizm, ilk romantizm davrlarini boshdan kechiradi. Lekin bu oqimlar Germaniyada boshqa mamlakaflarga qaraganda o'zgacha ahamiyatga ega bo'ldi.

GOTGOLD EFRAIM LESSING (1709-1781-y.)

Gotgold — Efraim Lessing Saksoniyadagi Kapensa shahrida ruhoniy oilasida tavallud topgan. O'n yetti yoshida Leypsig universitetiga o'qishga kiradi, lekin ikki yil o'qib uni tashlab ketadi, taniqli adib darajasiga chiqqanda o'qishni Vittenbergda tamomlab, erkin san'atlar magistri unvoniga erishadi. U “Yosh olim” degan birinchi pyesasini "o'n sakkiz yoshida yozgan.

Lessing, avvalo, buyuk tanqidchi sifatida maydonga chiqqan edi: Gamburg milliy teatrida ishlar ekan (1767—1768), uning sah­nasida qo'yilgan asarlarga taqrizlar yozib, o'zining mashhur “Gamburg dramaturgiyasi” degan kitobini yaratadi. Uning «Laokoon» risolasi ma'rifatparvarlik realizmi tamoyillarini asoslab berishda yirik tadqiqotlardan biriga aylandi.

Lessingning fikricha, aktyorlik san'ati tasviriy san'at bilan poeziya oralig'idagi san'atdir: u ham makon, ham zamon doirasidagi san'at, ya'ni bir jihatdan sahnaviy makon ifoda imkonlariga asoslansa, ikkinchi tomondan shakllanish, rivojlanish qonuniyatlariga asoslangan. Aktyor, avvalo, jismoniy imkoni keng va qovushimli bo'lishi, ya'ni gavdasini sahna ko'zgusida boshqa kishilarning gavdasiga monand mutanosib tarzda jilolantira olishi va o'rni kelganda, butkul shoir o'rnida o'ylay olishi, uzluksiz fikrlay olishi kerak.

Lessing dramaturg sifatida barcha janrlarda qalam tebratgan. Uning har bir asarining o'z ohangi bor: “Oyimqiz Sara Sampsonu” ko'z yosh uyg'otsa, «Minna fon Barnxelm» kuldiradi, ruhiy orom baxsh etadi. «Emiliya Golotti» ko'ngilni musibat ohangiga g'arq qiladi, «Donishmand Natan» chuqur o'yga toldiradi.

«Minna fon Barnxelm yoki Sarbozning baxti» (1767) Prussi — Saksoniya urushi tarixidan olingan asar bo'lib, unda Germaniyaning milliy birligi, yaxlitligi muammosi olg'a surilgan edi.

1779-yili Lessingning so'nggi «Donishmand Natan» asari yaratiladi. «Mening yozgan asarlarim orasida eng ta'sirchan pyesa bo'lg'usidir» - deb yozgan edi dramaturg bu asarni yozishga kirishar ekan. Ushbu asar chindanda juda dilga yaqin pyesa bo'lib chiqdi.

GYOTE (1749-1832-y.)

Yogann Volfgang Gyote Frankfurt - Maynda boy oilada tavallud topgan Gyotening otasi huquq doktori bo'lib, ota-bobolaridan meros qolgan sarmoyadan tushuvchi foiz hisobiga yashagan va o'g'lining tarbiyasi bilan shug'ullangan.

Gyote oilada juda yaxshi tarbiya ko'radi, so'ng Leypsig va Strasburg universitetlarida tahsilni dayom ettiradi. Gyote bolaligidan teatrga ishqiboz bo'lib yashagan. Teatrga borish uning o'quv jadvaliga kiritilgan edi. Uning yoshlikdan o'zini dramaturgiyada sinab ko'rishi ajablanarli emas. U mashhur bo'lib ketgan «Gyote fon Berlixingen» (1773) nomli birinchi pyesasini Strasburgda yozdi. Bu xalq hayotiga bag'ishlangan birinchi nemis tarixiy dramasi bo'lib, u yangi adabiyotni shakllantirishda katta ahamiyatga ega bo'ldi. Asar oilaviy-maishiy mojaro emas, balki to'g'ridan-to'g'ri ijtimoiy-siyosiy to'qnashuv asosiga qurilgan edi,

Tarixiy mavzudagi keyingi «Egmont» (1775) asarida ispan hukmiga qarshi kurashgan nedirlandlar sardori graf Egmont ispan noibi gersog Alba tomonidan qatl etilishi hikoya qilingan.

Gyote “Ifigeni Tavridada” (1779), «Torkvato Tasso» (1790) kabi tragediyalar yozadi. Lekin uning «Faust» tragediyasi jahon adabiyoti xazinasiga qo'shilgan bebaho hissa bo'ldi. Gyote bu asar ustida yetmish yil davomida goh to'xtab, goh davom ettirib ish olib borgan. Gyote bu asarda ma'rifatparvarlikning tub ma'no va mohiyati insonning olamaro muloqoti, tabiat sirlarini anglash va shu cheksiz mo'jizalar xilqatida o'z o'rnini topishida ekanini ifoda etib berdi.

Gyote dramaturggina emas, shu bilan birga, teatr san'atining yirik arbobi ham edi. 1791-yildan 1817-yilga qadar u Veymar saroy teatriga rahbarlik qiladi, o'z teatr maktabini yaratadi.



FRIDRIX SHILLER (1759-1805-y.)

Yogann Kristofor Fridrix Shiller Vyurtemberg gersogligining Marbax shahrida zobit oilasida tavallud topgan. Yoshligidan uni gersog Karl Yevgeniyning yopiq harbiy bilim yurtiga o'qishga beradilar. Bu yer — o'quv maskanini emas, qamoqxonani eslatardi. Talabalar ota-onalari bilan ham nazoratchining kuzatuvi ostida uchrashardilar.

Shiller o'zining «Qaroqchilar» deb atalgan birinchi pyesasini shu yerda 19—20 yoshida yozgan. Asar qo'shni Mangeym gersogligida qo'yiladi (1781). Shillerni badiiy ijodga qoi urganlikda ayblab, Karl Yevgeniy avaxtaga tashlaydi, jazodan qutilgach, u bir um-rga Vyurtembergdan chiqib ketadi. Ta'qib-tazyiqlar ostida uning keyingi «Makr va muhabbat» (1783), «Fiyesko fitnasi» (1784) pyesalari yaratiladi.

Shiller Leypsig, Drezdenda yashaydi, umrining so'nggi davrini Veymarda Gyote bilan ijodiy hamkorlikda o'tkazgan. U tarixni o'rganishga beriladi, Iyen dorilfununining professori unvoniga sazovor bo'ladi. Tarixiy mavzularda «Don Karlos», o'ttiz yillik tarixidan «Vallenshteyn haqida trilogiya, «Orlean qizi», «Vilgelm Tell», «Mariya Styuart» tarixiy dramalarini yaratadi.

Shillerning tarixiy mavzuda yozilgan asarlari orasida «Mariya Styuart (1800) ma'rifatparvarlik realizmi sohasida erishgan eng yirik yutug'i bo’ldi. Unda, umuman nemis dramaturgiyasi erishgan yutuqlar bir nuqtaga jo bo’lgandek uyushiq tarzda namoyon bo'lgan.

Shiller «Mariya Styuart»ni tahliliy drama deb atagan. Bu ta'bir bo’lib o'tgan, endi rivojlanishi lozim bo'lgan voqea pyesaga asos bo’lganligini anglatadi. Muallif barcha voqealar kechimini ko'rsatmaydi, balki ularning eng qaynoq nuqtalarini chizib tahlil etadi. Shiller «Shoh Edip»ni shu toifadagi pyesa uchun namunaviy asar deb hisoblagan. Lekin, Shiller Sofokl asarining tashqi tomonini tiklagan emas. Shillerning antik merosni chuqur o'rganishi unga yangi toifadagi psixologik fojiani yaratishda yordam berdi.

XVIII asrning 30-yillarida Leypsig shahrida iste'dodli aktrisa teatr tashkilotchisi Karolina Neyber tomonidan nemis teatri tarixiga «Leypsig maktabi» nomi bilan kirgan teatriga asos solindi. Shu asrning o'rtalarida ijod gulshaniga kirib kelgan deyarli barcha yirik nemis aktyorlari o'z faoliyatlarini shu teatrda boshlaganlar. Ular klassitsizmning rol va matn ustida ongli ishlash yo'riqlarini shu Lepsig sahnasida egallaganlar.

XVIII asrda nemis teatrida yuz bergan eng shonli davr ulug' ak­tyor va rejissor Fridrix Lyudvig Shryoder (1744—1818) ning nomi bi­lan bog'liq. Shryoderning nemis teatri oldidagi tarixiy xizmati Shekspir asarlarini sahnaga qo'yish va ularda o'zi bosh rollarni ijro etishda ko'rindi. Uning bu boradagi faoliyati «Hamlet» asarini qo'yishdan boshlandi. Spektakl premyerasi 1776-yil 20-sentabrda katta muvaffaqi­yat bilan o'tadi. Shundan so'ng «Otello», «Venetsiya savdogari», «Har narsaning me'yori yaxshi», «Qirol Lir», «Richard III», «Genrix IV» «Makbet» asarlari qo'yiladi. Shryoder Hamletning ichki dard-alam va ruhiy iztiroblarini butun murakkabligi bilan ifoda etib bergan edi. Shryoderning yana bir eng e'tiborli roli — «Lir» edi. «Uning o'tli qarashlari, - deb yozgan edi zamondoshlaridan biri, — og'riqli qalb jazavasi birgina sahna davomida obrazni tubdan o'zgartirib yubordi. Uning ko'zlaridan chaqmoq otilgandek, yuzi qizarib ko'pchib ketgandek bo'ladi. Gavdasining har bir qismi jarohat olgan misol titraydi, lablari qaltiraydi, qo'llari ko'kka ko'tariladi, momaqaldiroq gumburidan uzilib tushgandek dahshatli ovozda nasl-nasabiga tavqi la'nat toshlarini otadiki, tomoshabinni ham titroq qoplab oladi». Bu shunday dahshatli qarg'ish ediki, Gonerilya rolini ijro etuvchi aktrisa bu qarg'ishning bolalariga tegishidan cho'chib, Shryoder bilan chiqishdan bosh tortgan.

Shryoder ham Garrik singari ma'rifatparvarlik realizmiga suyanib ish ko'rgan. «Ham his-tuyg'u va aql-idrok uyg'uriligi» uchun kurashdi va o'z shijoatini mohirona tarzda boshqara bildi. U har bir rolning ayricha, o'ziga xos qiyofada ajralib turishiga alohida e'tibor berar edi. «Men har bir rolning o'ziga yarashiq ifodasini topishga urinaman. Natijada, rol boshqacha emas, aynan o'z turqi va qiyofasini topadi», der edi u. Shryoder o'z ijodi bilan Germaniyada ma'rifatparvarlik realizmi rivojining eng yuqori cho'qqisini belgilab berdi. Uni «nemis Garriki» deb atasa ham bo'lardi, lekin u nemis Shryoderi edi; uning shuhrati o'ziga yetib ortardi.

1780-yillarda Germaniyada klassitsizm uslubi kuchayadi. Shu yo'nalishga asoslangan Gyote boshliq Veymar teatri nemis sahna san'ati rivojida katta ahamiyatga ega bo'ldi. Ulkan san'atkor bo'lganligidan Gyote fransuz klassitsizmiga mutelarcha taqlidchi bo'lib qolmadi. Aslini olganda, u klassitsizm uslubiga moslangan ma'rifatparvarlik realizmi yo'nalishida ish ko'rgan edi. Gyote bir xil rollarni ijro etishusuli, «amplua»ni tan olmadi, u lanj, loqayd kimsalar rollarini shijoatli aktyorlarga ham beraverdi. Bu bilan u o'zidan uzoqlashib, o'zgalar qiyofasiga kirish usulini ko'zlar edi. Uning teatri repertuari klassitsistik tragediyalar qatori Shekspir, Shiller, Kalderon,. Gotssi va boshqa jahon dramaturglari asarlariga asoslangan edi. Muhimi, repertuarda shoirona ruhdagi asarlar bo'lishi kerak edi. Veymar teatri aktyorlari Germaniyada she'rni eng yaxshi o'qiydigan kishilar bo'lishgan. Ularning ulug'vor, biroz tantanavor nutqiy ifodalari shoirona ruh bilan uyg'unlashib, teatrni chin nafosat gulshaniga aylantirgan edi. Gyotening san'ati zamon ruhiga va jahoniy o'zgarishlarga mos bo'lib tushdi.

Lekin shu bilan birga, Veymar sahnasi eski klassitsizm teatriga xos shakl va aqidalardan xoli emas edi. Bu Gyote tuzgan «Aktyorlar uchun qoidalar»da o'z izini qoldirdi. Bu risolada klassitsizmning qoida va amaliyotini chuqur bilgan san'atkorning qarashiarigina emas, Lessingning nazariy qarashlari ham o'z ifodasini topgan.

XVIII asr teatr san'ati ma'rifatparvarlik tafakkuri tug'ila boshlagan palladan dramaturgiya va aktyorlik san'atining noyob namunalari yaratilgunga qadar bo'lgan g'oyat boy taraqqiyot yo'lini bosib o'tdi. Bu ijodiy kashfiyotlar avlodlar xotirasida abadul-abad muhrlandi va ular sahna san'atining kelajak ravnaqi uchun mustahkam poydevor bo'lib qoldi.

Nemis teatrida romantizm oqimi o'z falsafiy qamrovdorligi bi­lan ko'zga tashiandi. Nemis romantizmining estetik tamoyillari Veymarga qo'sni Lyen shahrida XVIII asrning oxirlarida tarkib top­gan «Iyen to'garagi» doirasida shakllangan. O'z asarlarida roman­tizm nazariyasini ishiab chiqqan aka-uka Avgust Vilgelm Shlegel (1767-1845) va Fridrix Shlegel (1772-1829) iyenlik romantiklarning asosiy nazariyachilari sifatida maydonga chiqadilar.

Nemis romantiklari, klassitsizm va ma'rifatparvarlik realizmiga xos aql-idrok ustuvorligi uzluksiz o'zgaruvchan voqelik tasviriga xalaqit beradi, deb bu badiiy uslublarni qabul qilmadilar. Ular F. Shellingning inson ruhining erkinligi haqidagi falsafiy qoidasiga suyanib, san'atning har qanday chekinishdan xoli, mutlaqo erkin bo'lishi qoidasini olg'a surdilar.

Nemis romantiklarini insoniyatning badiiy takomili jabhasiga alohida qiziqib qaragan birinchi adabiyot tarixchilari deb hisoblash mumkin. Ular moziyga nazar tashlab, o'z ildizlari, avvalo, xalq ijodi — ertak, xalq qo'shiqlari, o'rta asr rivoyatlariga borib taqalishini angladilar.

Romantiklar Shekspirni o'zlarining bevosita o'tmishdoshlari deb qabul qildilar. Shekspir asarlariga xos badiiy tasavvur erkinligi, beandoza muloqot va to'qnashuvlar, o'zaro uyg'unlik va ma'no ko'lamdorligi romantik san'atga yaqin edi. XIX asrning boshlarida Germaniyada Shekspirga nisbatan o'ziga xos sig'inish pallasi ro'y beradi. Nemis romantiklari Shekspirni o'z «zamini»dan ajratgan holda bo'lsa-da, Shekspir asarlarini qayta tarjima qilib, Ovro'po sahnasiga buyuk dramaturg asarlarini o'z holida qaytardilar.

Nemis romantiklari muayyan adabiy davralar xalq ijodi an'analari, tarixiy va afsonaviy sujetlarga alohida qiziqish bilan qaradilar. Ma'rifatparvarlik asri insoniyat idrokiga singdirib kelgan ezgulik ideallari bilan Germaniyadagi real borliq orasida mudom keskin, ko'ngilsiz ayirma paydo bo'lgan edi. Shu hol zamonaviy voqelikdan qochish, taxayyul (fantaziya) va xayol olamiga ro'ju qo'yishni taqozo etdi. Lekin bu nemis romantiklari asarlarida hayot voqeligi aks ettirilmadi, degan ma'noni anglatmaydi. Ularning asar­larida zamonaviy borliq romantizmga xos tarzda kinoyaviy usullar orqali ifodalandi.

Kinoya nemis romantizmining muhim badiiy ifoda omili hisoblanadi. Kinoya borliq olamning pinhoniy, ichki mohiyatini ochishni taqozo etadi. Bu esa voqelikka nisbatan yangicha qarash va uning nisbiyligini, demakki, o'zgarishga yuz tutish imkonini anglashga olib keladi.

Romantizm uslubi dramaturgiya va teatr sohasida klassitsizm aqidalariga zarba berish va yangicha sahna haqiqati tamoyillarini qaror toptirishni talab etdi. Lyudvig TIK birinchi romantik dramaturg sifatida maydonga chiqadi. Genrix fon Kleyst esa nemis ro­mantik dramaturgiyasining eng porloq bosqichini belgilab berdi. Romantik yo'nalishning atoqli aktyorlari — Iogann Fridrix Flyok va nemis sahnasining «Edmund Kini» — Lyudvig Devriyent nemis sahnasiga jo'shqin his-ehtiroslar to'lqinini olib kirdilar.

LYUDVIG TIK (1773-1853-y.)

Lyudvig Tik teatr tarixchisi, tarjimon, rejissyor va bir qator pyesalar muallifi bo'lish bilan birga nemis romantik dramaturgiyasi va teatri tarixidan nufuzli o'rin olgan dramaturglar sanog'ida turadi.

Tik butun umrini adabiy va teatr ijodiga qaratgan zot edi. Ko'pgina romantiklar qatori Tik ham xalq ijodi va ko'hna nemis adabiyotiga alohida qiziqish bilan qaraydi. U nemis ertaklarini ro­mantiklar ruhida qayta ishlab, ularni nashr ettiradi. Nemis «Xalq ertaklari» deb atalmish kulliyotlar ham uning e'tiboridan chetda qolmaydi. U XV—XVII asrlarda ijod qilgan nemis dramaturglari asarlarini to'plab o'rgandi va keyinroq ular «Nemis teatri» nomi bi­lan to'plam tarzida nashr etiladi. Tikning “Ko'hna ingliz teatri” degan kitobi ham uning o'tmish teatr hayotiga qiziqib qaraganligidan dalolatdir.

Nemis romantiklariga xos to'pori va g'arib kundalik hayotdan uzoqlashish hususiyati Tik asarlarida yaqqol aks etgan. Bunga u ertak-pyesalarda real borliq bilan teatr tomoshasi, maishiy turmush bilan taxayyur chegaralarini bir-biriga tutashtirish orqali erishdi.



Etik kiygan mushuk” (1797) va «Olamning pala-partishligi» (1799) pyesalarida, masalan, ishtirokchi kimsalar badiiy timsollik holatidan chiqib, dab-durustdan sahna ishchisi bilanmi, asar muallifimi, tomoshabin bilanmi muloqotga kira boshlaydi. Odatda, tomosha davomida sahnada ro'y beruvchi «ishkalliklar» oraga tushib, sannaviy holatni buzishga olib keladi. Shu usul bilan muallif tasvir-lanuvchi hayot voqeligiga nisbatan o'z kinoya va istehzoli munosabatini ifoda etadi.

Shu ma'noda Tikning «Bolalar uchun ertak» deb ataluvchi «Etik kiygan mushuk» pyesasi juda ibratli. Bu odatdagicha boyvachchalar, zodagonlar didiga mo'ljallangan asarlardan farqli o'laroq, keng doira teatr ishqibozlariga qaratilgan g'ayriodatiy komediya edi. Ayni paytda u teatr romantizmning romantik kinoya qoidasini amalda tasdiq etuvchi dasturiy asar hamdir. Undagi voqealar romantiklar alohida ko'ngil qo'ygan «teatrda teatr» ifoda usuli asosiga ko'rilgan. Sahnada teatr sahnasi va tomoshabinlar zali: voqea bir vaqtning o'zida zalda ham, sahnada ham davom etadi; sahnada etik kiygan mushuk haqida ertak namoyishkorona ravishda o'ynaladi; soddadil, lekin qovoqbosh bechora hol Gotlib meros olish o'rniga mushuk oladi. Mushuk bo'lganda ham biroz olg'irligi bo'lsa-da, turgan-bitgani aql, amali zo'r mushuk edi. Mushik o'ziga bashang etik tiktirib berilishini so'raydi, shundan so'ng u er­tak syujeti bo'yicha noshud xo'jayini ishini o'nglashga kirishadi. Kishilar ko'zi tushishi bilan quti o'chadigan, o'z mahramlarini ezib adoyi-tamom qilgan Olabuji tengsiz imkonini ko'z-ko'z qilib, turli qiyofalarga kiradi, lekin behosdan sichqonga aylanib qolganini o'zi ham sezmaydi. Shu on mushuk bir tashlanadi-yu, uni gumdon qiladi. Asfalasofinga ketgan zulmkorning martabasi-yu,' boyligi Gotlibga o'tadi. Bu hodisaga mushuk «Endi Gotlib misolida bosh-qaruv tizg'ini uchinchi tabaqa (burjua) qo'liga o'tdi” deya istehzoli so'z qotadi. «Demak, bu inqilobiy pyesa ekanada» deya to­moshabinlar baqirib xushtak chalib, yer tepinib o'z noroziligini bildiradilar.

Lekin bu yerda inqilobdan asar ham yo'q edi. Ovsar Gotlib malikaga uylanadi, yangi qirol yaxshi xizmatlari uchun mushukni orden bilan mukofotlaydi va dvoryanlik unvonini beradi.

Tomosha davomida sahnadagi tomoshabin pyesa voqeasiga aralashib, unda goh hayotiy haqiqat yo'qligi, goh pand-nasihat unutilganligini aytib g'ovg'o ko'taradi, tomosha alg'ov-dalg'ov tusga kiradi. Quti o'chgan muallif sahnaga chiqqanicha niyatini tushuntira ketadi, aktyorlar qo'rquvdan suflyor so'zini eshitolmay dovdiraydi, ishchilar sahna pardasini beo'rin yopib, yana muallifni gapga qoldiradi.

Pyesa siyosiy musohabadan ham holi emas. Unda muallif nazarida biron-bir o'zgarishga yo'l ocholmagan fransuz inqilobi haqida sha'malar eshitilib turadi. Uchinchi tabaqa vakili Gotlib obrazi kinoyaviy usulda chizilgan. Fikr-o'yi taralabedodlik bilan band zodagon tomoshabinlarning to'rachilik kayfiyati xajv ostiga olinadi.

Turmush ikir-chikirlari tasvirining «ayoliy tasavvur bilan qorishiq holda kelishi, ko'tarinki orzu-istak va kinoya uyg'unligi, adabiy teatrga xos masharaomuz ifoda usullari Tik pyesalari Gotsining pyesa-ertak «fyablari» bilan yaqinligidan dalolat beradi. Tik yangi teatr tasvirchilik vositalarini ishlab chiqadi. U teatrning shartlilik tabiatiga asoslanadi. “Teatrda teatn” jozibadorligini ko'rsatish mahoratida bo'lg'usi rejissura ustasining yo'li va teatr nazariyachisining o'tkir zakovati ko'rinib turardi. Tik tomonidan sinchkovlik bilan ishlanib, amalda qo'llanilgan teatrga xos tomoshaviylik usuli estetik tamoyil tarzida dramaning keyingi rivojiga o'z ta'sirini ko'rsatdi, 1799-yildan Tik ijodining ikknichi bosqichi boshlanadi. Bu davrda XV-XVI asrlar nemis xalq kitoblari asosida yaratilgan «Avliyo Genovevaning hayoti va o'limi» (1800), «Imperator Oktavian» (1804), «Fartunat» (1816) pyesalari diniy sujetlar tasviriga qaratilgan. Bulardan birinchisi eng mashhuri bo'lib, unda o'rta asr miraldi, shaklida avliyo. Genoveva hayoti tasvir etilgan. Asarda katolikchilik ruhi, o'rta asr davriga ihlosmandlik tuyg'usi ufurib turadi. «Avliyo Genovevaning hayoti va o’limi» diniy o'git ruhidagi asargina emas. Unda xalq kitobidan olingan oddiygina lavha ko'hna rivoyat tarzida tasvir etilgan. Pyesada diniy ohang ixlos qo'yishga qaratilgan tashxis tarzida namoyon bo'ladi.

Tik pyesalar yozish bilan birga o'zini rejissyor sifatida ham ko'rsatgan. 1819-yildan u Drezden teatrining badiiy rahbarligi vazifasini egallaydi. Tik teatrning nimaligini «His-ehtiroslar epkini, buyuklik va yuksaklik, hayrat va dilkusholik» vositasida kishini o'ziga rom etuvchi badiiy tasavvur tarzida ta'riflaydi. Tikning fikricha, bunday maftunkorlikka klassitsizmga xos ohangdorlik va va'z usuli o'rnida tabiiy hayotiy nutq asosida o'zaro uyg'un harakat qilish orqali erishish mumkin. Uning talabiga ko'ra, spektakl shartlilik asosida bezalishi, tomoshabin diqqatini aktyordan chalg'itmaslik uchun orqaga gilam tortib, spektakl ko'rsatish lozim. Teatr liboslari ham shu kabi shartli umumlashgan tarzda bo'lishi mumkin. Tik ak­tyor bilan tomoshabin orasida o'zaro: uyg'unlik yaratgan Shekspir davri teatrini eng ibratomuz teatr deb hisoblagan.

Tik teatr faoliyatining ahamiyati uning teatrda romantizm estetikasi tamoyillarini tasdiqlashi bilan izohlanadi. Atoqli adib va dramaturg Kleys esa o'z pyesalari orqali nemis romantik dramasining repertuardan o'rin olib, nemis sahnasida uzoq vaqt davomida hukm surishini ta'min etib berdi.



XIX asrning birinchi yarmida nemis teatri o'ta beqarorlik vaziyatini boshdan kechirdi. Shunga qaramay, XVIII asrning oxirlarida aktyorlik san'atida ko'rina boshlagan yangi tamoyillar romantik ijro usulining shakllanishiga olib keldi. Bu yo'nalishning asoschisi, Shryoderning shogirdi bo'lmish Yogann-Fridrix Flyok Berlin teat­rida kechgan 18 yillik faoliyati davomida Lir, Makbet, Sheylok, Otello, Karl Moor kabi rollarni ijro etish orqali nemis sahnasida Shekspir qahramonlariga romantizm ruhida yondashuv tomoyillarini belgilab berdi. «Shekspirning fojeiy qahramonlarida mavjud bo'lgan qochirim, kinoyaviy o'rinlar, -deb yozgan edi dramaturg Tik, — Flyok ijrosida ajib bir tarzda bo'rtib ko'rinib turadiki, han-gomavashlik bilan jiddiylikni dadilona uyg'unlashtirishdek bu g'alati salohiyat Flyokning buyukligini ko'z-ko'z qilib turadi».

Foydalanilgan manbalar:

1. Karimov I. A. Tarixiy xotirasiz kelajak yo`q. T., “Sharq”. 1998.

2. Karimov I.A. Yuksak manaviyat yengilmas kuch. T., “Ma`naviyat” 2008.

3. Karimov I.A. Jahon moliyaviy – iqtisodiy inqirozi , O`zbekiston sharoitida uni bartaraf etish yo`llari va choralari. T., “O`zbekiston” 2009.

4. Karimov I.A. O`zbekiston buyuk kelajak sari. T., «O`zbekiston» 1998.

5. Всемирная история в 12 томах. т. 6-12. М. 1960.

6. История Франция. в 3 томах. М., 1972-1973 гг. 1-2 т.

7. Желубовская Э.А. Крушение второй империи и возникновение Третьей республики во Франции М., 1956.

8. Jahon tarixi. T., «Meros» 2004.

9. Yangi tarix III-q. T., «O`qituvchi» 1969.
Yüklə 22,85 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin