4-bob. Tashkilot rahbarining va Xizmat xodimlarining faoliyatni tashkil etish bo‘yicha majburiyatlari 19. Ish beruvchi (tashkilot rahbari):
mazkur Nizomda belgilangan hollarda va tartibda Xizmatni tashkil etishi;
Xizmat xodimlari o‘z vakolatlari va funksiyalarini bajarishi uchun zarur bo‘lgan sharoitlarni yaratib berishi;
Xizmat xodimlarining ish joylarini alohida xonada tashkil etishi, ish xususiyatlarini hisobga olib, zamonaviy idora texnikasi, xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarini tezkor nazorat qiluvchi zarur asboblar, texnik aloqa vositalari bilan ta’minlashi va tashrif buyuruvchilarni qabul qilish uchun jihozlashi;
Xizmat funksiyalarini amalga oshirish uchun (o‘qitish, yo‘l-yo‘riq berish, seminarlar, ma’ruzalar, ko‘rgazmalar o‘tkazish) mehnatni muhofaza qilishga oid zarur normativ huquqiy adabiyotlar va ma’lumotnomalar bilan jihozlangan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha xonasini tashkil etishi;
Xizmat xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish talablari yuzasidan muntazam malaka oshirishini va bilimlarini tekshirishni tashkil etishi;
qonun hujjatlari va mazkur Nizom talablariga muvofiq xodimlar qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan o‘tishini ta’minlashi, o‘qish davrida ularning o‘rtacha ish haqini saqlab qolishi;
mehnatni muhofaza qilish sohasida xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga jamoa kelishuvi, jamoa shartnomasi va boshqa lokal normativ hujjatda belgilanadigan miqdorda zarur mablag‘larni ajratishi majburdir.
Xizmat xodimlari mehnatni muhofaza qilish sohasida xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish borasida chiqimdor bo‘lmaydilar.
20. Xizmatning boshlig‘i:
Xizmatga rahbarlik qiladi, xizmatning ishini rejalashtiradi va tashkil etadi;
Xizmat xodimlarining lavozim yo‘riqnomalarini ishlab chiqadi;
Xizmatga yuklangan vazifalar va funksiyalarining samarali hamda sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgardir, hisobot taqdim etilishi uchun javob beradi;
tashkilotda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tarkibiy bo‘linmalarining ishlarni muvofiqlashtiradi;
Xizmat vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan taqdim etilgan hujjatlar, xatlar, takliflar, arizalarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi;
Xizmatga kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarni rag‘batlantirish yoki o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmagan xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash to‘g‘risida ish beruvchiga takliflar taqdim etadi;
mehnatni muhofaza qilishga oid talablariga rioya etilishi yuzasidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlariga mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha ma’lumot, axborot, materiallar taqdim etilishini ta’minlaydi.